2.3. O‘zbek tilidagi fe‘l nisbatlarida pleonazm va u haqida mulohazalar. Bugungi kunda tilimizda uchraydigan bir so'z tarkibida sinonim qo'shimchalarning ketma-ket kelishi va aynan bir qo'shimchaning ketma-ket holda birdan ortiq qo'llanilish holatlariga ko'p duch kelamiz. Tilshunoslikda bu hodisa pleonazm deb yuritiladi. Xuddi shu qo'llanilish usuli ko'plab bahslarga sabab bo'lmoqda. Men ham bu ,,muammo" atroflicha yondashgan holda o'z takliflarimni berishga harakat qildim. Balkim, bu taklif va mulohazalar tilimizda bu chigallikni biroz bo'lsada yechim topishiga asos bo'lib xizmat qilar. Asosiy qismga o'tishdan oldin pleonazm so'ziga oydinlik kiritib olsak maqsadga muvofiq bo'ladi. Pleonazm so'zi yunoncha (pleonasmos) so'zidan olingan bo'lib, ,,ortiqchalik" degan ma'noni ifodalaydi. Tilshunoslikda bu so'z bir xil yoki sinonim til birlikilarining ketma-ket takrorlanishiga nisbatan aytiladi. Masalan: singlisi, shunisi, buvijonginam kabi. Pleonazm til birliklarining turiga ko'ra 3 turga bo'linadi: 1) leksik pleonazm, 2)affiksal pleonazm va 3) leksik-affiksal pleonazm. Pleonazmning asosiy belgisi shundaki, takrorlangan yoki ketmaket kelgan ma'nodosh til birliklarining biri ortiqcha bo'ladi. Men aynan affiksal pleonazm (qo'shimchalarning ketma-ket takror holda ishlatilishi)ning fe'l nisbatlari qo'llanilishidagi o'rniga to'xtalmoqchiman.Hammamizga ma'lumki, fe'lning orttirma nisbat shaklini yasovchi qo'shimchalar fe'lga qo'shilganda ish-harakatning biror bir shaxs tomonidan boshqa bir shaxs orqali bajarilganini ko'rsatadi. Ba'zi hollarda bu qo'shimchalar takror holda qo'llanadi. Bunga misol tariqasida ,,o'ynattir", ,,to'shattir" so'zlarini keltirishimiz mumkin. Bu so'zlarda orttirma nisbatdagi fe'l shaklini yasovchi o'zaro sinonim bo'lgan ,,-t" va ,,-tir" qo'shimchalari bir so'zda ketma-ket keladi. Ne'mat Mahkamov ba'zi so'zlarda fe'lning orttirma nisbat qo'shimchalarining takrorlanishini A.Hojiyevning ,,Harakat bajaruvchisining birdan ortiq bo'lishi ko'plik formasi va birgalik daraja formasidagina ko'rinadi" degan fikirlariga asoslanib pleonastik qo'llanish deb hisoblaydi. Biz bu fikrdan ancha yiroqmiz. Bizningcha, bir so'zda ketma-ket kelgan bu nisbat qo'shimchalari o'zaro sinonim qo'shimchalar bo'lsa-da, ular qo'shilgan so'zning konnotativ ma'nosini turli darajada boyitadi. Birgina ,,o'qittir" so'zi misolida oladigan bo'lsak, quyidagicha morfemik tasnifga ega bo'lamiz: o'qi+t+tir=o'qittir. Biz ,,o'qittirmoq" so'zi orqali bir shaxs tomonidan boshqa bir shaxs orqali uchinchi bir shaxs ustida ish-harakat amalga oshirilishi anglaymiz. Agarda, ,,-tir" nisbat qo'shimchasini olib tashlaydigan bo'lsak, ongimizda ,,o'qittirmoq" so'zi orqali paydo bo'ladigan uchta shaxslardan birini yo'qotamiz, aniqrog'i, miyamizga ikkita obyekt haqida signal boradi3. Misol uchun ,,Sevinchning otasi unga ukasini o'qittirdi" gapida ish-harakat uchinnchi obyekt ustida ikkinchi obyekt tomonidan birinchi obyekt ta'sirida bajarilganini tushunamiz. ,,Sevinch ukasini o'qitdi" gapida esa ish-harakat ikkinchi obyekt ustida birinchi obyekt ta'sirida yuzaga chiqqanini ko'rishimiz mumkin. Yuqoridagilardan shuni xulosa qilishimiz mumkinki, orttirma nisbatdagi fe'llarda uchraydigan va hozirgacha pleonazm hodisasi deb hisoblab kelingan bu holat aslida sinonim qo'shimchalarning turli vazifada turli ma'nolarni ifodalab kelishidir.
Yuqoridagi kabi qarashlar nafaqat orttirma nisbatdagi so'zlarga, balki, birgalik nisbatdagi so'zlarga nisbatan ham mavjud. Ba'zi tilshunoslar jumladan, Ne'mat Mahkamov ham, birgalik nisbat affikkslari ham pleonastik qo'llanilishi mumkin deb hisoblashadi. Fikrlarining isboti sifatida ,,so'zlashishdi", ,,o'ynashishdi", va ,,tortishishdi" kabi so'zlarni misol qilib keltirishadi va bu so'zlardagi birinchi birgalik nisbat suffiksining o'z ma'nosi sezilib tursa ham, bugungi kunda nol, ya'ni bosh shakl hisoblanadi degan g'oyani o'rtaga tashlashadi. Mening nazarimda, yuqorida keltirilgan bu tushunchalar haqiqatdan biroz yiroq. Ta'kidlab o'tilganidek, pleonazm qoidasiga ko'ra, pleonastic qo'llangan qo'shimchaning biri olib tashlanganda ham so'z ma'nosi o'zgarishga uchramasligi lozim. Agarda, yuqorida keltirilgan misollardan bitta birgalik nisbat qo'shimchasini o'chirib o'qiydigan bo'lsak, biz birnchi marotaba o'qiganimizda anglagan ma'nomizni emas boshqa ma'noni tushunamiz. Misol uchun, ,,Anvar va Lobar ko'rsatuv davomida so'zlashishdi" ga'pidan Anvar va Lobarlarning bir-biri bilan ko'rsatuv davomida so'zlashishganligi haqidagi ma'no anglashiladi. ,,Anvar va Lobar ko'rsatuv davomida so'zlashdi" gapidan esa ularning shunchaki so'zlashganligi haqidagi ma'lumotni olishimiz mumkin va bugapda ular kimga gapirishganligi haqidagi informatsiya mavhumligicha qoladi. Xuddi shunday, ,,Bolalar o'zlarining sinf rahbarlari bilan o'ynashishdi" va ,,Bolalar o'zlarining sinf rahbarlari bilan o'ynashdi" gaplari ham bir biridan farq qiladi. Birinchi gapda ,,jig'iga tegishdi" degan salbiy bo'yoqqa ega ma'no anglashilsa, ikkinchi gapda ,,o'yin o'ynashdi yoki raqsga tushishdi" degan ma'no ifodalanadi. Shu o'rinda, ,,tortishishdi" so'ziga alohida to'xtalib o'tishimiz lozim. Hammamizga ma'lumki, ,,tortmoq" fe'li biror bir narsani qo'l bilan tortish, oldinga boshlash kabi ma'nolarni beradi. Lekin, ,,tortishmoq" fe'li orqali bahslashish ma'nosi tushuniladi. Shuni inobatga olgan holda ,,tortishishdi" so'zidagi birinchi ,,-ish" affiksi so'z yasovchi qo'shimcha deb hisoblashimiz mumkin va ishonch bilan bu so'zda ham pleonastik qo'llanish hodisasi yo'q deb ayta olamiz.Yuqorida keltirilgan fikrlardan shuni xulosa qilishimiz mumkinki, pleonazm hodisasi hisoblanadigan fe'llardagi nisbat qo'shimchalari aslida ko'p ma'noli va omonim qo'simchlarning ketma-ket holda qo'llanilishidir.