3.Jinoyatchilik sabablarini tavsiflash. Determinatsiyaning turlari Har qanday tasniflash bilim yoki inson faoliyati sohasidagi turdosh tushunchalar tizimini (o’rganilayotgan ob’ektlarning turkumlarini) anglatadi. Undan mazkur tushunchalar yokiob’ektlarning turkumlari o’rtasidagi bog’lanishlarni aniqlash vositasi sifatida foydalaniladi.
Ilmiy tasnif unda ifodalangan borliqqa xos bo’lgan qonunlar tizimini aks ettiradi. Muhim belgilar ham, boshqa belgilar (mezonlar) ham tasniflash uchun asos bo’lishi mumkin.Mezon – hodisalar, narsalarni baholash, ta’riflash yoki tasniflash uchun asos qilib olingan belgi, o’lchovdir.Jinoyatchilik muammolarini yechish, aniqrog’i – yechishga urinish ilmiy tasnifga ko’p jihatdan bog’liq bo’ladi. Ilmiy tasnif muayyan darajada mustahkam metodologik negizga asoslanishi lozim. Kriminologiyada umuman olganda jinoyatchilik sabablarini tasniflashning mantiqan izchil tizimi shakllangan. Kriminologiyada jinoyatchilik sabablarining birinchi va asosiy tasnifi sabablarning «amal qilish darajasi»ga asoslanadi va umumiy, maxsus va xususiy o’zaro nisbatining dialektikasi bilan belgilanadi. Jinoyatchilik sabablarining umumiylik darajasi ushbu tasnifning mezoni sifatida amal qiladi.
Bunda barcha omillar majmuini quyidagicha guruhlash mumkin:
a) umuman jinoyatchilik sabablari (barcha jinoyatlarning umumiy sabablari);
b) jinoyatlar turli toifalarining sabablari (maxsus sabablar);
v) muayyan jinoyatlarning sabablari.
Jinoyatchilik sabablarining ikkinchi tasnifi muayyan sabablar namoyon bo’ladigan ijtimoiy hodisalarning mazmuni va xususiyatiga asoslanadi. Bunda jinoyatchilik sabablarini to’rt asosiy guruhga ajratish mumkin:
1) ijtimoiy-iqtisodiy sabablar;
2) mafkuraviy sabablar (ushbu guruhga madaniy-tarbiyaviy sabablar ham kiradi);
3) tashkiliy-boshqaruv sabablari;
4) ijtimoiy-psixologik sabablar.
Jinoyatchilik sabablarining uchinchi tasnifi sabablarni to’liqlik va o’ziga xoslik belgilariga qarab guruhlashning maqsadga muvofiqligiga asoslanadi.Bunda jinoyatchilikning «to’liq sababi»ni quyidagilar tavsiflaydi:
1) barcha ijtimoiy hodisalar va faktlar majmui;
2) ular har xil xususiyatga egaligi (ya’ni ijtimoiy-iqtisodiy, mafkuraviy, tashkiliy-boshqaruv, huquqiy, ijtimoiy psixologik hodisalar va omillar);
3) hodisalar va omillar jinoyatchilikda har xil tarzda namoyon bo’lishi (ya’ni asosiy, ikkinchi darajali, bevosita va bilvosita hodisalar va omillar).
O’ziga xoslik belgisiga qarab aniqlanadigan alohida sabab jinoyatchilikning to’liq sababi tarkibiga kiradi va jinoyatchilikni alohida sababi sifatida qaraladi. Jinoyatning o’ziga xos sababini tadqiq qilish muayyan tarixiy sharoitda jinoyatchilikka qarshi kurashning muhim yo’nalishlarini aniqlash imkonini beradi. Jinoyatchilik sabablarining to’rtinchi tasnifi jinoyatchilikka ijtimoiy omillarning «ta’sir mexanizmi»ga asoslanadi. Bu yerda jinoyatchilik sabablari va unga imkoniyat yaratuvchi shart-sharoitlar farqlanadi.
Sabablar asosan shaxs sohasida yotadi.Masalan, g’ayriijtimoiy qarashlar va odatlar jinoyatchilik sabablariga kiradi. Bunda sabab va oqibat bog’lanishi quyidagi ketma-ketlikda namoyon bo’ladi: hayot va tarbiya tafsilotlari –shaxsning o’ziga xos xususiyatlari – muayyan vaziyatdagi xulq-atvor xususiyatlari.Jinoyatchilik sabablarining beshinchi tasnifi sabablarni ob’ektiv, ob’ektiv-sub’ektiv va sub’ektivga ajratishga asoslanadi. Mavjudligi shaxsning xohish-irodasiga bog’liq bo’lmagan sabablar ob’ektiv sabablar hisoblanadi. Sub’ektiv sabablar odamlar, ularning birlashmalari xohish-irodasi va faoliyati bilan belgilanadi.Jinoyatchilik sabablarining oltinchi tasnifi ijtimoiy-iqtisodiy tuzumning, jamiyatning o’ziga xos xususiyatlariga asoslanadi.
Jinoyatchilik sabablarini tasniflashning ushbu sxemasini mukammal deb bo’lmaydi. Biz bu yerda faqat umumiy e’tirof etilgan tasniflarga to’xtalib o’tdik. Shu bilan birga, jinoyatchilik sabablarini boshqa bir qancha mezonlarga ko’ra tasniflash uchun imkoniyat va zarurat mavjud deb o’ylaymiz.
Birinchidan, jinoyatchilik sabablarining manbalari soniga ko’ra, bir omilli va ko’p omilli sabablarni farqlash mumkin. Buni yuqorida so’z yuritilgan jinoyatchilik sabablarini o’rganish tarixi (masalan, «omillar» nazariyasi yoki «xromosomalar» nazariyasi) ko’rsatadi.
Ikkinchidan, sabablarni jinoiy xulq-atvor turlari va xususiyatiga ko’ra tasniflash mumkin. Mulkka qarshi, zo’ravonlik, davlatga qarshi, transportga oid, harbiy va boshqa jinoyatlarning sabablari shular jumlasidan.
Uchinchidan, jinoyatchilik sabablarini jinoyatlarning oqibatlari xususiyatiga ko’ra tasniflash mumkin (o’ta og’ir, og’ir, uncha og’ir bo’lmagan, ijtimoiy xavfi katta bo’lmagan jinoyatlar va h.k.).
To’rtinchidan, jinoyatchilik sabablarini ular namoyon bo’lgan sohalarga ko’ra tasniflash mumkin (qishloq xo’jalik, savdo, qurilish sohasidagi, jamoat joylaridagi jinoyatlar va h.k.).
Beshinchidan, jinoyatchilik sabablarini jinoyat sodir etgan shaxslarning belgilariga qarab tasniflash mumkin (masalan, mahkumlar orasidagi jinoyatchilik, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi, retsidiv jinoyatchilik, mansabdorlik jinoyatlari va h.k.).
Nihoyat, jinoyatchilik sabablarini jinoyat sodir etgan shaxslarning ayb shakliga ko’ra tasniflash mumkin (masalan, muayyan sohada ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan jinoyatlarning sabablari va shartlari, muayyan sohada ma’lum shaxslar tomonidan qasddan sodir etilgan jinoyatlarning sabablari va shartlari va h.k.). Mazkur tasnif nafaqat nazariy, balki amaliy ahamiyatga ham egadir, chunki u jinoyatchilikka qarshi kurashish profliaktik chora-tadbirlari tizimini yanada aniqroq va mufassalroq ishlab chiqishga yordam beradi.