Tasavvur xayoli deb o'tmishda bo'lib o'tgan yoki hozirda bor bo'lgan lekin bizning turmush tajribamizda shu paytgacha uchratmagan, ya'ni biz idrok qilmagan tasavvur va obrazlar yaratishga aytiladi.
Tasavvur xayolini odatda tiklovchi xayol deb ham yuritiladi. Tiklovchi yoki tasavvur xayolini inson hayotidagi roli g'oyat darajada kattadir. Agar tiklovchi xayol bo'lmaganda odam o'qiy xam olmagan bo'lar edi. Biz juda ko'p narsalarni ko'rmagan, ya'ni bevosita idrok qilmagan bo'lsak, ham ularni tasavvur eta olamiz: bunda biz boshqa odamlarning aytib bo'lgan so'zlari asosida o'qigan kitoblarimiz asosida xayoliy tasavvur va obrazlar yaratamiz.
Ijodiy xayol - deb tajribamizda bo'lmagan va voqelikning o'zida ham uchratmagan narsa va hodisalar haqida tasavvur hamda obrazlar yaratishdan iborat xayol turiga aytiladi.
Ijodiy xayol murakkab aks ettirish jarayoni bo'lib, odamning hayotida juda katta ahamiyatga egadir. Odam o'zining ijodiy xayoli orqali biror yangi, shu paytgacha ko'rilmagan narsa yaratadi. Masalan: Yozuvchi asari uchun tipik obraz yaratganda uning xayoli ijodiy bo'ladi. Tadqiqotchining biror tadqiqot ustida ishlaganida ham uning xayoli ijodiy bo'ladi.
Ijodiy xayolning maxsus turi orzudir. Orzuijodiy xayolning, tilakning kelajakka qaratilgan shaklidir. Orzusiz kishi bo'lmaydi. Orzu odamning u yoki bu faoliyatiga undaydigan stimul turtkich hisoblanadi. Lekin orzuning boshqa salbiy turlari ham bor.
Xayol qilish jarayoni hamma bilish jarayonlaridagi kabi ixtiyorsiz va ixtiyoriy xayol turlariga bo'linadi.
Ixtiyorsiz xayol deb - odam o'zining oldiga hech qanday maqsad qo'ymasdan, irodani ishga solmasdan, qandaydir o'z-o'ziga obraz va tasavvurlarni yaratishiga aytiladi.
Ixtiyorsiz xayol shu topdagi kuchli ehtiyoj tufayli maydonga keladi. Masalan: odam juda tashna yoki juda och bo'lgan paytida uning xayolida har turli taomlar, daryo va buloq suvlari paydo bo'la boshlaydi. Odamning ayni shu chog'dagi hissiy holati, ya'ni his- tuyg'ulari ham ixtiyorsiz xayolning maydonga kelishiga sabab bo'ladi. Chunonchi, vahima yoki qo'rqinch hissi paytida odamning xayoliga qo'rqinchli narsalarning obrazlari kela boshlaydi.
Ixtiyoriy xayol deb oldindan belgilangan maqsad asosida iroda kuchini ishga solib muayyan obraz va tasavvurlarni yaratishga aytiladi. Demak, ixtiyoriy xayol hamisha ma'lum maqsad va vazifalarni bajarish bilan bog'liq bo'ladi. Bunday maqsad va vazifalar boshqalar tomonidan qo'yilishi mumkin. Masalan, rassom o'zi ishlamoqchi bo'lgan suratning mavzusini o'zi belgilaydi. Yozuvchi yozmoqchi bo'lgan asarning mavzusini o'zi tanlaydi va o'zi badiiy obrazlarni yaratadi. Umuman san'at asarlarining hammasi ixtiyoriy xayol natijasida maydonga keladi.