Suvning tuproq namligini ta’sir kо‘rsatishiga qarab, har bir nav uchun alohida sug‘orish soni va meyori aniqlandi.
Tarvuzning “Shirin” va “Sharq nemati” navlarini tomchilatib sug‘orish yо‘li bilan bir marta sug‘orish uchun о‘rtacha vegetatsiya boshida tajriba maydoniga 100-120 m3, о‘rtalarida 120-130 m3, vegetatsiya oxirida 100-120 m3 suv berilgan. О‘z navbatida, egatlab sug‘orishda tarvuz о‘simligining butun о‘sishi davrida har bir sug‘orish uchun 550 m3 sug‘orish suvi miqdorida 6-7 marta sug‘orish amalga oshirildi.
Tarvuzning biologik xususiyatlaridan, shuningdek, suv iste’mol qilishning о‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, tomchilatib sug‘orish bilan sug‘orish soni о‘rtacha 7 ta sug‘orishni tashkil etdi. Berilayotgan sug‘orish suvining hajmi о‘simlik rivojlanishining fenologik bosqichiga qarab о‘sish tartibida 100 dan 120 m3 gacha о‘zgarib turdi. Sug‘orish о‘simliklarni mustahkamlash uchun ochiq erga kо‘chatlarni ekishdan sо‘ng, shuningdek, о‘simlik barglarining о‘sishi va bug‘lanishi uchun namlikning yuqori iste’moli tufayli suvga bо‘lgan ehtiyoj keskin ortib borayotgan bosh shakllanishi bosqichida tez-tez amalga oshirildi.
Tadqiqot natijalariga kо‘ra, Toshkent viloyati tuproq-iqlim sharoitida tarvuz ekinlarini sug‘orish vaqtini ishlab chiqaruvchi tomonidan tavsiya etilgan 6 soatdan 3-4 soatgacha qisqartirish kerak degan xulosaga kelish mumkin. Fermer xо‘jaliklarida tuproq –iqlim sharoitlariga qarab о‘simliklar rivojlanishining dastlabki fazalarida 1,5-2 soatgacha va keyingi vegetatsiya davrida 2,5-3 soatgacha kamaytirish mumkin. Xulosa qilib aytganda, sug‘orish uchun suv va energiya sarfini sezilarli darajada kamaytirish mumkinligi aniqlandi.
Tarvuzning tezpishar navlari may oyning oxirlarida pisha boshlaydi. Qovun va tarvuzning eng yaxshi saqlanadigan kechki navlari aprel oyining oxirlarigacha saqlanib borishi mumkin. Shuning uchun aprel-may oylarida axoli yangi poliz maxsulotlaridan baxramand bo’lolmay qoladi. Aholini yil bo’yi yangi mevalar bilan ta’minlab borishga ikki yo’l bilan erishish mumkin: 1) birmuncha uzoqroq saqlab qo’yishga yaraydigan g’oyat kechpishar navlarni joriy etish xisobiga yangi maxsulot iste’mol qilib boriladigan muddatni uzaytirish, shuningdek maxsulotni saqlab qo’yish usul - amallarini takomillashtirish yo’li; 2) ertagi maxsulot yetishtirishning xar xil usul-amallarini qо‘llanish yo’li.
Ertagi poliz mahsulotlari olish usullari orasida tuproqni mulchalash, ekinni kо‘chatdan ekish, plyonkali vaqtincha berkitmalarga va himoyalangan yer inshootlariga ekish rasm bо‘lgan.
Mulchalash tuproq yuzasini qanday bо‘lmasin biror inert material bilan qoplashdir.
Mulchalash ishi ekish bilan bir vaqtda yoki ekishdan keyin о‘tkaziladi. Bunda ekin qatorlari ustiga eni 30 - 35 sm keladigan plyonka yopilib, uning chetlari tuproq bilan bostirib qо‘yiladi. Ekin maysalari paydo bо‘lgandan keyin о‘simliklarning yuzaga chiqib olishi uchun ularning ustiga tо‘g‘rilab plyonkadan teshiklar ochib qо‘yiladi. Plyonka о‘simliklar butun vegetatsiya davrining boshdan oxirigacha qoldiriladi va ekin yig‘ishtirilganidan keyin olib tashlanadi. Tuproq mulchalanganida ekin ochiq yerga ekish muddatidan bir - ikki hafta ilgari ekiladi.
Biz tajribalarimizni amalga oshirish uchun eni 140 sm, qalinligi 0.2 sm bo’lgan oq va qora plyonkalardan foydalandik. Shu hisobda 70 sm li egatlarni mulchalash uchun eng maqbul o’lcham hisoblanadi. Tarvuz urug’ va ko’chatlarini ekishdan 3 kun oldin yerni yaxshilab sug’orib oldik, urug’ unib chiqishi uchun kerak bo’lgan nam holati hosil bo’lgandan keyin yerni mulchalab oldik.
Yer mulchalashga tayyor bo’lgandan keyin tarvuz urug’ va ko’chatlari ekiladigan egatlarning yuzasi egatlardan yuradigan suvdan 15-20 sm baland qilib tekislab oldik. Bu holat unib chiqqan va tutgan tarvuz ko’chatlarini yaxshi rivojlanishi uchun muhim hisoblanadi, chunki bizning tarjimalarimiz tomchilatib sug’orish yo’li bilan oborilayotgani uchun bahor va yoz oldi bo’ladigan kuchli yomg’irlardan hosil bo’lgan suv to’plami tajribalarimizga ta’sir qilmasligiga sabab bo’ladi. Egatlar yuzasi tekislab olingandan so’ng urug’ va ko’chat ekiladigan qismdan 20 sm uzoqlikdan kichik ariqcha ochib chiqdik. Bu ariqchalar plyonkalarning chetini tuproq bilan bostirib olish uchun kerak bo’ladi. Kichik egatchalar ochilgandan so’ng plyonkalar tortilib chetlariga ketmon yordamida tuproq bostirish uchun qo’l yordamida tuproq bilan mustahkamlab chiqiladi, ushbu jarayon isirg’alash deb ataladi. Tajribalarimizni yuqorida aytib o’tilgan ko’rinishda tashkillashtirdik.
Poliz mahsulotlari yetishtirishni tezlashtirishning eng samarali usuli ochik yerlarga ekinni kо‘chatidan ekishdir. Bunda mevalarni 10 - 20 kun ilgari yetishtirib olish va ertagi hosilni bir necha baravar oshirib, umumiy hosildorlikni ham anchagina kо‘paytirish imkoni tug‘iladi. Chunonchi, Toshkent davlat agrar universitetining “Qishloq xо‘jaligida innovatsion ishlanmalar va maslahat markazi” DUK tajriba xо‘jaligi maydonida olib borilgan tajribalarda tarvuzning Shirin navi urug’i va kо‘chatidan ekilganida dastlabki hosilining yetilishi uni urug‘lardan ekishdagiga qaraganda 16 kun ga tezlashdi, ertagi hosil uch baravar va umumiy hosildorlik 32 foizga ortdi.
Toshkent Davlat agrar universiteti sabzavotchilik kafedrasining tajribalarida poliz ekinlari plyonkali vaqtincha berkitmalarda kо‘chatlardan ekilganida mevalarining yetilishi ekinni urug‘idan ekishga qaraganda 8 - 12 kunga tezlashdi, umumiy tarvuz hosili 6 - 8 foizga, ertagi hosil esa tegishlicha 30 - 33 va 14 - 28 foizga ortdi.
Qovoqdoshlar oilasiga mansub о‘simliklarning hammasi, jumladan tarvuzning yosh ildiz sistemasi о‘ta nozik bо‘lib, zararlanishga juda moyil bо‘ladi. Shu munosabat bilan, kо‘chatni joydan-joyga kо‘chirib, ya’ni pikirovka qilib va tuvaksiz usulda yetishtirish bu ekinlar uchun to’g‘ri kelmaydi. Tarvuz kо‘chatlari chirindili tuproq solingan oziq kubchalarida, oziq aralashmasi bilan tо‘ldirilgan qog‘oz yoki polietilen tuvakchalar, plastmassa yoki torf tuvaklarda yetishtirilishi shart.
О‘simliklarning qalinligi va oziqlanish maydoni tarvuz о‘simligi hosilining salmog‘i va sifatini kо‘p darajada belgilab beradi. О‘simliklarning oziqlanish maydoni deganda bir tup о‘simlik band qilib turgan va tegishli tuproq va havo xajmlariga ega bо‘lgan yer maydoni tushuniladi. О‘simliklarning qalinligi degan tushuncha bir gektar maydonda о‘sib turgan о‘simliklar sonini bildiradi.
Tarvuz о‘simligi oziqlanish maydoni kamayib, maydon birligidagi о‘simliklar soni kо‘payadigan bо‘lsa, ekinlar yer ustki qismi va ildiz sistemasining о‘sib borishi susayib, fotosintez mahsuldorligi pasayadi. Meva tugilishi kamayib, urug‘langan mevalar shakllanishini dastlabki bosqichida, tо‘kilishi kо‘payadi, talab andozalariga tо‘g‘ri kelmaydigan mayda mevalar soni ortadi. Natijada har bir о‘simlik hosildorligi pasayib ketadi. Biroq hosildorlikning pasayishi ekin qalinligiga mutanosib ravishda bormaydi: о‘simliklarning qalinligi bir tup о‘simlik hosildorligining kamayishiga qaraganda tezrok ortib boradi. Shu munosabat bilan о‘simliklar muayyan chegaragacha qalinlashib borganida maydon birligi hisobidan olinadigan hosildorlik ortadi, о‘simliklar qalinligi yana ham ortib boradigan bо‘lsa, maydon birligidan olinadigan hosildorlik kamaya boshlaydi. О‘simliklar ortiq darajada siyrak bо‘lganida ham, tegishli yer maydonidan maqsadga muvofiq foydalanilmaslik tufayli maydon birligidan olinadigan hosil kamayib ketadi.
О‘simliklarning oziqlanish maydoni bilan qalinligi bir tup о‘simlikning eng kо‘p mahsuldorligiga emas, balki mehnat va moddiy vositalarni kam sarflagan holda, har gektar yerdan mumkin qadar kо‘proq hosil olishni ta’minlab beradigan bо‘lsa, maqsadga muvofiq bо‘ladi. Bu ekinning biologik xususiyatlari va naviga, tuproq unumdorligi, suv bilan qanchalik ta’minlangani, ekinni parvarishlash va boshqa omillarga bog‘liqdir.
Har bir ekin doirasida uzun palakli navlar oziqlanish maydoni kattaroq bо‘lishini talab qiladi, shunga kо‘ra ular palagi kalta bо‘ladigan navlarga qaraganda siyrakroq qilib ekiladi. О‘simliklarning oziqlanish maydoni va qalinligini tanlashda navning tezpisharligi ham hisobga olinadi. Nav nechog‘lik kechpishar bо‘lsa, u shuncha uzoqroq о‘sib rivojlanib boradi va shunga kо‘ra shuncha kattaroq oziqlanish maydonini talab qiladi.
Tarvuz yetishtirish texnologiyasining eng muhim bо‘g‘inlaridan biri bо‘lib, maysalarning bir tekis unib chiqishini va о‘simliklarning zarur qalinlikda bо‘lishini ta’minlab beradi va qator oralarini sifatli ishlash hamda ekin parvarishiga tegishli barcha ishlarni yaxshi bajarish uchun zarur sharoitlarni yaratadi.
Kichikroq maydondagi yerlarda va tegishli seyalkalar bо‘lmaganida tarvuz qо‘lda ekiladi. Ularni qо‘lda ekishda о‘simliklarni joylashtirish uchun tanlangan sxemaga muvofiq keladigan masofalar oralab oldin traktor okuchnigi bilan eni 70-90 sm va chuqurligi 30-40 sm keladigan egatlar olinadi. Egatlar markazining о‘rtasidagi masofa 70 yoki 90 sm li qator oralarining karrali sonini tashkil etadigan bо‘lishi kerak (2,1-2,8 - 3,5 yoki 2,7 - 3, 6-4,1 m). Shunda ekinlar parvarishiga izlarining oralig‘i 1,4 va 1,8 m keladigan traktorlardan foydalanish mumkin bо‘ladi.
Egatlar olishdan ilgari dalani ba’zan 70 va 90 sm oralab mayda egatchalar olish yо‘li bilan sug‘orish yо‘nalishiga kо‘ndalang qilib rejalab chiqiladi. Kо‘chatlarni shu tariqa rejalangan dalaga ekish qator oralariga beriladigan birinchi ishlovni ikki yо‘nalishda о‘tkazishga imkon beradi.
О‘zbekistonnning sug‘oriladigan dehqonchilik sharoitlarida tarvuz mexanizmlar yordamida ekish uchun SBU-2-4A markali maxsus seyalkadan foydalaniladi. Tarvuz ekishga mо‘ljallangan shu seyalka mayda urug‘li, о‘rtacha urug‘li va yirik urug‘li tarvuz navlarini uyali qilib, qovoq va qovun urug‘larini farqi 10 foizdan oshmaydigan 35 sm 70, 90, 110, 140, 180, 210 sm li qatorlar oralab ekishni ta’minlab beradi. Har bir uyaga 4-5 donadan tarvuz urug‘i ekiladi, ekish aniqligi 80 foiz bо‘land.
Tarvuz tuproqdan oziqa moddalarini nisbatan kо‘proq о‘zlashtiradigan bо‘lishi bilan boshqa poliz ekinlaridan farq qiladi, shuning uchun о‘g‘itlar solinganida ularning rivoji yaxshilanadi. Sabzavot-poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining ma’lumotlariga qaraganda bir tonna tarvuz hosili tegishli miqdordagi palagi bilan birga hisoblaganda tuproqdan о‘rtacha 3 kg azot va 1,06 kg fosforni о‘zlashtiradi. Shu bilan birga, tuproqdan yо‘qolib boradigan mineral oziqa elementlari tuproq unumdorligiga va hosil salmog‘iga qarab har xil bо‘ladi.
Haydalgan bedazorda hosil о‘rtacha 35 t/ga bо‘lganida tuproqdan: 2,69 dan 3,12 kg gacha azot, 0,85 dan 1,4 kg gacha fosfor yuqolsa, gо‘ng solib qadimdan haydab kelinadigan yerlarda hosil 40 t/ga bо‘lganida 3,37 kg azot, 1,22 kg fosfor yо‘qoladi; tuproqqa mineral о‘g‘it solinganida esa har bir tonna hosil hisobidan olinganda tuproqdan 2,78 kg azot va 1,19 kg fosfor yо‘qoladi. Hosil о‘rtacha 30-40 t/ga ni tashkil etganida tuproqdan yо‘qoladigan azot miqdori gektariga 117-163 kg ni va fosfor miqdori 35-59 kg ni tashkil etadi.
Tarvuz uchun gо‘ng va har xil kompostlar mineral oziqa elementlarining eng muhim manbai bо‘lib hisoblanadi. Markaziy Osiyoning sug‘oriladigan polizchiligida yaqin-yaqinlarda ham yerga organik о‘g‘itlarni solinishi shart deb hisoblanar edi. Chirigan gо‘ng 3-6 kg dan xanjuvarlarga solinar edi. Sо‘ngra ustiga tuproq sepib, urug‘ ekilar edi. Keyinchalik ekish texnikasi о‘zgarishi munosabati bilan gо‘ngni kuzgi shudgor yoki yerni qish oldidan xaydash vaqtida butun dalaga yo bо‘lmasa plug yoki okuchnik bilan ochilgan egatlarga solish rasm bо‘la boshladi. Gо‘ng yerni haydash vaqtida sidirg‘asiga sochib beriladigan bо‘lsa, gektariga 40-60 t hisobidan solinadi.
О‘zbekistondagi sug‘oriladigan dehqonchilik sharoitlarida tarvuz o’simliklariga mineral о‘g‘itlar solishning о‘z xususiyatlari bor, bu narsa tuproqlarning chirindilarga kambag‘al, karbonat tuzlari kо‘p, sust ishkoriy reaksiyada bо‘lishi va yutiladigan ishkoriy yer asoslarining tо‘yinganligiga bog‘liqdir. Tuproqlarda karbonatlarning kо‘pligi fosfat kislotaning tez birikib olishiga sabab bо‘lsa, yuqori darajadagi tuproq biogenligi azotning tezgina ammoniy shakllardan suvda yaxshi eriydigan nitrat birikmalariga aylanib olishiga va shu tufayli tuproq qatlamlari uzra doim kо‘chib yurishiga sabab bо‘ladi.
О‘zbekiston tuproqlari tarkibida azot va singiydigan fosfat kislota kam, lekin bu tuproqlar kaliy bilan nisbatan yaxshi ta’minlangan. Shuning uchun ham, Sabzavot-poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot institutining tadqiqotlari kо‘rsatib berganidek, poliz ekinlari azotli va fosforli о‘g‘itlarga kо‘proq muhtoj bо‘ladi. Bu ekinlarga azotli о‘g‘itlardan kо‘ra fosforli о‘g‘itlarni solish kо‘proq samaralidir. Kaliyli о‘g‘itlar kо‘pchilik xollarda kamroq naf beradi.
Yuqori hosil olinadigan juda unumdor yerlarga shuningdek sizot suvlari yaqin joylashgan tuproqlarga kaliyli о‘g‘itlar solib turish zarur. Chirindilarga birmuncha boy bо‘lgan botqoq va о‘tloqi tuproqlarda fosforli о‘g‘itlar bо‘z tuproqlardagiga qaraganda yaxshiroq naf beradi. Dalalarga beda ekish tuproqda chirindi bilan azot kо‘payishiga yordam beradi-yu, lekin fosfor bilan kaliyning tо‘planib boradigan harakatchan shakllarini ancha kamaytirib qо‘yadi. Shu munosabat bilan bedazor xaydalganining birinchi yili yerga asosan fosforli va kaliyli о‘g‘itlar solinadi. Azotli о‘g‘itlar berilmaydi yoki juda kam miqdorlarda (gektariga 30-40 kg miqdorida) ishlatiladi. Keyinchalik borib solinadigan azotli о‘g‘itlar miqdori (dozalari) oshiriladi.
Tarvuz ekiladigan maydonga kuzgi shudgorlash oldidan 15-20 t/ga gо‘ng yoki kompost, fosforli о‘g‘itlarning yillik normasidan 75 % va kaliyli о‘g‘itlarning tо‘liq normasini solish tavsiya etiladi. Fosforli о‘g‘itlarning qolgan qismi (25 %) ekish oldidan solinadi. Azotli о‘g‘itlarning 50 % ekish oldidan yoki ekish bilan birga, qolgan qismini esa о‘simliklar 3-4 ta chinbarg yozganda oziqlantirish uchun solish kerak. О‘g‘itlarni solish me’yori va muddatlariga amal qilinishi, tarvuzdan yuqori sifatli va shirin mevalar olinishini ta’minlaydi.
Ekinga solinadigan asosan organik va mineral о‘g‘itlarni tayyorlash, transportga ortish, tashish na tuproqqa solish ishlari mexanizasiyalashtirilgan. Organik о‘g‘itlarni transportga ortishda PU-05 rusumli greyferli universal pogruzchik, PB-35 rusumli buldozer-pogruzchik, PF-P2, PGX-05 rusumli pogruzchiklar ishlatilsa, ularni tashishda 2PTS-P/793, SHTS-2 rusumli tirkaladigan transport vositalari ishlatiladi, о‘g‘itlarni sochish uchun organik о‘g‘itlarni sochib beradigan ROU-5, PRT-10, PRT 16, PRT-25, RTO-6 rusumli moslamalardan foydalaniladi. Organik о‘g‘itlar sochib chiqilganidan keyin kuzgi shudgor paytida pluglar bilan tuproqqa kо‘mib ketiladi.
Bizning ushbu tajribamizda о‘g‘itlash jarayoni tomchilatib sug‘orish texnologiyasi bilan birga olib borildi.