Yer po`sti va yuqori mantiyada harorat ichkari tomon ko`tarila boradi. Mantiyadan “qattiq” yer ustiga tomon issiq oqim keladi; bu oqim Quyoshdan keladigan issiqlikdan bir necha ming marta kamdir. Mantiyaning hamma joyida harorat uning tarkibidagi materialning to`la erish haroratidan past. Materik po`sti tagida harorat 600-7000C ga yaqin (1500-1800 C) atrofida. Mantiyaning yanada chuqur qatlamlari va yadro xaqida taxminiy fikr yuritiladi. Yadroning harorati 4000-5000 C dan oshmaydi deb taxmin qilinadi.
3. Tuproq hosil bo’lishiga ta’sir etuvchi omillar. Tuproq hosil bo`lishi murakkab va xilma – xil tabiiy jarayonlar yig`indisi bo`libgina qolmay, balki bir qator tabiiy sharoitlar ya’ni tuproq hosil bo`lish omillarining ta’siri natijasidir. V.V. Dokuchaev quyidagi tuproq hosil bo`lish omillarni ajratadi. O`simliklar, hayvonot va mikroorganizmlar olami (biologik omil), tuproq hosil qiluvchi jins, iqlim, joy rel’efi va tuproqning (mamlakatning)yoshi. Bu omillarning tuproq hosil bo`lishidagi ahamiyati katta va xilma xildir. Tuproq shakllanishining asosida moddalarning biologik aylanishi yotar ekan, tuproq hosil bo`lishi mohiyati jixatidan biologik jarayon bo`lib, uning amalga oshishida bir qancha tirik organizmlar guruxlari ishtirok etadi. Bularga yuksak yashil o`simliklar, quyi o`simliklar va tuproqda shovchi hayvonlar kiradi.
Yuksak yashil o`simliklar tuproq hosil bo`lishida asosiy rolni o`ynaydi. Faqat yuksak va ayrim quyi o`simliklar organik moddalarni sintez qilish va ularni tuproqning yuza qatlamida to`plash qobiliyatiga egadir. Tuproq organik qoldiqlarining parchalanishi natijasida maxsus organik birikma (gumus moddalar) hosil bo`lib va to`planib, tuproqning fizik, kimyoviy, suv va boshqa xossalarini keskin o`zgartirib yuboradi. Shuning bilan birga ularning kuchli rivojlangan ildizlari tuproqning pastki qatlamlarigacha kirib mustaxkam yuza qatlamni vujudga keltiradi va tuproqni eroziyadan saqlaydi. Biologik xususiyatlari va tuproqqv ta’sir etishiga qarab yuksak yashil o`simliklar: daraxtsimonlar, o`tsimonlar va moxlarga bo`linadi. Daraxtsimon o`simliklar daraxtlar, butali va yarim butali ko`p yillik o`simliklar bo`lib, har yili ularning barglari, quruq poya va novdalaridan tuproq ustiga to`kilib, o`rmon to`shamalarini tashkil etib, tuproq organik moddalarining asosiy manbasini vujudga keltiradi. O`rmonning qalin yoki siyrakligiga qarab er betiga 1 yilda gektariga 10 – 20 tonna xazon to`kiladi, o`rmon to`shamalari o`tsimon o`simliklar to`shamasiga nisbatan ildiz tizimi massasining er usti organlaridan ko`pligi bilan farq qilib, ular tuproqda chirib ko`proq organik moddalarni to`playdi. O`tsimon o`simliklar ildizi tuproqqa har tomonlama tarqalib uni bo`laklarga bo`lib yuboradi. Ularning organik qoldiqlarida kletchatka va oshlovchi moddalar kam bo`lib, azot ancha ko`pdir. Bu esa tuproqda yashovchi bakteriyalarning yashashi uchun qulay sharoit tug`diradi. Moxlar ham tog` jinslari g`ovaklariga o`rnashib tuproq hosil bo`lishida faol ishtirok etadi. Ayniqsa sfagna moxlari botqoqliklarda sekin parchalunuvchi yirik qatlamlar ya’ni torflarni vujudga keltiradi.
Tuproq hosil bo`lish jarayoniga iqlim xilma – xil ta’sir ko`rsatadi. Uzoq davom etgan issiq sharoitda o`simliklar ko`p organik moddalar to`playdi. Lekin ortiqcha issiqlik va namlikda organik moddalar intensiv parchalanadi. Tuproqda qisqa issiqlik kunlari tufayli organik moddalarning parchalanishi sekin borib, natijada torf qatlamlari vujudga keladi. Kuchli yog`ingarchilik sodir bo`ladigan hududlarda tuproq gumuslari va eriydigan organik, mineral birikmalari tuproqning pastki qatlamlariga yuvilib turadi va sizot suvlariga borib qo`shiladi. Quruq iqlimli hududlarda sizot suvlari unda erigan moddalar bilan tuproqning ustki qatlamigacha ko`tarilishi mumkin. Ular bug`lanib tuproqnning ustida ortiqcha tuz to`planib uni sho`rlatib quyimi mumkin. Tuproqning hosil bo`lishiga tushayotgan quyosh radiasiyasi miqdori ham ta’sir qiladi. Ular tuproqda sodir bo`layotgan kimyoviy va mikrobiologik jarayonlarni susaytirishi yoki kuchaytirishi mumkin. Iqlim joyninng geografik kengligiga qarab o`zgarib boradi va ma’lum aniq muhitga xos tuproqning paydo bo`lishiga qarab o`zgarib boradi va ma’lum aniq muhitga xos tuproqning paydo bo`lishiga ta’sir ko`rsatadi va natijada er sharida turli xil tuproq – iqlim mintaqalari vujudga keladi.
Relef – tuproq hosil bo`lish omillaridan biridir. Uch xil – makrorelef, mezorelef va mikroreleflar bo`lib,issiqlik va namning er betiga har xil taqsimlanishiga kuchli ta’sir qiladi. Shimoliy yonbag`irlarga kam issiqlik tushib, unda qorlar sekin eriydi va oqar suv kam hosil bo`ladi, janubiy yonbag`irlarda bunga teskari holatlar bo`lishi natijasida, suv eroziyasiga va sho`rlanishlarga olib keladi. Har qanday xududda ham tuproqning shakllanishi vaqtlar bilan o`lchanadi. Shuning uchun ham tuproq evolyusiyasida uning yoshining ahamiyati katta. Tuproqning absolyut va nisbiy yoshi farqlanadi. Quruqlikning muz va suvdan bo`shagan vaqtdan boshlab tuproq rivojlanishining hozirgi bosqichiga qadar o`tgan davrga tuproqning absolyut yoshi deyiladi.
Muzdan va suvdan tezroq bo`shagan erlarda tuproq hosil bo`lish jarayoni oldinroq boshlangan. Shuning uchun shimoliy tuproqlar muzdan kech bo`shaganligi sababli eng yosh tuproqlar hisoblanib, tayga – o`rmon hududi tuproqlari o`rta yosh, muz bosishi sodir bo`lmagan janubiy cho`ltuproqlari eng qadimgi tuproqlar hisoblanadi. Lekin bir paytda muzdan va suvdan bo`shagan xududlarda tuproq hosil qiluvchi jinslar, relef, iqlim va boshqa omillarning aynan bir xil emasligi sababli tuproq rivojlanishining bosqichlari (stadiyalari) turlicha kechgan. Shunday qilib tuproq hosil qiluvchi jinslardan turli relef sharoitida bir absolyut yosh xududi turli qismilarida tuproqlar rivojlanishi bosqichlari farqiga tuproqning nisbiy yoshi deyiladi. Tuproqning yoshini turli relefdagi viloyatlarda yaxshi kuzatish mumkin.
Tuproq hosil bo`lishida insonning ta’siri.Tuproqning hosil bo`lishida tabiat omillari bilan bir qatorda inson ham ta’sir ko`rsatib kelgan. Ayniqsa dexqonchilikning bo`z va quruq er tizimlari davrida inson o`z manfaatlari uchun chorvachilik bilan shug`ullangan, erga ishlov bergan, cho`l erlarga suv keltirgan, botqoq erlarni o`zlashtirgan, organik o`g`itlar bergan, begona o`tlarga qarshi kurashgan natijada tabiat o`simliklari o`rnini o`zlari ongsiz tanlash yo`li bilan etishtirgan o`simliklar egallagan. Bunday ishlar uzoq yillar davomida takrorlanib turgan. Tuproq hosil bo`lish jarayoni keskin tezlashgan, tuproqning kimyoviy tarkibi, fizik, fizik–mexanik xossalari, strukturasi yaxshilanib borgan, tuproq gumusi miqdori ortib, tuproq unumdorligi oshib kelgan.