24-modda. O‘lchash vositalarining turlarini tasdiqlash Oldingi tahrirga qarang. O‘lchash vositalarining turlarini tasdiqlash o‘z ichiga davlat sinovlarini o‘tkazish orqali
o‘lchash vositalarining metrologik va texnik tavsiflarini aniqlash, o‘lchash vositalarining metrologiya
to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiqligini belgilash hamda o‘lchash vositalarining turini tasdiqlash
to‘g‘risida qaror qabul qilish bo‘yicha ishlarni oladi.
(24-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) O‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish yagona nusxalarda ishlab
chiqariladigan (yoki O‘zbekiston Respublikasi hududiga import bo‘yicha yagona nusxalarda olib
kiriladigan) o‘lchash vositalarining xossalarini tadqiq etish asosida ular qo‘llash uchun yo‘l
qo‘yilishini e’tirof etish maqsadida davlat metrologiya xizmati tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu Qonunning
20-moddasida
ko‘rsatilgan sohalarda foydalaniladigan, ishlab chiqarilishi
va import bo‘yicha olib kirilishi lozim bo‘lgan o‘lchash vositalari davlat sinovlaridan va turini
tasdiqlashdan yoki metrologik attestatsiyadan o‘tkazilishi kerak.
O‘lchash vositalarining davlat sinovlarini o‘tkazish, turini tasdiqlash va Davlat reyestriga
kiritish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Tasdiqlangan o‘lchash vositalariga yoki ularning foydalanish hujjatlariga ishlab chiqaruvchi
Davlat reyestri belgisini qo‘yishi shart.
25-modda. O‘lchash vositalarini qiyoslash O‘lchash vositalarini qiyoslash akkreditatsiya qilingan davlat metrologiya xizmati hamda
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining akkreditatsiya qilingan metrologiya xizmatlari tomonidan
amalga oshiriladi.
O‘lchash vositalarini qiyoslaganda o‘lchash vositalarining belgilab qo‘yilgan metrologik
talablarga ularning muvofiqligini aniqlash va tasdiqlash bajariladigan operatsiyalar ketma-ketligini
belgilovchi o‘lchash vositalarini qiyoslash uslubiyoti asosida amalga oshiriladi.
Qiyoslashdan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan o‘lchash vositalari turkumlarining ro‘yxati maxsus
vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.