volontyorlar guruhi — ushbu Qonunda belgilangan normalar tatbiq etiladigan, volontyorlik faoliyatini birgalikda amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan, o‘n nafargacha kishidan iborat bo‘lgan shaxslarning ixtiyoriy guruhi;
volontyorlarni muvofiqlashtiruvchi — volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi, volontyorlik tashkiloti tomonidan tayinlangan yoki volontyorlar ishini tashkil etish, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun javobgar bo‘lgan volontyorlar guruhi tarkibiga kiruvchi volontyorlar tomonidan saylangan jismoniy shaxs;
volontyorlik — fuqarolar, ularning guruhlari yoki volontyorlik tashkilotlari tomonidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab ixtiyoriy faoliyatni amalga oshirish;
volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi — davlat hokimiyati organlari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar, shuningdek volontyorlarni mustaqil ravishda yoki volontyorlik tashkilotlari orqali jalb qiluvchi jismoniy shaxslar.
Volontyorlik faoliyatining vazifalari quyidagilardan iborat: fuqarolarni aholining turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan turli xil jamoat faoliyatiga jalb etish mexanizmlarini shakllantirish;
ijtimoiy vazifalarni hal etishda jamiyatga yordam ko‘rsatish;
volontyorlik faoliyatini tashkil etishga qaratilgan fuqarolik tashabbuslarini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash;
aholida sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish, vatanparvarlik tuyg‘usini tarbiyalash;
fuqarolar tomonidan ijtimoiy vazifalarni hal etish uchun o‘zini o‘zi namoyon etish va o‘zini o‘zi tashkil etish ko‘nikmalarini olish
Volontyorlik faoliyatining shakllari va asosiy yo‘nalishlari
Volontyorlik faoliyati quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
yakka tartibdagi volontyorlik faoliyati;
volontyorlar guruhi tarkibidagi volontyorlik faoliyati;
volontyorlik tashkiloti orqali volontyorlik faoliyati.
Volontyorlik faoliyati quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshiriladi:
kam ta’minlanganlarni, ishsizlarni, ko‘p bolalilarni, boshpanasizlarni, qarovsiz qolganlarni, shuningdek ijtimoiy reabilitatsiyaga muhtoj shaxslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida volontyorlik yordami ko‘rsatish;
bemorlarni, nogironligi bo‘lgan shaxslarni, yolg‘izlarni, qariyalarni hamda o‘zining jismoniy, moddiy yoki boshqa o‘ziga xos xususiyatlari sababli qo‘llab-quvvatlashga va yordamga muhtoj bo‘lgan shaxslarni parvarishlash;
tabiiy yoki texnogen tusdagi favqulodda vaziyat oqibatida, alohida rejim, favqulodda holat joriy etilganda, ijtimoiy mojarolar, baxtsiz hodisalar natijasida jabrlangan fuqarolarga, shuningdek jinoyatlardan jabrlanganlarga, qochqinlarga yordam ko‘rsatish;
o‘zining jismoniy yoki boshqa o‘ziga xos xususiyatlari sababli o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishi cheklangan shaxslarga yordam ko‘rsatish;
atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniy merosni, tarixiy-madaniy muhitni, dafn etish joylarini saqlab qolish bilan bog‘liq tadbirlar o‘tkazish;
ommaviy sport, madaniy tadbirlarni va boshqa jamoat tadbirlarini tashkil etish bilan bog‘liq milliy hamda xalqaro ahamiyatga molik tadbirlarni o‘tkazishga ko‘maklashish;
alohida davr va favqulodda holat huquqiy rejimlarining amal qilishi vaqtida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga, boshqa harbiy idoralarga, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga volontyorlik yordami ko‘rsatish.