Iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi mehnat unumdorligi darajasini taqqoslash, shuningdek, uning dinamikasini o‘rganish ishlari boshlanib ketdi. Dastlabki bosqichlarda unumdorlik mehnat unumdorligi sifatida o‘rganildi, keyinchalik mehnat unumdorligini ishlab chiqarishninig boshqa omillari unumdorligiga o‘xshash xususiy unumdorlik sifatida talqin qiladigan global unumdorlik kontseptsiyasi umum qabul qilingan kontseptsiyaga aylandi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda milliy hisobchilik tizimining paydo bo‘lishi va rivojlanishi unumdorlikni o‘rganish sohasidagi ishlarga yangi turtki bo‘ldi, chunki bu tizim ma’lumotlari mehnat unumdorligini tarmoq va butun iqtisodiyot darajasida tadqiq qilish imkonini beradi, shuningdek, xalqaro taqqoslashlar uchun asos yaratadi.
Ma’lumki, statistikada mehnat unumdorligi deganda, faqat jonli aniq mehnat unumdorligi tushuniladi. «Stastistika»da unumdorlikni faqat jonli emas, balki moddiylashgan mehnat sarfini ham hisobga olib o‘rganadigan qator ishlar bor.
Hozirgi kunda iqtisodchilarning aksariyat ko‘pchiligi, unumdorlik ishlab chiqarish va jonli mehnat sarflari natijalarining nisbatini, iqtisodiy samaradorlik esa ishlab chiqarish natijalarining jonli va moddiylashgan mehnat sarflariga munosabatini ifodalaydi, deb hisoblaydi. Jonli mehnat sarflari xodimlarning o‘rtacha ro‘yxatidagi soni yoki ishlangan kishi/kunlari, kishi/soatlari soni ko‘rsatkichlari bilan ifodalanadi.
O‘tgan asrning 50-yillari oxirigacha davlat statistikasida mehnat unumdorligini hisoblashda ishchilar mehnat sarfigina hisobga olingan. 60-yillardan boshlab, ishlab chiqarish xodimlarining barcha toifalari (sanoatda-sanoatning ishlab chiqarish xodimlari; qishloq xo‘jaligida chorvachilik va dehqonchilikda band bo‘lgan xodimlar; qurilishda qurilish-montaj ishlarida, yordamchi ishlab chiqarishda band bo‘lganlar va ularning mehnat sarflari) e’tiborga olina boshladi. Mehnat unumdorligi darajasi qilingan mehnatdan olingan samarani (mahsulot yoki xizmat) baholab borishi lozim. Shuning uchun bu ko‘rsatkichni hisoblashda sarf qilingan mehnat – T, natijaviy ko‘rsatkichlar – Q lar nisbati olinadi.