Mehnat unumdorligini oshirish uchun unga ta’sir etuvchi omillarni aniqlash lozim bo‘ladi. Statistika ana shu omillarni maxsus statistik usullar yordamida tahlil qiladi hamda mehnat unumdorligini oshirish imkoniyat va rezervlarini aniqlashga imkon beradi. Mehnat unumdorligi mahsulot miqdorini oshiribgina qolmay uning sifatini ham oshiradi hamda ishlab chiqarish samaradorligining oshishiga olib keladi. Shu bilan birga mehnat unumdorligi ishlab chiqarish samaradorligining muhim ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi.
Mehnat unumdorligi darajasi ijtimoiy ishlab chiqarish samaradorligini ifodalovchi eng muhim ko‘rsatkich hisoblanadi. «Iqtisodiyot» fani mehnat unumdorligi muammolarini o‘rganishni XIX asr oxirida boshlagan. Mehnat unumdorligini hisoblash bir ishlab chiqarish ishchisiga nisbatan natural ifodada o‘rtacha mahsulot ishlab chiqarish tarzida amalga oshirila boshladi. Bu ko‘rsatkichlar sanoatning alohida tarkibi jihatidan bir xil (galogen) tarmoqlarida ishlab chiqariladigan mahsulotning eng muhim turlari bo‘yicha aniqlandi. So‘ngra iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida mahsulot ko‘rsatkichlari hamda mehnat sarflari hisob-kitobining rivojlanishi mehnat unumdorligini faqat natura ifodasida emas, balki pul ifodasida va faqat sanoatda emas, balki iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida, xizmat ko‘rsatish sohasini ham qo‘shgan holda hisoblab chiqish imkonini berdi.
Iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi mehnat unumdorligi darajasini taqqoslash, shuningdek, uning dinamikasini o‘rganish ishlari boshlanib ketdi. Dastlabki bosqichlarda unumdorlik mehnat unumdorligi sifatida o‘rganildi, keyinchalik mehnat unumdorligini ishlab chiqarishninig boshqa omillari unumdorligiga o‘xshash xususiy unumdorlik sifatida talqin qiladigan global unumdorlik kontseptsiyasi umum qabul qilingan kontseptsiyaga aylandi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda milliy hisobchilik tizimining paydo bo‘lishi va rivojlanishi unumdorlikni o‘rganish sohasidagi ishlarga yangi turtki bo‘ldi, chunki bu tizim ma’lumotlari mehnat unumdorligini tarmoq va butun iqtisodiyot darajasida tadqiq qilish imkonini beradi, shuningdek, xalqaro taqqoslashlar uchun asos yaratadi.