«Avesto» kitobida qadimiy davlatchilik tariximizga oid ma’lumotlar. O’z mazmuni, mohiyatiga ko’ra yakkaxudolik, insonparvarlik, mehrshafqat, mehnatsevarlik, yurtparvarlik g’oyalarini tarannum etib, odamzod ahlini bunyodkorlik, yaratuvchilikka undagan muqaddas «Avesto» olis tariximizning asl durdona asarlari sirasiga kiradi1. «Avesto» kitobi mil. av. so’nggi ming yillik boshlari va o’rtalarida yashagan hududimizdagi qadimgi xalqlarning o’ziga xos turmush tarzi, xo’jalik mashg’uloti, ijtimoiy-madaniy hayoti, urf-odatlari-yu, marosimlari haqida ma’lumot beruvchi muhim tarixiy manbadir. Yurtboshimiz uqtirganidek: «Eng mo’’tabar, qadimgi qo’lyozmamiz «Avesto»ning yaratilganligiga 3000 yil bo’lyapti. Bu nodir kitob bundan 30 asr muqaddam ikki daryo oralig’ida, mana shu zaminda umrguzaronlik qilgan ajdodlarimizning biz avlodlarga qoldirgan ma’naviy, tarixiy merosidir. «Avesto» ayni zamonda bu qadim o’lkada buyuk davlat, buyuk ma’naviyat, buyuk madaniyat bo’lganidan guvohlik beruvchi tarixiy hujjatdirki, uni hech kim inkor eta olmaydi» . Modomiki, «Avesto» ona tariximizning muhim tarkibini tashkil etar ekan, bu noyob manba qachon, qaerda, kim tomonidan yaratilgan? Tarixiy manbalarni chuqur o’rganish, eng avvalo, «Avesto»da tilga olingan asosli jug’rofiy hududlar, yurtlar nomlarini, aholining mashg’ulot turlarini, urf-odatlarini, dafn marosimlarini sinchiklab o’rganish bu buyuk ta’limotning haqiqiy Vatani O’rta Osiyo o’lkasi, uning Xorazm vohasi ekanligini tasdiqlamoqda. «Avesto»da tilga olingan 16 ta yirik hududiy nomlarning ko’pchiligi ham O’rta Osiyoga taaluqlidir. Avval boshda «Avesto» 21 kitobdan iborat bo’lgan. Abu Rayhon Beruniyning «O’tmish xalqlardan qolgan yodgorliklar» kitobida ta’kidlanishicha, Eron podshohi Doro davrida «Avesto» to’liq holda 12 ming qora mol terisiga zarhal xarflar bilan bitilgan. Makedoniyalik Iskandarning Sharqqa istilosi davrida uning buyrug’i bilan zardo’shtiylik ibodatxonalari vayron qilinganidek, muqaddas «Avesto»ning 5 dan 3 qismi ham kuydirib yuborilgan.