4. Jinoyatchi shaxs tushunchasi va uning belgilari. «Shaxs» tushunchasi insonning ijtimoiy foydali mehnatga munosabatini, inson ijtimoiy rivojlanish uchun zarur bo’lgan xossalarni shakllantirish uchun o’zi ustida qanday ishlashini muqarrar tarzda qamrab oladi.Mehnatga, o’z huquqlaridan foydalanishga, o’z burchlarini bajarishga munosabat shaxsning jamiyatdagi ahamiyati darajasini belgilaydi. SHu sababli o’z faoliyati bilan ijtimoiy taraqqiyotni jadallashtiruvchi shaxslar ilg’or, taraqqiyparvar shaxslar sifatida ta’riflanadi. Va aksincha, taraqqiyot yo’lida to’g’anoq bo’luvchi, faqat o’zining tuban ehtiyojlarini qondirish bilangina kifoyalanuvchi odamlar qoloq va hatto reaktsion shaxslar hisoblanadi.
Insonning biologik tabiatini inkor etish mumkin emas, ammo biologik omil shaxs mohiyatini yoritib bera olmaydi. Uinson shaxsi rivojlanishini harakatlantiruvchi kuch emas,balki uning shartlaridan biridir. Muayyan biologik asoslarda ba’zan ijtimoiy shart-sharoitlar ta’sirida jiddiy o’zgarishlar ro’y beradi.Shunday qilib, inson shaxsi – tabiiy va ijtimoiy, moddiy va ma’naviy fazilatlar va xislatlarning murakkab uyg’unligidir. Shaxs – o’z shaxsiy (individual) va jamiyatdan olingan ijtimoiy tajribaga ega bo’lgan harakatchan tizimdir. Mazkur tajriba shaxsning o’zini qurshagan muhitga munosabatida, uning his-tuyg’ulari va xulq-atvorida o’z aksini topadi. Shaxs – odamning ongi, sezgilari va xohish-irodasini shakllantiruvchi ijtimoiy munosabatlarning muayyan borlig’idir. Shu munosabatlarning (eng avvalo iqtisodiy, ishlab chiqarish munosabatlarining) yetuklik darajasi odam shaxsining yetuklik darajasini belgilab beradi.SHaxs tarkibi to’g’risidagi masala muhim metodologik masalalardan biridir.Sotsiologiyada shaxsning kamida uch muhim tarkibiy elementi farqlanadi:
1) shaxsning jamiyatdagi ijtimoiy holati, avvalo uning ishlab chiqarishga munosabati – ishlab chiqarish munosabatlari tizimida shaxsning o’rni, qaysi ijtimoiy tabaqaga mansubligi;
2) shaxs qaysi funktsiya va rollarni bajarishi;
3) shaxs hayoti va faoliyati motivlarining, manfaatlar (ijtimoiy, shaxsiy), ehtiyojlar (moddiy, ma’naviy) tizimining xususiyati, ya’ni shaxsning moyilliklari.
Jinoyat sub’ekti shaxsini o’rganish zamirida yuqorida qayd etilgan umumiy asosiy qoidalar yotishi lozim.Jinoyatchi shaxsi – avvalo jinoyat sub’ektining shaxsidir.Jinoyat qonunchiligiga binoan jinoyat sub’ekti uni aynan sub’ekt deb topish uchun zarur ko’rsatkichlarga ega bo’lishi lozim. Bunday ko’rsatkichlar uchta: jismoniy shaxs (jahonning ba’zi bir mamlakatlarida yuridik shaxslarni ham jinoyat sub’ekti deb topish imkoniyati nazarda tutilganki, bunga qo’shilish qiyin), shaxsning muayyan yoshga to’lganligi (MDHning bir qancha mamlakatlari qonunchiligiga ko’ra 14, 16, 18 yosh,jahonning ba’zi bir mamlakatlari jinoyat kodekslariga binoan esa – bundan ham kichikroq yosh) va aqli rasolik. Ammo jinoyatchi shaxsini tavsiflash uchun jinoyat sub’ektining faqat jinoyat-huquqiy belgilari yetarli emas.
Muayyan sub’ektning jinoyat sodir etishi faqat jinoyat sodir etgan odam shaxsi mavjudligini e’tirof etish uchun asos bo’lib xizmat qiladi.Jinoyat sub’ektining shaxsi odamning asosan jinoiy xulqatvor xususiyatlari bilan bog’liq bo’lgan boshqa har xil ko’rsatkichlarini ham qamrab oladi. Jinoiy xulq-atvor eng avvalo odamni qurshagan borliq, muhit bilan belgilanadi. Lekin, ayni vaqtda, u shaxsning muayyan mayllari, intilishlari, xulq-atvor motivlari va maqsadlarini ham aks ettiradi. Tabiiyki,odamga qanday salbiy xususiyatlar xos bo’lmasin, agar u jinoyat sodir etmagan bo’lsa, uni jinoyatchi deb hisoblash mumkin emas.Jinoyat sodir etganlik holati muayyan odamni g’ayriijtimoiy shaxs sifatida tavsiflaydi, lekin uning mazmun-mohiyatini to’liq tushuntirib bermaydi.
Jinoyatchi shaxsini to’laqonli tavsiflash va baholash uchun uning ham ijobiy, ham salbiy xulq-atvorini belgilovchi barcha xislatlari va xususiyatlarini, unga xos bo’lgan barcha xislatlar tizimida ijtimoiy salbiy xossalar ulushini hisobga olish zarur.Ijtimoiy borliq hodisasi sifatida, jinoyatchilik ijtiijmoiy munosabatlarga tajovuz qilgan shaxslarning o’ziga xos xususiyatlari bilan belgilanadi. Har bir muayyan jinoiy harakat ana shu xususiyatlarni aks ettiradi. Pirovardida jinoiy qilmish sodir etgan shaxsda uning ijtimoiy munosabatlar –jinoiy tajovuz ob’ektiga salbiy munosabatini belgilovchi dunyoqarashi ham o’z aksini topadi.Jinoyat sub’ektining shaxsi uch darajada: jinoyatchi shaxsi umumiy tushunchasi nuqtai nazaridan, har xil toifaga mansub jinoyatchilarning belgilarini aniqlash nuqtai nazaridan va muayyan jinoyat sodir etgan shaxs (massalan, o’g’rilik, odam o’ldirish, nomusga tegish, avtomobilniolib qochish va hokazo jinoyatlar sodir etuvchi shaxslar) darajasida o’rganilishi lozim.Mazkur darajalarda shaxsni o’rganish va uning belgilarini aniqlash darajasi har xil bo’lishi mumkin, chunki bu yerda umumlashtirish (abstraktsiya) darajasi har xildir. Jinoyat sub’ektining shaxsi muayyan jinoyat sodir etgan shaxs darajasida nisbatan to’liq tavsiflanishi mumkin.
Ammo muayyan toifaga mansub jinoyatchilarni (masalan, retsidivistlar, voyaga yetmaganlar, mulkka qarshi, davlatga qarshi, zo’ravonlik va hokazo jinoyatlar sodir etgan shaxslarni) o’rganish jinoyatchi shaxsini bunday shaxslarning o’ziga xos xususiyatlari nuqtai nazaridan yoritish va tegishincha jinoyatlarning tegishli toifalariga qarshi kurashning muayyan chora-tadbirlarini ishlab chiqishga yordam beradi.Ayni vaqtda, «jinoyatchi shaxsi» umumiy tushunchasi ham odam fazilatlari va xislatlarining jinoyatchilik bilan o’zaro bog’lanishini o’rganish va hisobga olish uchun foydalidir.
Maxsus adabiyotlarda ayrim olimlar,xususan,professor Yu.D.Bluvshteyn tomonidan ilgari surilgan «jinoyatchi shaxsi» umumiy tushunchasidan voz kechish maqsadga muvofiqligi haqidagi fikriga qo’shilib bo’lmaydi.Kriminologiya fanida jinoyat sub’ekti shaxsining asosiy tarkibiy elementlari ancha mukammal tavsiflangan. Mazkur tarkib umuman olganda jinoyatchining muayyan xislatlari va xossalarini belgilovchi ijtimoiy-demografik, ijtimoiy-axloqiy, ijtimoiy-psixologik, ijtimoiy-huquqiy belgilarni qamrab oladi. Kriminolog olimlarning jinoyatchi shaxsi sxemasi to’g’risidagi ba’zi bir muhim takliflarini keltirib o’tamiz.
B.V.Voljenkin jinoyatchi shaxsi tarkibidagi belgilarni uch guruhga ajratishni taklif qiladi:
1. Shaxsning jamiyat a’zosi sifatidagi umumiy belgilari.
2.Jinoyatchi shaxsining uni boshqa fuqarolardan farqlash imkonini beruvchi, lekin barcha jinoyatchilar uchun umumiy bo’lgan (uning ijtimoiy xavflilik darajasini tavsiflaydigan) alohida belgilari.
3.Jinoyatchi shaxsining mazkur odamni tavsiflaydigan o’ziga xos belgilari22.
N.T.Vedernikov shaxs belgilarini ikki guruhga ajratishni taklif qiladi:
a) individuallashtiruvchi belgilar (shaxsning tarjimai holi, moddiy ahvoli, jismoniy va ruhiy sog’lig’i haqidagi ma’lumotlar);
b) shaxsning ijtimoiy (ishlab chiqarishga oid, siyosiy va oilaviy) tavsifi23.
Yu.D.Bluvshteyn jinoyatchi shaxsining demografik, ijtimoiy, huquqiy, psixologik va biologik (tibbiy) belgilarini farqlaydi24.
Professor A.B.Saxarov dastlab jinoyatchi shaxsining belgilarini ijtimoiy-demografik, ijtimoiy-psixologik va ijtimoiy-biologik toifalarga ajratishni taklif qilgan edi25.Biroq, keyinchalik u o’z fikrini muayyan darajada o’zgartirdi va shaxsning biologik belgilari turkumini ro’yxatdan chiqarib tashladi.26 Har qanday odam, ijtimoiy mavjudot sifatida, har xil aloqa va ijtimoiy munosabatlarga egadir. Jinoyatchi shaxsini belgilaydigan aloqalar, xossalar va belgilarning rang-barangligi eng avvalo jinoyat sodir etgan shaxsning ijtimoiy ahamiyatga molik xislatlari va xususiyatlarini o’rganishni, jinoyatchi shaxsining tipologik xususiyatlarini aniqlashni va uni alohida ijtimoiy tip sifatida tavsiflashni nazarda tutadi.Har qanday jinoiy harakat avvalo odamning intellektual,emotsional va axloqiy fazilatlari va xislatlarini aks ettiradi. Shu bois mazkur fazilat va xislatlarning ob’ektiv ko’rsatkichlarini aniqlash, ularning deformatsiyalashuvi bosqichlarini tadqiq qilish krminologiya uchun muhimdir.
Shunga asoslangan holda u ijtimoiy sohada jinoyatchi shaxsini va uning jinoiy xulq-atvorini belgilaydigan kriminogen omillarning yaxlit tasnifini tuzishi mumkin.Bunda ijtimoiy-demografik belgilar – jins, yosh, oilaviy va ijtimoiy holat, ma’lumot, kasb va hokazolar aholi turli ijtimoiy tabaqalarining jinoiy faolligini aniqlash, jinoyat sodir etgan shaxslarning yosh va jins xususiyatlarini kuzatishga yordam beradi. Shaxsning oilaviy va ijtimoiy holatini tadqiq qilish muayyan jinoyatchining shaxsi shakllanishiga ta’sir ko’rsatgan kriminogen omillar va holatlarni aniqlashga ko’maklashadi.Ijtimoiy-psixologik tavsif «shaxs – muhit» o’zaro ta’sir mexanizmlarini o’rganishga, jinoyatchining shaxsi shakllanishiga ta’sir ko’rsatuvchi nojo’ya shart-sharoitlarni aniqlashga imkoniyat yaratadi.
Emotsiyalar, intellekt va iroda sohalarini tahlil qilish individual jinoiy xulq-atvor motivatsiya jarayonlari haqida xulosalar chiqarish, jinoyatning muayyan motivlari va sabablarini aniqlash imkonini beradi.Xususan, intellekt shaxsning aqliy rivojlanish darajasini, o’zini qurshagan muhit haqidagi bilimlari hajmi va ularning chuqurlik darajasini, ma’rifiy qiziqishlari mazmuni, doirasi va hajmini, ijtimoiy munosabatlari hajmini belgilaydi.Odamning emotsiyalar sohasi uning nerv jarayonlarining kuchi, muvozanati va harakatchanligini (mijozini), emotsional ta’sirchanlik darajasini va hokazolarni ko’rsatadi.
Shaxsning irodasiga xos xususiyatlar uning o’z faoliyatini ongli tarzda tartibga solish ko’nikmasini, qarorlar qabul qilish va ularni amalga oshirish, o’z maqsadiga erishish qobiliyatini tavsiflaydi. Ular tirishqoqlik, izchillik, tashabbuskorlik, topqirlik, qat’iylik, o’zini tuta bilish, serg’ayratlik kabi fazilatlarda namoyon bo’ladi.Ijtimoiy-psixologik tahlil pirovardida shaxsning jinoiy xulq-atvoriga ta’sir etuvchi bevosita sabablar va sharoitlarning amal qilish mexanizmini tushunib yetish imkonini beradi. U jinoyatchi shaxsi g’ayriijtimoiy yo’nalishining mazmunini, uning salbiy ko’rinish kasb etgan qarashlari va moyilliklari, ehtiyojlari va manfaatlarini yoritishga ko’maklashadi. Bularning barchasi, o’z navbatida, jinoyatga turtki bergan omillarni aniqlashga yordam beradi. Odamning ongli faoliyatida ma’naviy sezgilar, kayfiyatlar va munosabatlar ham namoyon bo’ladi.
Shuning uchun ularni kriminologik o’rganish juda muhimdir.Shaxsning ijtimoiy belgilari asosan uning jamiyatdagi,jamoadagi, mikromuhitdagi o’rni, ya’ni uning ijtimoiy holati bilan tavsiflanadi.Shaxsning yuqorida ko’rsatib o’tilgan barcha belgilarini o’z holicha kriminogen belgilar sifatida baholash mumkin emas.Ammo ularning ijobiy yoki salbiy ijtimoiy ahamiyatiga qarab, ular o’rtasida mavjud o’zaro bog’lanishlar shaxsning muayyan xulq-atvori maqbul yoki nomaqbul yo’nalishda namoyon bo’lishiga o’z ta’sirini ko’rsatishi mumkin.Nihoyat, jinoyatchi shaxsining jinoiy-huquqiy tavsifi jinoyat-huquqiy kategoriyalarga (masalan, sodir etilgan jinoyat turi va uning og’irlik darajasi, jinoyat sodir etishda ishtirokchilik, umumiy va maxsus retsidiv, jinoyatchi shaxsining axloqan tuzalish darajasi va hokazo) asoslanadi va jinoyat sodir etgan shaxsning o’ziga xos portretini yaratish imkonini beradi. Shunday qilib, jinoyat sub’ektining shaxsi – odamning o’zini ham, uning hayoti va faoliyatining turli tomonlari va ko’rinishlarini ham tavsiflovchi ijtimoiy ahamiyatga molik va individual belgilari, xossalari, xislatlari va boshqa ko’rsatkichlarining muayyan majmui (tizimi)dir.