4. Faoliyatni tashkil etish va ijtimoiy xulq-atvor meʼyorlarini shakllantirish. Faoliyatni tashkil etish va xulq-atvor me’yorlarini shakllantirish (mashq) metodlari: mashq, pedagogik talab, ijtimoiy fikr, topshiriq, tarbiyalovchi vaziyat. Mashq va o‘rgatish metodlari muayyan mashq yordamida bolalar faoliyatini oqilona, maqsadga muvofiq va har tomonlama puxta tashkil qilish, ularni axloq me’yorlari va xulq-atvor qoidalarini bajarishga odatlantirishdir. Odatlar bolalikdan tarkib topadi va shaxs rivojlanishining keyingi bosqichlarida mustahkamlanib boradi.
O‘qituvchi hamda ota-onalar bolalarda ijobiy odatlarning tarbiyalanib borayotganligini kuzatib borishlari kerak. O‘quvchilar odatlarni o‘z yaqinlaridan meros qilib olmaydi, balki ular atrofdagilar bilan faol muloqotga kirishishlari tufayli taqlid qilish, uzluksiz tarbiyani yo‘lga qo‘yish asosida tarkib toptiriladi. Natijada odat xarakterga aylanadi.
Mashq muayyan xatti-harakatlarni ko‘p marotaba takrorlashni o‘z ichiga oladi. Mashq va odatlantirish o‘quvchi uchun ongli, tjobiy jarayondir. Mashq natijasini ko‘nikma, odat, yangi bilimlar hosil qilinadi, o‘quvchining aqliy qobiliyati rivojlanadi, ma’naviy-axloqiy sifatlari boyiydi, hayotiy tajribasi ortadi.
O‘rgatish tarbiyalanuvchilar ijtimoiy xulq-atvor ko‘nikmalari, odatlarini shakllantirish maqsadida rejali va izchil tashkil qilinadigan turli harakatlar, amaliy ishlardir.
Topshiriq o‘quvchilarda mehnat, ijtimoiy xulq va hayotiy tajriba ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida qo‘llaniladigan usul. O‘quvchilarning topshiriqlarni jamoa bo‘lib bajarishlari ularda ijtimoiy xulq tajribalarini shakllantirishda alohida ahamiyatga ega. O‘quvchilar o‘z kuchlarini umum ishiga sarflashga, jamoa uchun mas’uliyatni his etishga o‘rganadilar, mehnat qilish o‘quvchilarning harakatlarini shakllantiradi, mustahkamlaydi.
Pedagogik talab turli xatti-harakatlarni bajarish hamda faoliyatda ishtirok etish jarayonida o‘quvchi tomonidan amal qilinishi zarur bo‘lgan ijtimoiy xulq-atvor me’yorlari. Pedagogik talab tarbiyaning eng muhim usullaridan biridir. Pedagogik talab ma’lum harakatlarni rag‘batlantiruvchi yoki to‘xtatuvchi hamda o‘quvchini oqilona harakatlarni bajarishga undovchi xarakterga ega bo‘lishi mumkin.
Faoliyatni rag‘batlash va motivatsiyalash metodlari: rag‘batlantirish, tanbeh berish, uyaltirish. Rag‘batlantirish tarbiyalanuvchining xatti-harakati va faoliyatiga ijobiy baho berish asosida unga ishonch bildirish, ko‘ngilini ko‘tarish va uni qo‘llab-quvvatlash usulidir. O‘qituvchi har bir o‘quvchi shaxsida ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni anglash olishi zarur.
Tanbeh berish - eng muhim jazo chorasi. O‘qituvchi o‘quvchiga yuzma-yuz turib tanbeh beradi, buni kundaligiga yozib qo‘yish mumkin.
Uyaltirish - o‘quvchining ma’lum xatti-harakatlariga jamoa yoki uning tarbiya uchun mas’ul bo‘lgan subyektlar (ota-onalar, vasiylar, jamoatchilik vakillari va boshqalar) oldida baho berish. Odamning eng nozik sezgilaridan biri uyat, or-nomus va sharm- hayodir. Odamda insonda izzat-nafs, odamiylik qancha kuchli bo‘lsa, avvalo, o‘zini hurmat qilsa, unda or-nomus, uyat shunchalik kuchli bo‘ladi. Bolalarni tarbiyalashda shu his-tuyg‘ularni ehtiyotkorlik bilan o‘stirish lozim, lekin hadeb uyaltiraverish va qizirtiraverish yaramaydi. Bundan oqilona va o‘z o‘rnida foydalanish kerak, shundagina ijobiy natijaga umid qilish mumkin.
Tarbiya metodlarini tanlab olish shartlari. Metodning ijobiy va salbiysi bo‘lmaydi, tarbiya jarayonida ma’lum yo‘lni yuqori darajadagi samarali va samarasiz deya baholash mumkin emas. Metodning samaradorligini u qo‘llanilayotgan sharoit nuqtai nazaridan baholash mumkin.
Tarbiya metodlarini maqsadga muvofiq tanlash bir qator omillarga bog‘liq:
Tarbiyaning maqsad va vazifalari. Tarbiyaning maqsad va vazifalari. Maqsad nafaqat metodlarni oqlaydi, balki ularni aniqlab beradi. Maqsad qanday bo‘lsa, unga erishish metodlari unga muvofiq bo‘lishi zarur.
Tarbiya mazmuni. Unutmaslik kerakki, aynan bitta vazifa turli xil fikrlar bilan to‘ldirilgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun metodlarni umuman mazmun bilan emas, balki aniq fikr bilan bog‘ lash g‘ oyat muhimdir.