2. Turizmda milliy parklarni xaritalashtirish asoslari Milliy parklar. Milliy park tushunchasi, uning vazifalari va milliy parklardan turizm va rekreatsiyada foydalanish bo‘yicha birinchi-1933-yil Londonda “Afrika flora va faunasini muhofaza qilish Konvensiyasi” da qabul qilindi.1940 yili Dehlida milliy parklarning hozirgi ta’rifi berildi.
Milliy parklar milliy va xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan betakror tabiatni va tabiiy landshaft obektlarini, ekologik tizimlarni muhofaza qilish va ilmiy, rekreatsiya, dam olish, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan va qo‘riqlanadigan hududlar hisoblanadi.
Milliy parklarning tarkibiy ta’riflari quyidagi tavsiflardan iborat;
Inson xo‘jalik faoliyati aralashmagan bir yoki bir necha ekologik tizimlardan iborat bo‘lgan tabiiy majmualar yig‘indisi;
O‘simliklar va hayvonot dunyosi bioxilma-xilligi o‘zining turli-tuman va alohida etnik xususiyatlarga egaligi alohida ilmiy-amaliy qiziqishga ekanligidan muhofaza qilinadi;
Mahalliy tabiiy landshaftlar faqat shu hududlarni egallagan bo‘lib o‘zining betakror chiroyiga ega;
Ekologik, geomorfologik va estetik belgilari uchun davlatning alohida muhofazasidagi hududlarga aylantirilgan;
Milliy parkga ilmiy tadqiqotlar va tabiatni o‘rganish maqsalarida kirishga ruxsat beriladi.
Milliy parklardan(davlatlarning qarori bilan) dam olish va rekreatsiya, turizm maqsadlarida foydalanish mumkin.
O‘zbekistonda milliy parklarni xalq bog‘i, davlat milliy tabiat parki deb atashmoqda. Bu nomlanishlar jahondagi milliy parklardagi tabiat muhofazasi va milliy parklardagi biologik xilma-xillikni saqlashning ustuvor tomonlarini o‘rganish davrlarida berilgan edi(o‘tgan asrning 70 yillari).
Biz mevali daraxtzorlarni bog‘ deymiz. Milliy parklar haqidagi xalqaro ilmiy-amaliy tadqiqotlarda hamkorlik qilish ishlarida bu atamalar biroz tushunmovchiliklar keltirib chiqaradi. Chunki, xalqaro miqyosda milliy parklarning belgilangan nizomi va maqomi bir xil talablarda bo‘lib bu talablarni hamma davlatlar qabul qilishgan. Ikkinchidan, bizdagi xalq bog‘i va davlat milliy tabiat parkining nizom va maqomlari(statusi) jahondagi milliy parklarning nizomi va maqomidagi ko‘plab bandlarining talablariga javob beraolmaydi.
Keltirilgan mulohazalar bo‘yicha biz ham milliy bog‘larimizni xalqaro miqyosdagi atama bilan milliy parklar deb nomlashga o‘tishimizni talab qilayapti. Chunki, ilmiy adabiyotlarda va ilmiy ommabop manbalarda ko‘pincha xalq bog‘i emas milliy park atamasi ko‘proq ishlatilmoqda. O‘zbekistonda chop qilinayotgan maqolalar va adabiyotlarda milliy parklar turlicha nomlanmoqda. Fikrimizcha, mutaxassislar va olimlar bu haqda yagona xulosaga kelishlari lozim.
O‘zbekiston Respublikasida hozirgi kunga kelib 4 ta milliy parklarimiz bor; 1.Zomin milliy parki; 2.Ugom-Chotqol milliy parki; 3.Zarafshon milliy parki.4.Sarmishsoy milliy parki.
Zomin milliy parki. Turkiston tizma tog‘larining hududlaridagi Qizilmozorsoy, Ko‘lsoy, Supa, Chortangi, Sharilloq, Qashqasoy, O‘rikli soylari bu tog‘larning eng xilma-xil tabiiy archazor o‘rmonlari bilan qoplangan.
Zomin milliy parki Jizzax viloyati, Zomin tumanidagi Zomin tog‘–o‘rmon qo‘riqxonasi tegralarida betakaror tog‘-archazor o‘rmonlarini saqlash, muhofaza qilish va rekreatsiyali maqsadlarda o‘zlashtirish uchun 1976 yilning 8-sentabrida ochildi. Bu milliy bog‘ ma’muriy jihatdan Jizzax viloyatining Zomin tumani hududida Pomir-Oloy tog‘ tizmasiga kiruvchi Turkiston tog‘ tizmasining G‘arbiy qismida, Molguzar tog‘ining g‘arbiy yon bag‘rida joylashgan bo‘lib, uning maydoni 24110 gektarni tashkil etadi. Shundan, o‘rmonli yerlar-16783 ga, to‘liq o‘rmon bilan qoplangan yerlar-12130 ga.
Milliy parkning dunyo miqyosida takrorlanmas bo‘lgan boyligi shifobaxsh archa o‘rmonlaridir. Archazorlar tabiiy-iqlimiy o‘sish sharoit lari va geografik vertikal poyaslar(qavat)bo‘yicha quyidagicha joylashgan;
Dengiz sathidan 1700-2300 metr balandlikda- Zarafshon archasi;
Dengiz sathidan 2300-2500 metr balandlikda yarimsharsimon archa;
Dengiz sathidan 2500-3300 metr balandlikda Turkiston archasi.
Milliy parkda g‘oyat noyob va xilma-xil hayvonot dunyosi yashaydi. Bu tabiatda qushlarning 134 ta turi,sut emizuvchilarning 37 ta turi, sudralib yuruvchilarning 37 ta turi ro‘yxatga olingan. Qo‘riqxonadagi turkiston silovsini, oq tirnoqli ayiq, sibir echkisi O‘zbekiston Respublikasining «Qizil kitob»iga kiritilgan. «Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi» va YUNESKO ning «Qizil kitob»iga, Turkiston silovsini, oq tirnoqli ayiq, soqolli burgut, burgut, qirg‘iy va qora laylak kiritilgan.
Milliy parkda o‘simliklar olami ham nihoyatda boy va biologik xilma-xillikka ega hisoblanadi. Bu hududlarda 59 oilaga mansub,312 turkumga kiruvchi 660 tur gullovchi yuksak o‘simliklar o‘sadi. Bu o‘simliklarning 13 turi O‘zbekiston Respublikasining «Qizil kitob»iga kiritilgan. Shundan 48 turi endemiklar (faqat shu hududlarda o‘sadi) hisoblanadi, 400 turi foydali o‘simliklardir (dorivor, shifobaxsh o‘simliklar–119 tur, yem-xashak–88 tur, manzarali–57 tur, oshlovchi–49 tur, ozuqabop– 42 tur, zaharli–35 tur,buyoqbop–10 tur, efir moyli–14 tur, yelim beruvchi–3 tur,yog‘li–3 tur, ziravor–5 tur).