Shunday ekan, salbiy og‘ishlar girdobiga kirgan shaxslar bilan tarbiyaviy ishlar ko‘lamini kuchaytirish, ta’sir ko’rsatishning darajasini oshirishni taqoza etadi. Bu xususda birinchi prezidentimiz I.A.Karimov o‘zining barcha nutq va asarlarida, ayniqsa, «Yuksak ma’naviyat yengilmas kuch» kitobida alohida ta’kidlab o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy jihatdan barkamol qilib tarbiyalash davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining markazini tashkil etilishligini uqtiradi.
Buning uchun esa keng omma shu jumladan salbiy og‘ishga moyil bo‘lgan shaxslar bilan shug‘ullanishning faol yo‘l, usul, vositalarini aniqlash, ularga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatishning uslubiyotini ishlab chiqish zarur. Bunday ma’suliyatli ish esa umumiy pedagogikaning alohida sohasi bo‘lgan «Ijtimoiy pedagogika”ning zimmasidadir. Chunki, tarbiyaviy ish nafaqat ta’lim muassasalarida, balki, ijtimoiy hayotimizning barcha jabhalarida amalga oshiriladi.
Keyingi yillarda pedagogika yo‘nalilishidagi oliy o‘quv yurtlarining pedagogika va psixologiya ta’lim yo‘nalishida “Ijtimoiy pedagogika” fani o‘qitilib kelinmoqda. Bizningcha, bu fanni barcha oliy o‘quv yurtlarining mavjud ta’lim yo‘nalishlarida o‘qitilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Sababi shundaki, mazkur o‘quv yurtlarini tamomlab tegishli joyga mutaxassis bo‘lib kelganlar o‘z navbatida o‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan ob’ektda ijtimoiy pedagoglik vazifasini ham bajaradi.
Ijtimoiy pedagogning vazifasi o’z navbatida, faoliyat mazmunini va uni amalga oshirish metodlarini, uni tashkillashtirish shakllarini aniqlab berishdir. Ijtimoiy pedagogik faoliyat maqsadi, uning natijalari va mazmuni qanchalik to’g’ri aniqlanganligi, unga erishish uchun qanday metodlar tanlanganligiga bog’liq bo’ladi.