Ratsionalistik konsepsiya pulning kelib chiqishini kishilar o‘rtasidagi bitim, kelishuv natijasi sifatida izohlaydi. Bu holat ularning tovarlarni ayirboshlash chog‘ida qiymatlarning harakatlanishi uchun maxsus vositalar zarurligiga amin bo‘lishiga asoslanadi. Pulning o‘zaro kelishuv sifatida amal qilishi to‘g‘risidagi mazkur g‘oya XVIII asrning oxirlarigacha hukm surdi. Pulning kelib chiqishiga subyektiv psixologik yondashuv ko‘plab hozirgi zamon xorijiy iqtisodchilarning qarashlarida ham uchrab turadi. Ularning fikricha, pul kategoriyasi obyektiv iqtisodiy kategoriya bo‘lmay, kishilar kelishuviga yoki davlatning xohishiga bog‘liq bo‘lgan yuzaki, subyektiv kategoriyadir. Ularning bu konsepsiyasiga ishonib bo‘lmaydi. Pul kelib chiqishining evolyusion konsepsiyasiga ko‘ra ular ijtimoiy mehnat taqsimoti, tovar ishlab chiqarish va ayirboshlashning rivojlanishi natijasida vujudga kelgan. Qiymat shakllari va ayirboshlash rivojlanishining tarixiy jarayonini tadqiq qilish orqali tovarlar umumiy olami ichidan pul rolini bajaruvchi alohida tovarning ajralib chiqishini tushunish mumkin. Bir tovarning qiymati uni boshqa bir tovarga ayirboshlash orqali aniqlanadi (T-T). Bir qarashda ayirboshlash bitimida har ikkala tovar ham bir xil rol o‘ynaydigandek ko‘rinadi. Aslida esa ularning roli turlichadir. Bir tovar o‘z qiymatini boshqa tovarga nisbatan ifodalaydi. Ikkinchi tovar esa birinchi tovarning qiymatini o‘zida ifodalab, ekvivalent rolini bajaradi, ya’ni qiymatning ekvivalent shaklini tashkil etadi. Xuddi mana shu yerda pulning dastlabki kurtagi paydo bo‘ladi. Pulning paydo bo‘lishi va rivojlanishida qiymat shakllarining rivojlanish bosqichlarini bilish muhim o‘rin tutadi. Umuman olganda, qiymatning