Mavzuni mustahkamlash uchun nazorat savollari
:
1. Tahlil va talqin tushunchalariga izoh bering?
2. “Badiiy tahlilning ilmiy-nazariy asoslari” fani manbalari nimalardan iborat?
3. Badiiy matn turlari haqida so‘z yuriting?
4. Fan predmeti, funktsiyasi deganda nimani tushunasiz?
5. “Badiiy tahlilning ilmiy-nazariy asoslari” fanininig boshqa fanlar bilan aloqasi
to‘g‘risida fikr yuriting?
6. Hermenevtika fanining yo‘nalishlari haqida ma’lumot bering?
7. Qadimgi Sharq va G‘arb talqin fanlari haqida ma’lumot bering?
2-MAVZU:BADIIY TAHLIL MOHIYATI VA YETAKCHI TAMOYILLARI
Mavzu rejasi:
1. Tahlilning tugal boʻlmasligi tamoyili.
2. Tahlilning shaxsiy mulohaza, subyektiv qarash maqomida boʻlishi tamoyili.
3. Badiiy asarga biror gʻoyaning ifoda vositasigina deb qaramaslik tamoyili.
4. Badiiy matnga borliqning nusxasi tarzida munosabatda boʻlmaslik tamoyili.
5. Yaxlitlik tamoyili.
6. Tizimlilik tamoyili.
7. Estetik asoslarning ustuvorligi tamoyili.
8. Hissiylik tamoyili.
Adabiyotlar:
1.Yo’ldoshev Q., Yo’ldosheva M. Badiiy tahlil asoslari. (O’quv qo’llanma) –T.,
Kamalak. 2016.
2. Izzat Sulton Adabiyot nazariyasi. –T., O’qituvchi. 2005 yil.
17
3. Boboyev T. Adabiyotshunoslik asoslari. – T.: “Oʻzbekiston”, 2000 yil.
Tekshirilayotgan badiiy asarning butun sehru jozibasi to‘liq namoyon
bo‘lishi, unda aks etgan inson ruhiyati manzaralari to‘la anglashilishi va
izohlanishi uchun tahlilni amalga oshirishda bir qator tamoyillarga tayanilishi
kerak. Tamoyil biror xatti-harakatning yuzaga kelishi uchun bajarilishi lozim
bo‘lgan shartlar tushunchasini anglatadi.
Mukammal va tugal tahlilning bo‘lishi mumkin emasligi badiiy asar
tahlilini amalga oshirishda rioya qilinadigan birinchi tamoyildir. Badiiy tahlilda
mantiqiy tushunchalar asosida ish ko‘rilib, ilmiy xulosalar chiqarilsa-da, bunda
aniq fanlardagi kabi bir xil natijaga kelinmasligi mumkin. San’at hodisasiga xos
xususiyatlarni mantiq kategoriyalari va tafakkur tushunchalari qolipiga to‘liq, tugal
va beshikast ag‘darish mumkin emas. Mantiqiy kategoriyalarga to‘la tushadigan,
barcha qirralari tugal izohlanadigan hodisa chin san’atga tegishli bo‘lmaydi. San’at
mantiqiy
tushunchalarga
sig‘dirish
mumkin
bo‘lmagan
joydan
boshlanadi.
Binobarin,
eng zo‘r tadqiqotchi ham asl ijod namunasini o‘zgacha
talqinga o‘rin qoldirmaydigan tarzda to‘liq tahlil qilolmaydi.
Chinakam badiiy matn uni idrok etgan shaxslarning saviyasi, didi, intellektual
darajasiga muvofiq ravishda turli davrlarda turlicha qabul etilaveradi. Hatto, ba’zan
bir asarning o‘zi bitta odam tomonidan kayfiyatining qandayligiga qarab har xil
idrok etilishi mumkindir.
Badiiy asar tahlilida amal qilinadigan ikkinchi tamoyil har qanday tahlilning
shaxsiy mulohaza ekani va u hech qachon mutlaq haqiqat bo‘lmasligidir. Tahlilchi
qanchalik bilimdon va mohir bo‘lmasin, uning fikrlari hamisha faqat shaxsiy
mulohaza maqomida bo‘ladi. Ilmiy haqiqatlar ko‘pchilik tomonidan birday qabul
qilinadi, ammo estetik haqiqatlar to‘g‘risida bunday deb bo‘lmaydi. Har bir
o‘quvchi asarni o‘zicha o‘qiydi, tushunadi, ta’sirlanadi, his etadi va o‘zicha
to‘xtamga keladi. Bir asarni o‘qigan bir qancha kishi o‘rtasida o‘zaro o‘xshash
fikrlar bo‘lgani singari, bir-birini mutlaqo inkor etadigan qarashlar uchrashi ham
tabiiy holdir.
18
Biror badiiy asarning istalgan bir mutaxassis tomonidan qilingan tahlili nechog‘lik
chuqur ekaniga qaramay, o‘zga bir shaxs bu xildagi talqinni yo qisman, yoki
butunlay qabul etmasligi va badiiy hodisaga o‘z pozitsiyasidan kelib chiqib,
tamomila boshqacha baho berishi mumkin. Badiiy asarning o‘ta shaxsiy faoliyat
natijasi bo‘lib, tinimsiz o‘zgarishlar og‘ushidagi kayfiyat va tuyg‘ular ifodasi ekani
uning qabul etilishi ham g‘oyat individual yo‘sinda kechishiga asos bo‘ladi.
Adabiy asar tahlilining muhim tamoyillaridan biri san’at asariga g‘oya ifodalash
vositasigina
deb qaramaslik va uning,
birinchi navbatda, estetik hodisa ekanini
hisobga olish kerakligidir. Adabiyotshunoslikda hanuzgacha ham badiiy asarga,
avvalo, qandaydir g‘oyani o‘tkazish yo‘li, deb qarash uchrab turadi. Bu hol badiiy
asarning asl qimmatini pasaytiradi. Uning birinchi navbatda estetik zavq manbai
ekanini e’tibordan tashqarida qoldiradi.
Tahlilda tayanilishi zarur tamoyillardan yana biri badiiy asarga borliqning
nusxasi tarzida yondashish mumkin emasligidir. San’at hodisasini tabiat yoki
ijtimoiy hayotga taqlid natijasi, deb tushunish asarni real voqelikka mos kelish-
kelmaslik nuqtai nazaridan baholashni taqozo etadi. Holbuki, hayotdagiday
tasvirlashning o‘zi biror asarning saviyasi haqida xulosa chiqarishga asos bo‘la
olmaydi. Hayotdan ko‘chirish ham kitobdan ko‘chirishday nusxakashlikdir.
Badiiy mantiq hamisha ham hayot mantig‘iga muvofiq kelavermaydi. Ba’zan
badiiy tasvir hayot hodisasidan teranroq, ahamiyatliroq, salmoqliroq bo‘lishi ham
mumkin. Chunki badiiy asar real voqelikdagi hayotiy xaos (betartiblik)dan yaxlit
va ichki intizomga bo‘ysunuvchi, qat’iy badiiy mantiqqa binoan harakatlanuvchi
estetik kosmos (intizom, go‘zallik) yaratishga qaratilgan ijodiy faoliyat natijasidir.
Bu haqda norveg adabiyotshunosi E. Xovards’holm: «Poeziya real borliqning
taqlidi ham yoki uning qandaydir talqini ham emas. Poeziya o‘z holicha ortiq
darajadagi reallikdir», deb yozadi.
Badiiy tahlilning muhim tamoyillaridan yana biri yaxlitlik hisoblanadi.
Yaxlitlik talabi o‘rganiladigan badiiy asarga mustahkam estetik tizim sifatida
istalgancha tarkibiy qismlarga ajratib tashlash mumkin bo‘lmagan butunlik tarzida
yondashishni ko‘zda tutadi. San’at asarining butunligiga daxl qilinmagandagina
19
uning ichiga kirib borish, mohiyatini anglash mumkin. Inson intelekti, tuyg‘ulari
va ma’naviyatini shakllantirishga yo‘naltirilgan badiiy tahlil har bir shaxsning
yaxlit ijtimoiy-biologik hodisa ekanini hisobga olishi zarur. Chunki insonga avval
aqliy, so‘ng axloqiy, so‘ngra
jismoniy,
undan keyin mehnat, undan so‘ng vatanga
muhabbat, ulardan keyin insonparvarlik va hokazo tarzidagi sifatlarni singdirib
bo‘lmaydi. Odam yo turli omillar ta’sirida bir qator ma’naviy xususiyatlarga ega
yaxlit bir shaxs sifatida shakllanadi yoxud hech qachon to‘la ma’nodagi shaxsga
aylanolmay qolaveradi.
Badiiy asarga mo‘jizaviy bir butunlik tarzida yondashilmasa, uning siru jozibasi
yo‘qqa chiqib, ta’sir qudratidan mahrum bo‘ladi. O‘rganilayotgan asarning barcha
jihatiga birvarakayiga sinchkov yondasha bilish va uning qismlarida buzilmas
butunlikning jozibasi borlig‘ini kashf etish tahlil muvaffaqiyatini ta’minlaydigan
omildir.
Badiiy tahlilda amal qilinishi kerak bo‘lgan zarur tamoyillardan biri
tizimlilikdir. Tizimlilik yaxlitlik tamoyilining mantiqiy davomi bo‘lib, unda badiiy
asarni tashkil etgan unsurlarning muayyan tizimli ko‘rinishda bo‘lishi hisobga
olinadi. Asl san’at asaridagi barcha badiiy unsurlar biri ikkinchisiga chambarchas
bog‘liq bo‘ladi. Biror bir asarda portret, o‘xshatish, peyzaj, ko‘chim, mubolag‘a,
kichraytirish singari vositalar tasodifiy ravishda kelmaydi va tasvirning umumiy
darajasiga ta’sir qilmay qolmaydi.
Tahlil tekshirilayotgan asardagi
badiiy
unsurlarning ayni shu tartibda guruhlashuvining ichki mantiqiy-kommunikativ,
tasviriy-ifodaviy qonuniyatini ochishga qaratiladi.
Badiiy asar tahlilida hamisha suyanilishi lozim bo‘lgan tamoyillardan biri
tarixiylikdir. Adabiy asar muayyan tarixiy sharoitda, konkret vaqtda yashab o‘tgan
odam tomonidan yaratilgani uchun unda aks ettirilgan voqealargina emas, balki
ruhiy holat manzaralarida ham o‘sha davrning tamg‘asi bo‘ladi. Shuningdek,
badiiy matn hamisha konkret zamon va makonda yashayotgan odam tomonidan
qabul etiladi. Binobarin, tahlilga tortilgan har qanday badiiy asarning yaratilgan va
tekshirilayotgan davrlarga xos xususiyatlarini hisobga olmay turib, asosli estetik
to‘xtamga kelish imkonsiz. O‘rganilayotgan asarga tarixiylik nuqtai nazaridan
20
yondashilmasa, qahramonlar ruhiy holatini ham, ularni biror xatti-harakatga
undagan sabablarni ham tushunmaslik mumkin.
Tarixiylik tamoyiliga tayanish, ayniqsa, zamonaviy asarlarni tekshirishda
alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki agar mumtoz adabiyotning asl namunalari
boshdanoq sof san’at asari tarzida yaratilib, o‘tmish san’atkorlar uchun badiiy
shakl ustuvor maqomda turgan bo‘lsa, zamonaviy ijodkorlar uchun o‘zgacha holat
xosdir. Olamni estetik idrok etishda global tasvir yo‘nalishida ketayotgan
zamonaviy o‘zbek adiblari tomonidan yaratilgan deyarli barcha asarlar biror
hayotiy turtki tufayli vujudga kelgan va o‘sha tarixiy sharoit hisobga olinmasa,
asarni to‘g‘ri tushunish hamda tushuntirish maholroqdir.
Adabiy asarni tahlil qilishning muhim prinsiplaridan biri estetik asoslarning
ustuvorligi tamoyilidir. Badiiy asar inson ruhiyati manzarasi bo‘lgani bois,
o‘quvchilarni eng qabariq, eng ta’sirchan tuyg‘ular bilan yuzma-yuz qiladi. Shu
tariqa, kitobxonlar o‘zga odamlarning ruhiyatiga oshno bo‘ladilar. Aslida, o‘z
tuyg‘ularinida anglab yetishga qiynaladigan kitobxonni o‘zgalar hissiyotini
tuyishga yo‘naltirish uning sezimlarini ingichkalashtirib, kechinmalarini
o‘tkirlashtiradi. Estetik asoslar ustuvor bo‘lgan badiiy tahlilgina o‘quvchining qalb
ko‘zini ochib, uni tuyg‘usizlik va hissizlikdan qutqaradi. Badiiy asar vositasida
beparvolik va loqaydlikdan xalos bo‘lish inson ma’naviy taraqqiyotida ulkan
ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumki, chinakam badiiy asarning estetik jozibasi uning sirtida
turmaydi.
Matndagi yashirin nafosatni,
zariflikni anglash, uning badiiy
qatlamlarini kashf etish uchun muayyan adabiy bilim va estetik diddan tashqari
go‘zallikni kerakli joydan qidira bilish malakasi ham shakllangan bo‘lishi kerak.
Chin go‘zallik hamisha yashiringan bo‘ladi. Yashirin go‘zallikni topish esa oson
emas. Ijodkor tomonidan «shifrlab qo‘yilgan» noma’lum badiiy ma’noni, estetik
jozibani topish adibning estetik idealini, tasvir uslubini payqay olgan kishiga nasib
etadi. Badiiy tahlil qilinmagan asar yechilmagan test kabi noma’lumlikdir. Tahlil
ana shu noma’lumlikni ochadigan mantiqiy-estetik kalit vazifasini bajaradi.
21
Tahlilda estetik asoslarga yetarli e’tibor bermaslik asl san’at asarlarini yo‘qqa
chiqarishi mumkin. Hazrat Navoiyning «Lolazor ermaski, ohimdin jahonga tushdi
o‘t, Yo‘q shafaqkim, bir qiroqdin osmonga tushdi o‘t», matlasi bilan
boshlanadigan g‘azaliga faqat mantiqiy tushunchalar asosida yondashgan kishi
undan o‘ta chuqur ma’no topolmasligi mumkin. Bu satrlar yuksak va betakror
hissiy holat ifodasi tarzida o‘rganilgandagina undagi tengsiz jozibani tuyish
mumkin bo‘ladi. Qip-qizil bo‘lib ochilgan cheksiz-chegarasiz lolazor qo‘ynida
turgan lirik qahramon ma’shuqasi hajrida kuyib, ichi olovga to‘lib ketgan. Uning
nazarida, ufqlarga qadar tutashib ketgan bepoyon qizillik ochilgan lolazor emas,
balki ma’shuqa firog‘ida kuygan g‘amboda oshiqning ohidan dunyoni tutib ketgan
olov. Lolazor borib tutashgan ufq tepasidagi qizillik ham shafaq nuri emas, balki
oshiqning ohidan chiqqan o‘t yerni yondirib bo‘lib, osmon yer bilan tutashgan
joydan ko‘kka chirmashdi va endi osmon ham bir qirg‘og‘idan yonib ketmoqda.
Shu xildagi yondashuvgina misralar jozibasini to‘la his etishga xizmat qiladi.
Badiiy tahlilni amalga oshirishda emotsionallik tamoyili ham katta o‘rin tutadi.
Badiiy adabiyot borlig‘icha hissiyotga asoslangan hodisa. Demak, badiiy tahlilda
ham asarning hissiyot qo‘zgash xususiyati ko‘zda tutilishi muhim. Hissiyot
hisobga olinmagan tahlilda badiiy asarning estetik o‘ziga xosligi yo‘qqa chiqadi.
Tahlil kishining tuyg‘ular olamiga daxl qilsagina, asarning badiiy va hayotiy
mantig‘i hamda estetik jozibasi ochiladi.
Badiiy tahlilning yo‘nalishlari
Badiiy tahlilda adabiy
matnga qanday yondashilayotgani,
uning qaysi jihatini
tadqiq etish ko‘zda tutilayotgani ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Tahlil
etilayotgan badiiy asarning qaysi jihatiga birlamchi e’tibor berilishi lozimligini
belgilash tahlilning yo‘nalishi tushunchasini anglatadi. Badiiy asar tahlilining
to‘laqonli bo‘lishi tahlilchining matnni qanday yo‘nalishda tekshirayotganiga
bog‘liqdir.
Badiiy tahlil ilmida asar tahlili genetik, tipologik, funksional, falsafiy, psixologik
va filologik singari olti yo‘nalishda amalga oshirilishi qayd etiladi. Albatta, tahlil
yo‘nalishlarining bu xildagi tasnifi birmuncha shartlidir. Negaki, odatda badiiy
22
tahlil jarayonida bu yo‘nalishlardan birortasi ustuvor o‘rin tutsa-da, deyarli hech
qachon faqat bittasidan foydalanilib, boshqasi chetlab o‘tilmaydi. Chunki
o‘rganilayotgan asar estetik tizim bo‘lgani uchun uning tahliliga ham ajralmas
qismlardan iborat butunlik tarzida yondashish, ya’ni, matnga har jihatdan qarash
zaruriyati hamisha saqlanib qoladi.
Badiiy asar genetik yo‘nalishda tahlil etilganda, asarning
yuzaga kelish jarayoni,
variantlari, yozilish sabablari tadqiq etiladi. Bunda asarni yuzaga keltirgan omillar
ko‘rsatilishiga alohida e’tibor qaratiladi.
Tipologik yo‘nalishda tahlil qilinayotgan asarni yuzaga keltirgan badiiy yoki
hayotiy manbalar, tahlil etilayotgan asarning o‘sha davrda yaratilgan boshqa
asarlarga o‘xshash hamda farqli tomonlari, asar muallifi bilan o‘zga adiblar
orasidagi ijodiy ta’sir, badiiy vorislik kabilarni aniqlashga e’tibor qaratiladi.
Funksional yo‘nalishdagi tahlilda asarning ijtimoiy ta’sir kuchini aniqlashga
alohida diqqat qilinadi. Unda o‘rganilayotgan asarning muayyan millat
ma’naviyatida qanday o‘rin tutishi tekshiriladi. Tahlil qilinayotgan asarning milliy
adabiy jarayondagi o‘rni, yaratilgan zamonidagi yoki tekshirilayotgan davrdagi
kishilar tafakkuriga qilgan ta’siriga alohida ahamiyat beriladi. Asardagi qaysi
obraz yoki tasvir orqali qanday ijtimoiy qonuniyat yoxud muammo yoritilgani
tekshiriladi. O‘zbek badiiy tahlil amaliyotida funksional yo‘nalishdan keng
foydalaniladi. Bu yo‘nalish qator ijobiy xususiyatlar bilan birgalikda tendensiozlik,
matnning badiiy jozibasini e’tibordan qochirish singari salbiy jihatlarga ham
egadir.
Badiiy asar falsafiy yo‘nalishda tahlil qilinganda, yozuvchining dunyoqarashi va
e’tiqodi, olamni ko‘rish, anglash, tushuntirish hamda tasvirlashda tayanadigan
falsafiy asos tekshiriladi. Bu yo‘nalishdagi badiiy tahlil matndan uzilgan falsafiy
mushohadalardan iborat bo‘lib qolmasligi kerak. Tekshirilayotgan asar matnidan
kelib chiqmaydigan har qanday falsafiy-nazariy xulosa amaliy ahamiyat kasb
etmaydi.
Psixologik yo‘nalishda o‘rganilayotgan asar muallifi shaxsiyatidagi o‘ziga xoslik,
adibning asar ustida ishlash usuli, ijodiy jarayon psixologiyasi, shu kechimdagi
23
ruhiy holati va uning tahlillanayotgan asarda qoldirgan
nuqsi,
muallif ruhiy
dunyosining matn saviyasiga ko‘rsatgan ta’siri kabi jihatlar o‘rganiladi. Tahlilning
bu yo‘nalishida muallifning tasvir
uslubini tayin etgan omillar,
shaxsiyatga xos
jihatlarning badiiy haqiqatga evrilish yo‘sini tekshiriladi.
Lingvistik yo‘nalishdagi badiiy tahlilda asosiy e’tibor asarning til jihatiga
qaratiladi. Bu yo‘nalishda asar filologik hodisa sifatida til va tasvir vositalarini
qo‘llash, tilning tasvir imkoniyatlari doirasida badiiy shakllar yaratish nuqtai
nazaridan tekshiriladi. Bunda muallifning faoliyati an’anaviylik va novatorlik
pozitsiyasidan baholanadi. So‘zning o‘z va badiiy ma’nosi, kontekstdagi jozibasi,
badiiy matn zamiriga yashirilgan mazmun va bu yashirilganlikning hayotiy-estetik
sabablari singari jihatlarga e’tibor qaratiladi.
Ta’kidlash kerakki, yuqorida sanalgan yo‘nalishlar deyarli hech qachon bittadan
qo‘llanilmaydi va hamisha bir nechasi yoxud barchasidan aralash holda
foydalaniladi.
Badiiy tahlil bosqichlari
Jiddiy hozirlikni talab qiladigan ilmiy-estetik jarayon sifatida badiiy tahlil
muayyan bosqichlarda amalga oshiriladi. Amaliyotda adabiy tahlilning uch
bosqichi mavjudligi kuzatiladi. Birinchi tayyorlanish bosqichda tadqiqotchi badiiy
tahlilga imkoniyat hozirlaydi. Ikkinchi, ya’ni, tahlil qilish bosqichida badiiy matn
tahlil etiladi. Uchinchi bosqich xulosalashdan iborat bo‘ladi va tahlil yuzasidan
bildirilgan fikrlar muayyan tizim tarzida umumlashtirilib, ilmiy xulosa chiqariladi,
asarning yutuq va kamchiliklari, o‘ziga xosligi ko‘rsatilib, uning adabiyotdagi
o‘rni belgilab beriladi.
Tayyorgarlik bosqichida tahlil etiladigan asar matni sinchiklab o‘rganilishi, tahlil
kechimida e’tibor qaratiladigan, urg‘u beriladigan jihatlar aniqlanishi, asosiy
nuqtalar belgilanishi lozim. Shunda tahlilning ikkinchi bosqichi muavaffaqiyatli
amalga oshirilishi mumkin.
Bevosita badiiy tahlil amalga oshiriladigan ikkinchi bosqichda matnning
jozibadorligini ta’minlagan estetik omillar:
timsollar tizimi,
personajlar ruhiyatini
ko‘rsatishda qo‘llanilgan usullar, ifoda tarzidagi o‘ziga xoslik, til xususiyatlari
24
singari jihatlar tekshiriladi. Tahlil qilinayotgan asarning estetik qimmati, millat
badiiy tafakkur taraqqiyotidagi mavqei belgilab beriladi.
Xulosalash-umumlashtirish bosqichida asarning muayyan ijodkor estetik taqdiri va
milliy badiiy tafakkur taraqqiyotida tutgan o‘rni yuzasidan umumlashma
yo‘nalishdagi to‘xtamga kelinadi.
Chuqur badiiy tahlilsiz teran badiiy tasvir bo‘lishi gumon. Ko‘p asrlik o‘zbek
adabiyoti tarixi mobaynida badiiy matn rivoji bilan adabiy fikr, ya’ni, estetik tahlil
taraqqiyoti yonma-yon keladi.
Badiiy tahlil ham badiiy matn yaratish borasidagi bosqichlarga bir muncha
muvofiq keladigan bosqichlarni bosib o‘tdi. Jumladan, yangi o‘zbek adabiyotida
XX asrning boshlaridan e’tiboran badiiy tahlil asar syujetining qayta bayoni va
undan ijtimoiy ma’no keltirib chiqarishdan iborat bo‘ldi. Bu xil tahlil uchun
asarning estetik qimmatini tayin etishdan ko‘ra, uning ijtimoiy ahamiyatini
ko‘rsatish muhim sanalar edi. Shu sababdan bu bosqichda badiiy matnga
funksional yondashuv ustuvorlik qildi.
XX asrning 30-50-yillarida jamiyat hayoti qarama-qarshi sinflar va ular o‘rtasidagi
ayovsiz kurashlardan iborat degan qarash hukmronlik qildi. Binobarin, badiiy asar
tahlilida ijtimoiy yondashuv ustuvor bo‘ldi. Badiiy asarlar faqat sinfiy pozitsiyadan
tahlil qilindi. Sirasini aytganda, bu davrda badiiy tahlil emas, ijtimoiy talqin
amalda bo‘ldi. Bu xil yondashuvda asarning badiiy jihatlari, jozibasi emas, balki
qaysi mavzuga bag‘ishlangani, qanday masala ko‘tarib
chiqilgani,
qay bir ijtimoiy
qatlam manfaatiga xizmat qilgani, kimlar qahramon qilib olinganligi kabi jihatlarni
aniqlash muhim sanaldi. Bu davrda badiiy tahlil asar matnini o‘rganish, muallifni
anglash yo‘lidan bormadi, balki asar yuzasidan hukm o‘qib, adibning shaxsiy
taqdirini hal etishga urindi. O‘tgan asrning 90-yillaridan boshlab, milliy adabiyotda
chinakam tahlilga yuz burilib, asarning jozibasi ta’minlagan, uning zavqi
noyobligiga sabab bo‘lgan omillar tekshirila boshlandi.
Insonning ijtimoiy-fiziologik maqomi, uning imkoniyatlari darajasiga
sog‘lom mantiq bilan yondashila boshlangan zamonaviy adabiyotda hayotni
25
mantiqiy yakunga ega hodisa tarzida ko‘rsatishdan uning boshi-oxiri yo‘q uzluksiz
hodisotlar zanjiri sifatida tasvirlash bosqichiga o‘tildi.
Badiiy tahlil tushunchasi ko‘p asrlar mobaynida o‘z ta’rifiga ega bo‘lmay
keldi. Tahlilga dastlabki ta’rif Ovrupo adabiyotshunosligida XIX asrning
II yarmidan berila boshlandi. Lekin Botishda badiiy tahlilni interpretatsiya (talqin)
tarzida tushunishga moyillik kuchli edi. Bunday yondashuv badiiy asarlardan
ko‘proq ijtimoiy ma’no qidirishga olib kelardi. Adabiyotshunoslik ilmida hozirga
qadar badiiy tahlil nima, u qanday maqsadlarni ko‘zda tutgan holda amalga
oshirilishi kerak degan savolga qat’iy javob berilgani yuq. Garchi, Botish
filologlari tomonidan "Hermenevtika", "Interpretatsiya" nomlari bilan katta-katta
bir qator kitoblar chop etilgan bo‘lsa-da, tushunchaga aniq ta’rif berilgan emas.
Har bir olim badiiy asar tahlilini o‘zicha izohlaydi. Metodist olim B. Bobilev
"Milliy oliy o‘quv yurtlarida badiiy matnni filologik tahlillashning nazariy
asoslari" mavzuidagi doktorlik dissertatsiyasida badiiy tahlilning maqsadini
shunday tushuntiradi: "Badiiy matnning filologik tahlilidan asosiy maqsad muallif
obrazini idrok etishdir, unga yetishishdir. Ayni shu holat badiiy matnni filologik
tahlil qilishning asosiga qo‘yilishi lozim". Mazkur qarash ko‘p jihatdan, tahlilga
oid xususiyatlarni qamrab olgan. Darhaqiqat, kitobxon yoki tadqiqotchining
muallifga yetishishi, uning tajallisiga aylanishi adabiy asarni butun serqirraligi
bilan anglab yetganligini bildiradi. Badiiy asarni muallif darajasida idrok etish
san’at namunasiga xos deyarli barcha jihatlarni his etish, asar zamiridagi mantiqiy
va badiiy ma’noni to‘liq anglash imkonini beradi. Adabiyotshunoslik uchun
muallif darajasiga yetib, uning holatiga tushib tahlil qilish badiiy asarni
tushunishning oliy bosqichidir. Ayni vaqtda, badiiy adabiyot namunalari orasida
muallif istagidan tashqari ma’nolarni tashiydigan, uning mo‘ljalidan ko‘ra og‘irroq
ijtimoiy-estetik “yuk”ni zimmasiga olgan, muallifning o‘zi kutmagan yoki
bilmagan holda badiiy kashfiyotlarga aylangan ko‘plab asarlar borligiga adabiyot
tarixi guvoh. Chunki muallif tasvirlagan badiiy manzara bilan o‘quvchi tomonidan
idrok etilgan badiiy manzara hamisha ham bir xil bo‘lavermaydi. Ba’zan o‘quvchi
adib mutlaqo ko‘zda tutmagan, xayoliga keltirmagan, hatto muallifning
26
qarashlariga zid, ammo o‘quvchi to‘g‘ri deb hisoblaydigan badiiy xulosaga
kelinishi ham mumkin. Chunki hayotiy vaziyatning o‘zgarishi, ijtimoiy
voqelikdagi yangicha holat ba’zan ijodkorning oddiy izhori dilidan chuqur sotsial
ma’no keltirib chiqaradi. Haqiqiy badiiy asarning umri uzun va u faqat yaratilgan
dam uchungina mansub bo‘la olmaydi. Taniqli rus psixologi L.S.Vigotskiyning:
"San’atni ko‘proq darajada kechikkan munosobat deyish mumkin, negaki uning
dunyoga kelishi bilan ta’sir ko‘rsata boshlashi o‘rtasida hamisha ozdir-ko‘pdir
zamoniy oraliq bo‘ladi",- degan fikri bunga dalil bo‘la oladi. Zamoniy oraliq
o‘quvchiga adabiy asardan o‘zi yashayotgan zamonga muvofiq xulosa chiqarish,
asarning badiiy tizimidan ham davriga mos zavq olabilish imkonini beradi. Usmon
Nosirning faxriya xarakteridagi iqrori shoir shaxsga sig‘inish qurboni bo‘lib
ketganidan so‘ng mutlaqo o‘zgacha ma’no kasb etdi, san’atkorni bashoratchi
maqomiga ko‘tardi:
Ilhomimning vaqti yo‘q, selday keladi,
Jalloddek rahm etmay, dilni tiladi.
Ayondir bir kuni aylaydi xarob...
satrlari bitilgan fursatda shoir o‘zining qatagon qurboni bo‘lishini xayoliga ham
keltirmaganligi ayon. Shuning uchun ham bu satrlar Usmon Nosir uchun o‘zgacha
ma’noga ega bo‘lgan, ammo bugungi o‘quvchi uchun tamomila bo‘lakcha mazmun
tashiyajagi tushunarli. Shoir Mirtemirning"Betobligimda" she’ridagi:
Majnuntol tagiga o‘tqazing meni,
Men uchun yig‘lasin, men yig‘lab bo‘ldim.
misralari, aslida, bemor san’atkorning tushkun ruhiy holati ifodasi bo‘lgan.
Bugungi o‘quvchilarning tushunchalari tufayli, mustamlaka zanjirlaridan qutulgan
zamondoshlarimizning dunyoqarashlari, didlari sababli esa adolatsiz zamondan
norozi isyonkorning nolasi darajasiga ko‘tarilgan. Badiiy ijod tarixida
yuqoridagilardan ham ta’sirliroq misollarni juda ko‘p keltirish mumkin. Bu holat
ko‘rsatadiki, adabiy asarning badiiy tahlili uchun ijodkor obrazini idrok etish,
muallifning jilvasiga aylanish yagona asos sifatida qaralishi haqiqiy holatga
unchalik ham mos kelmas, badiiy asar tahlili mohiyatini to‘lig‘icha idrok qilish
27
imkonini bermas ekan. Tanishgan badiiy asardan xulosa chiqarish, uni tadqiq qilish
tahlil etuvchining saviyasi, didi, dunyoqarashi, hayotiy tajribasi va boshqa bir qator
omillarga bog‘liq ekanligi ma’lum haqiqatdir. Rauf Parfi va unga izdosh bo‘lgan
ijodkorlarning asarlari aksariyat o‘zbek tanqidchilari tomonidan mutlaqo bir-biriga
zid tarzda tahlil etib kelinganligi, ularning har biri shoirlarning badiiy niyati,
san’atkorlik mahoratini o‘zicha anglaganligi ham shuni ko‘rsatadi. Badiiy tahlilni
asarning estetik unsurlarini qidiradigan faoliyat deb qaraydigan mutaxassislar ham
bor. Chunonchi, G.N.Taranosova nazarida: "..tahlil adabiy asarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri
va jo‘n tushunish o‘rniga fikran ma’noli qism va unsurlarga bo‘lib qabul etishni
ko‘zda tutadigan ilmiy faoliyatdir". Bu xilda fikrlaydigan mutaxassislarning
qarashlarida asosli o‘rinlar juda ko‘p.
Darhaqiqat, badiiy tahlilgina adabiy asarni jo‘n, to‘pori qabul etishdan, uni
hayot hodisasi bilan aralashtirib yuborishdan, “qahramonlarning keyingi taqdiri
nima bo‘ladi, falonchi pistonchiga uylandimi?”, “Falon asarlarning qahramonlari
hozir nima qilishmoqda?” singari asarning badiiy o‘ziga xosligini, estetik hodisa
ekanini yo‘qqa chiqaruvchi qarashlardan qutqaradi. Lekin masalaning boshqa
tomoni bor: Har qanday asl badiiy asar yaxlit poetik butunlik hisoblanadi va
mazkur yaxlitlikka daxl qilish uning jozibasini, sehrini yo‘qqa chiqarishi aniq.
G.Taranosova ham asar tahlilining birinchi tamoyili unga yaxlit hodisa sifatida
yondashish ekanligini ta’kidlaydi. Lekin olimaning adabiy tahlil mohiyatini
tushuntiruvchi fikrida badiiy asarni “qismlar” va “unsurlar”ga ajratib o‘rganish
asosiy tadbir hisoblanadiki, bu hol amaliyotda uning qarashlariga zid keladi.
Adabiyotshunoslar J.Azizov va G. Usovalarining qalamiga mansub “Adabiy tahlil
nazariyasi va amaliyoti" risolasida “...tahlil adabiy asarning badiiy mantig‘iga
singishish maqsad qilib qo‘yilgan ilmiy izohdir” tarzida ta’rif beriladi. Badiiy
tahlilning asl mantig‘ini aks ettirish jihatidan J.Azizov hamda G.Usovalarning
qarashlari haqiqatga yaqinroq. Chindanda, "muallif obraziga yetishish" ham,
"adabiy asarni fikran qism va unsurlarga ajratish" ham o‘z holicha badiiy tahlil
mohiyatini aks ettira olmaydi. Balki ular badiiy mantiqni kashf etish, unga
yetishish yo‘lidagi bosqichlardir. Biroq yurtdosh olimlar juftligiga mansub mazkur
28
xulosada ham, bizning nazarimizda, kichik bir yoqlamalik borday. Chunonchi,
unda hayotiy mantiqqa yetishish zarurligi ko‘zda tutilmaydi. To‘g‘ri, badiiy
adabiyot uchun estetik mantiq birlamchi ahamiyat kasb etadi, ammo bu holat
asarlardan kelib chiqadigan hayotiy mantiqning muhimligini aslo inkor etmaydi.
Shuning uchun ham badiiy tahlil tushunchasini xarakterlashda badiiy va hayotiy
mantiq tushunchalari yonma-yon qo‘yilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Yuqorida aytilganlardan kelib chiqib, badiiy asar tahlili tushunchasiga
quyidagicha ta’rif berish mumkin: Badiiy tahlil adabiy asarning hayotiy va badiiy
mantig‘i hamda estetik jozibasini anglashga yo‘naltirilgan ilmiy faoliyatdir.
Adabiy tahlilga ana shu tariqa ta’rif berilganda, hodisaga xos deyarli barcha asosiy
xususiyatlar qamrab olinadi deyish mumkin. Aslida "tahlil" atamasi arabcha bo‘lib,
"halollash", "eritib yuborish", "murakkab butunni qismlarga ajratish"ma’nolarini
anglatadi. Ya’ni tahlil deyilganda, badiiy matnning ma’nosi va jozibasining
halollab berilishi, o‘quvchiga begona bo‘lgan matnni eritib, uning shuuriga
joylashga qaratilgan faoliyat ko‘zda tutiladi. San’at asaridan kelib chiqadigan
hayotiy ma’noni topish, estetik unsurlarni kashf etish, o‘rganilayotgan asarning
boshqa asarlardan farqini aniqlash, muayyan millat yoki insoniyat estetik
tafakkurini rivojlantirishga qo‘shgan hissasini ko‘rsatish g‘oyat muhim. Ayni
vaqtda, badiiy zavq manbai nimada ekanini, kitobxonni muayyan asardan
ta’sirlanishga olib kelgan badiiy omillar, ko‘rkam so‘zning mantiqiy tushunchalar
doirasiga sig‘maydigan jozibasi qayerdan kelib chiqayotganini aniqlash ham o‘ta
ahamiyatlidir.
Badiiy tahlil shakliga ko‘ra ikki turga bo‘linadi:1) og‘zaki;2) yozma.
Badiiy asar og‘zaki shaklda ham tahlil qilinadi. Lekin bunday tahlilga yozma
ravishda tayyorgarlik ko‘rilsa, samaraliroq bo‘ladi. Badiiy tahlil orasida yozma
shakl keng yoyilgan. Bu tahlil turi faqat aytilgan vaqt uchungina daxldor bo‘lmay,
keyinchalik, katta zamoniy oraliqlardan so‘ng ham odamlarga ta’sir ko‘rsatishi,
millat badiiy tafakkurini shakllantira olishi, ajdodlardan avlodlarga meros bo‘lib
o‘tishi bilan xarakterlanadi.
Badiiy asar tahlilini undan kuzatilgan maqsadga ko‘ra:
29
1) ilmiy (filologik);
2) o‘quv (didaktik) singari ikki turga bo‘lish mumkin.
Filologik (ilmiy) tahlil adabiy asarning mantig‘i va estetik xosligini
anglashga yo‘naltirilgan kuchli hissiy-intellektual faoliyatdir. Ilmiy tahlilda badiiy
asardan chiqarilgan xulosalarning adabiyotshunoslik ilmi erishgan darajalarga
muvofiq kelishi talab etiladi. Tahlil jarayonida bildirilayotgan har bir fikr ham
mantiqiy tushunchalar, ham estetik qonuniyatlar bilan asoslangan bo‘lishi lozimdir.
Shuningdek, ilmiy tahlilda o‘rganilayotgan asarning umummilliy adabiyotdagi
o‘rni va milliy tafakkur taraqqiyotiga ta’siri darajasi ko‘rsatilishi ko‘zda tutilishi
kerak. Filologik tahlil ommaboplikdan yuqoriroq turishini va har qanday adabiy
hodisaga mutaxassis nazari bilan qaralishini taqozo qiladi. Ilmiy tahlildagi asosiy
narsa badiiy asarning badiiyligini, ta’sirchanligini, jozibasini, sehrini ta’minlagan
jihatlarni ko‘rsata bilishdir. Filologik tahlil ilmiy, estetik faoliyat natijasidir. U,
asosan, bir kishi tomonidan amalga oshiriladi. Ilmiy tahlil bilan shug‘ullanayotgan
mutaxasis vaqt jihatidan ham, imkoniyat jihatidan ham cheklanmagan bo‘ladi.
Ilmiy tahlilni amalga oshirayotgan kishi faqat o‘zi belgilab olgan bosh maqsadga
qarab intiladi. U o‘quv tahlili estetik-pedagogik faoliyat bo‘lib, o‘quvchilarni
barkamol shaxs sifatida shakllantirish kabi pedagogik maqsadga erishish uchun
amalga oshiriladi. Oquv tahlili mobaynida o‘qituvchi asarni tanlash imkoniga ega
emas. Tahlil etiladigan asar muayyan vaqt davomidagina tekshirilishi, bu
jarayonda o‘quvchilarning yosh va intellektual darajasiga muvofiqlashtirilishi
lozim bo‘ladi. Shu jihatdan didaktik tahlil filologik tahlilga nisbatan
murakkabroqdir. Adabiy asarni didaktik tahlil etish jarayonida o‘qituvchi va
o‘quvchi faoliyati quyidagi uch yo‘nalishda uyushtirilishi mumkin:
A) muallifga yoki matnga ergashib yoxud yalpi tahlil;
B) asardagi obrazlarga tayanib tahlil qilish;
V) o‘quv tahlilini muammoli tarzda amalga oshirish.
Birinchi yo‘nalishda adabiyot o‘qituvchisi faqat badiiy matnga suyanadi va
matn mantig‘ini, uning tartibini aslo o‘zgartirmagan holda asar zamiridagi
30
ma’noning jozibani u o‘quvchilarga ko‘rsata boradi. Bu usulni tekstual tahlil usuli
deyish mumkin va bunda o‘qituvchi ko‘proq faoliyat ko‘rsatadi.
Ikkinchi yo‘nalishda o‘qituvchining e’tibori asardagi personajlarga qaratiladi
va obrazlar ruhiyatini anglab borish jarayonida asarning badiiy ma’nosi
o‘zlashtiriladi. Adibning san’atkorlik mahorati ham badiiy obrazlarning qanchalik
jonli va ta’sirchan ishlanganligini tahlillash asnosida ochib boriladi. Bu yo‘nalishni
timsoli tahlil yo‘li deyish mumkin va bu yo‘nalishda o‘quvchilarning ham
anchagina faol ishtirok etishlariga imkoniyat bo‘ladi.
Uchinchi yo‘nalishda esa tahlil asosan o‘quvchilar tomonidan olib borilishi
ko‘zda tutiladi. O‘qituvchi talabalar oldiga muammo qo‘yadi va ularga bu
muammoni yechish yo‘llarini ko‘rsatadi. Asar tahlili jarayonida o‘quvchilar faqat
bilgan tushunchalaridangina foydalanib qolmay, bir qator yangi estetik-mantiqiy
tushunchalarni o‘zlashtirib ham olishadi. Negaki, ular jamoa bo‘lib ishlaydilar.
O‘zaro fikr almashadilar, bahslashadilar. Tabiiyki, bu jarayonda o‘quvchilarning
ma’naviy olamida ham, aqliy dunyosida ham muayyan o‘zgarishlar sodir bo‘ladi.
O‘quv tahlilning bu usuli muammoli tahlil deyiladi. Alohida ta'kidlash kerakki,
tahlilning aytilgan usullari bir-birini inkor qiluvchi alohida yo‘nalishlar emas.
Adabiy ta’lim amaliyotida tahlilning har uch usuli deyarli hamisha aralash,
qorishiq holda keladi. Tekstual tahlilni obrazlarga tayanmay turib amalga oshirib
bo‘lmaydi. Muammoli tahlilni ham badiiy matnga asoslanmay bajarish mumkin
emas. Har qanday muammo matndan kelib chiqishi, har qanday mustaqil fikr ham
matnning sehr-u jozibasini ochishga xizmat qilishi joiz. Tekstual tahlilda matnning
maromini buzmaslik, muallif yurgan yo‘lga, u o‘rnatgan badiiy tartibga rioya qilish
ustuvor bo‘ladi, lekin tahlilning qolgan ikki turida ham badiiy matn asosiy o‘rin
tutadi. Shu ma’noda, har qanday tahlil mohiyat e’tibori bilan tekstual tahlildir.
Tekstual tahlil ko‘proq 6-7-sinf o‘quvchilari bilan olib boriladigan mashg‘ulotlarda
qo‘llaniladi. Ayniqsa, kichikroq hajmli nasriy asarlarni didaktik tahlil etishda bu
usul juda qo‘l keladi. Ta'kidlash joizki, asar yuzasidan amalga oshiriladigan har
qanday faoliyat faqat matnga tayanishi, matndan kelib chiqishi, matnning
jozibasini ochishga xizmat qilishi lozim. Shuning uchun ham har qanday usulda
31
o‘quv tahlilini amalga oshirishdan oldin, albatta, o‘quvchilar badiiy matn bilan
yaxshi tanish bo‘lishlari shart. Aks holda tahlildan kuzatilgan maqsadga erishib
bo‘lmaydi. Katta hajmli epik asarlar ko‘proq yuqori sinflarda o‘rganiladi. Ularni
o‘rgatishda timsolli tahlil usulidan foydalanish yaxshi samara beradi. Chunki
o‘rganiladigan asar hajman katta, ajratilgan vaqt esa qisqa bo‘lgani uchun ularni
tekstual tahlil qilishning imkoni yo‘q. Bunday vaqtlarda asosiy e’tibor
o‘rganilayotgan asardagi obrazlarga qaratiladi. Timsollarning ruhiyati, o‘ylari,
kechinmalari, xatti-harakatlari, sa’jiyalari ham hayotiylik, ham badiiylik nuqtai
nazaridan tahlil qilinadi va shu yo‘sinda muallifning badiiy mahorati namoyon
etiladi. O‘quvchilar timsollarni jonli odamlar, o‘z taqdiriga, o‘ziga xos insoniy
tabiatga ega tirik kishilar tarzida qabul qilishlariga erishish kerak. Shundagina, bu
timsollar tuygan tuyg‘ular o‘quvchilarga ham yuqadi, ta’sirlantiradi, binobarin,
tarbiyalaydi. Shuningdek, badiiy timsollarning ijobiy va salbiy guruhlarga
ajratilishiga yo‘l qo‘ymaslik, har bir badiiy timsolning qarama-qarshi tabiatli kishi
nuqtai nazaridan qanday baholanishi mumkinligiga e’tibor qaratilishi lozim.
Atrofimizdagi odamlarni jo‘ngina yaxshi va yomonga ajratish noto‘g‘ri
bo‘lganidek, badiiy timsollarni ham ijobiy va salbiyga ajratib tashlash to‘g‘ri
emasligini o‘quvchilar ongiga quyi sinflardanoq singdirib borish zarur. Olam
cheksiz va o‘ta murakkab bo‘lgani kabi, odam ham g‘oyat murakkab va tabiatning
qirralari adadsiz tovlanishlarga ega bo‘lgan mavjudotdir. Shuning uchun ham
murakkab insonning timsolini qandaydir tavsifiy qolipga tushirib quyish uning
qiyofasini nursizlantiradi. Hayotdagi har bir alohida odam to‘liq yechimi hech
qachon topilmaydigan muammodir. Badiiy adabiyot ana shu adoqsiz muammoning
qirralarini butun murakkabligi, jilvalari, soyalari va tovlanishlari bilan tasvir etish
orqali o‘quvchini o‘zgani his etishga, begona kishining dardini anglashga
odatlantiradi. Timsoliy tahlil natijasida har bir o‘quvchida tabiati, yo‘nalishi va
qiziqishlari xarakteriga qarab, bola ruhiyatida muayyan sifatlar hosil qilinadi.
Qandaydir shaxslik fazilatlari shakllantiriladi. Adabiy asarni muammoli tahlil
qilish yo‘li milliy metodika ilmida juda kam o‘rganilgan bo‘lib, adabiy ta’lim
amaliyotida ham uning qo‘llanilish doirasi ancha tor. Bu usulning nazariy jihatlari
32
ishlab chiqilmaganligi uchun ham adabiyot o‘qituvchilarining ko‘pchiligi uni qay
yo‘sinda tadbiq etishni bilishmaydi. Ayrim novator, o‘z ustida ishlaydigan va
izlanadigan o‘qituvchilargina muammoli usul bilan badiiy tahlil qilishga qo‘l
uradilar. Badiiy asar muammoli tahlil etilganda, o‘quvchilarning fikri chegara
bilmaydi, xayoloti erkin parvoz qiladi, badiiy va hayotiy muammoni o‘z
tushunchasi hamda tajribasidan kelib chiqib hal etishga urinadi. O‘quvchilar puxta
muammoli tahlil qila olishlari uchun badiiy matn bilan yaxshi tanishibgina qolmay,
uni to‘liq hazm qilgan bo‘lishlari ham kerak. Chunki o‘zlashtirilgan fikr
uyg‘otadi, singdirilgan hissiyot, tuyg‘u qo‘zg‘atadi.
Muammoli usul bilan tahlil etishda o‘quvchilarni shunchaki bahsga tortish
kerak emas, balki ularning butun kuchi badiiy matnning mag‘zini ochishga
yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim. Muammoli tahlil samara berishi uchun matnga
o‘quvchilar hayotiy tajribalari va egallagan bilimlari darajasidan kelib chiqib erkin
yondasha olishlari zarur. Misol uchun, Sofoklning "Shoh Edip" asari o‘rganiladi.
Agar mazkur asar muammoli yo‘l bilan tahlil etiladigan bo‘lsa, o‘qituvchi bolalar
oldiga: "Edip aybdormi yoki gunohkor?" tarzida savol qo‘yish va o‘quvchilardan
o‘z fikrlarini badiiy matnga tayangan holda asoslashlarini talab etishi mumkin.
Gunoh, gunohkorlik, ayb, aybdorlik, qismat, unga ishonish, kibr, inson ma’naviyati
singari tushunchalar atrofida fikr yuritish jarayonida o‘quvchilar Edip shaxsining
ulkan fojiasini yaqindan bevosita his etadilar. O‘zlarining hayotiy va ma’naviy-
axloqiy tajribalaridan kelib chiqib Edip va atrofidagilarning xatti-harakatlariga
baho beradilar.
Dostları ilə paylaş: |