I BOB. PERSONALNI BOSHQARISH ASOSLARI 1.1. Personalni boshqarishning mohiyati, maqsad va vazifalari, tamoyillari hamda uning tashkiliy tuzilmasi Mamlakatimizda bozor munosabatlari tarkib topishi
personalni boshqarish tizimida bir qator vazifalar amalga
oshirilishini nazarda tutadi. Jumladan, korxona va tashkilotlarning
bozor iqtisodiyoti sharoitida o‘z mavqelarini saqlab qolishi,
ularning raqobatbardoshliligini ta’minlash, ishlab chiqarish
samaradorligini oshirish maqsadida personalni boshqarish
sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarning ilmiy
va amaliy usullari to‘g‘ri tanlanishini talab etadi.
Rejali boshqaruv amaliyotida «personalni boshqarish»
tushunchasi yo‘q edi. Lekin, har bir korxona va tashkilotda
kadrlar boshqaruv tizimi va jamoani ijtimoiy rivojlantirishning
funksional kichik tizimi mavjud edi.
Korxona va tashkilotdagi kadrlarni boshqarish bo‘yicha
asosiy tarkibiy bo‘linma kadrlar bo‘limi bo‘lib, unga kadrlarni
ishga qabul qilish va bo‘shatish, shuningdek, o‘qitish, malakasini
oshirish va qayta tayyorlash sohasidagi vazifalar yuklanar edi.
Ayni paytda, kadrlar bo‘limi tarkibiy jihatdan mehnatni tashkil
etish va ish haqi bo‘limlari, mehnatni muhofaza qilish va
xavfsizlik texnikasi bo‘limlari, kadrlarni boshqarish vazifalarini
bajaradigan xususiy bo‘limlar va boshqa bo‘linmalar bilan
tarqoq holda ish olib borardi. Shu sababli ham, kadrlar bo‘limi
xodimlarni boshqarish va ularga me’yoriy ish sharoitlari yaratib
berishni ta’minlash sohasidagi bir qator vazifalarni bajarish
imkoniyatiga ega emasdi. Mamlakatimizda bozor iqtisodiyoti
8
chuqur ildiz otib borayotgan hozirgi davrda personalni
boshqarish sohasida
«Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» ga
muvofiq qator yangi talablar yuzaga keldi. Ular orasida eng
muhimlari: ya’ni,
ijtimoiy-psixologik diagnostika; guruhlarda o‘zaro shaxsiy munosabatlarni, rahbarlik munosabatlarini tahlil qili sh va tartibga solish; ishlab chiqarish va ijtimoiy ixtiloflarni hamda stresslarni bartaraf etish; kadrlar boshqarish tizimini axborot bilan ta’minlash; ish bilan bandlikni boshqarish; bo‘sh lavozimlarga nomzodlar tanlash va baholash; kadrlar potensiali va xodimlarga bo‘lgan ehtiyojlarni tahlil qilish; kadrlar marketingi; xizmat martabasini rejalashtirish va nazorat qilish; xodimlarning kasbiy va ijtimoiy-psixologik moslashuvi; mehnat jarayonidagi motivlar va sabablarni boshqarish; mehnatning huquqiy munosabatlari masalalari; mehnat psixofiziologiyasi, ergonomikasi va mehnat etikasidan iboratdir.
«Personalni boshqarish» fanining predmeti korxonalarning
samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash va ishlovchilar
ehtiyojlarini qondirish maqsadida personalga maqsadga muvofiq
ta’sir ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan bilimlar tizimidir.
Ushbu kursni o‘rgatishdan maqsad-talabalarda personalni
boshqarish ilmini amaliyotda qo‘llay biladigan darajadagi
ko‘nikmalar hosil qilishdan iborat. U talabalarda ishlab
chiqarishdan ko‘zlangan maqsadga erishishni ta’minlovchi
personalni boshqarish bo‘yicha nazariy va amaliy professional
bilimlarni shakllantirishga yo‘naltirilgan. Ya’ni, «Personalni
boshqarish» fanining mazmuni korxona xodimlarini boshqarish
usullari va tamoyillarini, bu boradagi nazariy va amaliy
masalalar tizimini; tashkiliy shakllarini ishlab chiqish va tatbiq
etish jarayonlaridan iborat.
Ushbu «Personalni boshqarish» kursi bo‘yicha tuzilgan
namunaviy dasturda nazariy faoliyatda uchraydigan
9
muammolarning mazmun mohiyati ochib berilishiga asosiy
e’tibor qaratilgan.