3. Til, yozuv, ta’lim tizimi. Qadimgi misrliklarning tili va yozuvi ming yillik tarix davomida o`z taraqqiyotining 5 bosqichini bosib o`tdi:
1. Qadimgi podsholik davridagi til;
2. O`rta Misr klassik tili (bu tilda noyob adabiy asarlar yaratilgan);
3. Yangi Misr tili (er. avv. XIV-VIII asrlar);
4. Demotik til (er. avv. VIII-eramizning V asri);
5. Kopt tili (III-VII asrlari).
Qadimgi podsholik aholisi tilini Yangi podsholik aholisi tushunmagan. Misr tili chetga chiqmagan. Eramizning III asridayoq qadimgi Misr tili o`lik edi. Uning o`rniga yangi kopt tili keldi. VII asrda kopt tilini arab tili siqib chiqardi. Hozirgi kunda Misrda faqat 4,5 mln kishi kopt tilidan foydalanadi.
Misr yozuvi er. avv. IV ming yillik oxirida rasm-yozuv, piktografiya asosida kelib chiqdi. Faqat O`rta podsholik davriga kelib rivojlangan yozuvga aylandi. Er. avv. II ming yillikda 700 iyeroglif keng ishlatilgan. Yozuv uchun material sifatida tosh (inshoot, sog`ona, haykallar), loy taxtachalar (ostrakon), yog`och, charm va papirus xizmat qilgan.
Misrdan bizgacha maktab matnlari yozilgan papiruslar yetib kelgan. Jumladan, o`quvchilarning yozuvlari, o`quv qo`llanmalar, namuna uchun adabiy matnlar. Misrliklar yozuvni “Ilohiy so`z” deb aytganlar. O`qituvchilar o`quvchilar uchun mashqlar, ko`rsatmalar tuzganlar. Misrda o`qish va yozishni bilgan kishilar qadrlangan. Zodagonlar o`zlari va bolalarining savodli bo`lishiga jiddiy e`tibor berganlar. Ta`lim tizimi shakllanib, maktablar paydo bo`lgan. Ular ikki bosqichdan iborat bo`lgan. Maxsus tibbiyot maktablari bo`lib, ularda tabiblar tayyorlangan.
4. Adabiyot.Misrliklar dunyoda eng qadimgi qiziqarli g`oyalar, badiiy obrazlar bilan sug`orilgan boy adabiyotlarni yaratdilar. Adabiyotning rivojlanishi uchun qulay omil bo`lib xalq og`zaki ijodi xizmat qildi. Ilk abadiy asarlar er. avv. IV ming yillikda shakllandi. Ertaklar, didaktik nasihatnomalar, zodagonlar tarjimai hollari, diniy matnlar va poetik asarlar Qadimgi podsholik davridayoq paydo bo`ldi.
O`rta podsholik davrida janrlarning xilma-xilligi ko`paydi. Yuqori darajada yozilgan prozaik asarlar yuzaga keldi (Sinuxet hikoyasi). Yangi podsholik davrida Misr adabiyoti g`oyaviy-badiiy tugallanish davrini boshdan kechirdi.
Misr adabiyotida nasihatnoma va bashoratlar didaktik janri to`laroq aks etgan. Nasihatnomalardan eng qadimgisi «Ptaxotep nasihatnomasi»dir. Keyingilari «Gerakleopol podshosi Axtoyning o`g`li Merikaraga nasihati», «Fir`avn Amenemxet I ning nasihatnomasi» kabi asarlarda davlatni boshqarish yo`l-yo`riqlari bayon qilingan. «Axtoyning o`gli Duaufaga nasihati»da mirzalikni boshqa kasblardan afzalligi ko`rsatiladi.
Yangi podsholik davrida nasihatnomalardan «Ani nasihati», «Amenemope nasihati»da turmush axloqi va an’anaviy axloq qoidalari batafsil bayon qilinadi.
Ertaklar Misr adabiyotida alohida bir janr sifatida shakllandi. Ulardan eng mashhurlari «Fir’avn Xufu va sehrgarlar», «Kema halokatiga uchraganlar», «Egri va to`g`ri», «Ikki aka-uka» va «Fir’avn Petubastis to`g`risida»gi bir necha ertaklardir.
Misr adabiyotining «Sinuxet hikoyasi» qissasi, «Arfa chaluvchi qo`shig`i» poetik asari kabi namunalari o`sha davr to`g`risida va yuksak adabiy janr shakllanganligining dalilidir. Turli janrlar orasida adabiyot alohida o`rin tutadi.
Ko`pgina afsonalar, qayta ishlangan diniy madhiyalar Osiris mashaqqatlari, xudo Raning yerosti podsholigiga sayohati hikoya qilingan sikllari qadimda mashhur bo`lgan. «Ko`ngli qolgan kishining o`z ruhi bilan suhbati» nomli falsafiy dialog shaklida yozilgan asar diqqatga sazovor. Dialogda dunyodagi adolatsizlik, huquqsizlik va yovuzlikdan azob chekkan kishi taqdiri hikoya qilinadi.