2-MAVZU. RAQAMLI BANK ISHIDA QO‘LLANILADIGAN TEHNOLOGIYALAR
REJA:
Raqamli banklar tizimi tushunchasi.
Raqamli bank tizimi modellari: an’anaviy banklar, blokcheyn texnologiyasi, raqamli iqtisodiyot.
Raqamli aktivlarning taqsimlanishi va tariflar mexanizmiga kirish.
Raqamli iqtisodiyot tizimining mazmuni.
Raqamli banklarning afzalliklari va kamchiliklari.
Kalit so‘zlar: Raqamli banking, raqamli bank, raqamli innovatsiyalar, mobil ilova, an’anaviy bank, aloqa markazlari, online kredit, online omonat, bank texnologiyalari, axborot texnologiyalari, mobil bank, kredit, risk, kompyuter, karta, NSDT, USSD, NFC.
1. Raqamli bank tizimi tushunchasi
Raqamli bank — innovatsion bank texnologiyalaridan foydalangan holda bank xizmatlarini masofaviy ko‘rsatuvchi bank yoki uning tarkibiy bo‘linmasi.
"Raqamli bank" tushunchasiga ta’rif berib o‘tamiz hamda raqamli bank xizmatlarining ayni damdagi holati va banklarning faoliyati tahlil etamiz. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan an’anaviy banklar va raqamli banklarning faoliyatini taqqoslash natijasida mamlakatimizdagi bank xizmatlarini rivojlantirish borasida xulosalar shakllantirilgan.
Bank xizmatlarini modernizatsiyalash va soddalashtirish tizimi mamlakat moliyaviy xizmatlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda axborot texnologiyalari, barcha sohalarda bo‘lgani kabi, bank tizimiga ham keng joriy etilgan.
Bank tizimida raqamli bankingni rivojlantirish iqtisodiy o‘sishning asosiy masalalaridan biri ekanligi, ayniqsa butun dunyo bo‘ylab hukm surayotgan koronavirus pandemiyasi davrida ham yaqqol yuzaga chiqdi.
Prezidentimiz bank tizimiga to‘xtalar ekan, "Afsuski, bank tizimi raqamli texnologiyalardan foydalanish, yangi bank mahsulotlari va dasturiy ta’minotni joriy etish bo‘yicha zamonaviy talablardan ortda qolmoqda", deya ta’kidlagan.
Bunda biz raqamli bank xizmatlarini ishlab chiqilishi kerak bo‘lgan masala sifatida tan olishimiz zarur. Muhim masalalardan biri bu foydalanuvchilarning bank tizimiga ishonchini oshiradigan va qulay xizmatlarni taklif etadigan raqamli bank tizimini rivojlantirish hisoblanadi.
Innovatsion bank texnologiyalaridan foydalangan holda (kassa xizmatlarini ko‘rsatmasdan) masofadan turib bank xizmatlarini ko‘rsatuvchi bank yoki uning sho‘ba korxonasi raqamli bank hisoblanadi.
Bu butun bank yoki bank filialiga berilgan ta’rifdir.
Raqamli banking bank xizmatlaridan foydalanuvchilarga bank mahsulotlarini onlayn tarzda taqdim etish uchun dasturiy ta’minot to‘plami sifatida ko‘rib chiqilishi lozim.
Raqamli banking - bu bank va uning mijozlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning yangi shakli, shu jumladan raqamli, axborot va texnologiya strategiyalari sohasidagi iste’molchilar va tijorat mijozlari uchun moliyaviy xizmatlar sohasidagi innovatsiyalar.
Tadqiqotchi olimlardan Suchat Tungjitnob, Kitsuchart Pasupa, Boontawee Suntisrivaraporn o‘z tadqiqot ishlarida "Mobile banking" to‘g‘risida quyidagi fikrlarni bildirib o‘tganlar:
"Bank mijozlari banklarning mobil ilovalari (mobile banking) yordamida istalgan joyda va istalgan vaqtda bank operatsiyalarini darhol amalga oshirishlari mumkin. Bundan tashqari, mobil banking ilovasi qo‘shimcha filiallarni ko‘paytirish xarajatlarini kamaytiradi. Bank, shuningdek, ilovadan mijozlar ma’lumotlarini olishdan foyda oladi".
"Rivojlangan mamlakatlarda olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, elektron banking operatsion xarajatlarni kamaytiradi va shuning uchun banklar uchun katta foyda keltiradi..... Raqamli banking daromad olish uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratadi, chunki ular qo‘shimcha foizsiz manbalardan daromad keltiradi. Qulay bo‘lgan elektron bank xizmatlari va mahsulotlarining joriy etilishi banklarga bo‘lajak mijozlarni jalb qilish imkonini berdi va bu ularning bozordagi ulushini oshirish imkonini berdi".
O‘zbekiston qonunchiligiga ilk marta raqamli bank tushunchasi 2018-yildan boshlab kiritilgan bo‘lib, "Banklarni ro‘yxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida" Nizomning birinchi bandida raqamli bankka quyidagicha ta’rif berilgan:
Raqamli bank — innovatsion bank texnologiyalaridan foydalangan holda (kassa xizmatini ko‘rsatmasdan) bank xizmatlarini masofaviy ko‘rsatuvchi bank yoki uning tarkibiy bo‘linmasi.
Raqamli banklar tomonidan bank xizmatlarini masofaviy ko‘rsatish bankning ichki tartib qoidalariga asosan qonun hujjatlari talablarini inobatga olgan holda amalga oshiriladi. O‘zbekistonda ilk bor "ANOR BANK" AJ 2020-yil sentyabr oyidan raqamli bank sifatida birinchi onlayn xizmatlarini ishga tushirgan hamda hozirgi kunda bir qator zamonaviy bank xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.
Boston Consulting Group analitiklarining hisoblashlariga ko‘ra, raqamli iqtisodiyot bo‘yicha boshqa rivojlanayotgan davlatlar etakchilardan o‘rtacha 8-10 yilga orqada qolgan. Ammo agarda hech qanday chora-tadbirlar ko‘rilmasa, 3-5 yildan so‘ng orqada qolish 15-20 yilga ham etishi mumkin. "Industriya 4.0" konseptsiyasi doirasida ushbu ko‘rsatgich milliy iqtisodiyotning investitsion raqobatbardoshlik reytingi ko‘rsatgichini aniqlashda asosiylaridan biri hisoblanadi.
Hozirgi kunda bank sohasi dunyo bo‘ylab raqamli qurollanish poygasiga kirishgan. 2018-yilda dunyo banklari raqamli banking imkoniyatlari uchun 9.7 mlrd. AQSH dollari miqdorda investitsiya kiritishni rejalashtirgan.
Ko‘pchilik tijorat banklarida onlayn va mobil bank dasturlarini yaratish va rivojlantirish odatiy bank filiallari va ATMlarni ko‘paytirishdan ko‘ra muhimroq deb qaralmoqda.
Dunyo bo‘ylab banklar allaqachon raqamli texnologiyalarga investitsiyalar qanday bo‘lishi mumkinligi hamda mijozlarni jalb qilish va qoniqish hosil qilish haqida tushunib etmoqda. Misol uchun Amerika banki an’anaviy bank filiallariga qaraganda ko‘proq onlayn depozitlar qabul qilgan. Bankning Bosh ijrochi direktori Brayn Moynihaning fikriga ko‘ra, raqamli bank xizmatlariga investitsiya kiritish mijozlarning ehtiyojini qondirishga yordam beradi.
Darhaqiqat, "Raqamli bank" tushunchasi 2015-2020 yillar davomida Evropa davlatlarida jadallik bilan rivojlangan. Raqamli banklar o‘z mijozlariga yanada qulaylik va foydali xizmatlarni taqdim etish maqsadida zamonaviy raqamli innovatsiyalardan keng foydalanadi.
Afsus bilan qayd etish lozimki, jahon iqtisodiy forumi ma’lumotlariga ko‘ra mamlakatimiz bu ko‘rsatgich bo‘yicha oxirgi o‘rinlardan birida turadi. Moliyaviy sektorda huddi shu tufayli ro‘y berayotgan salbiy oqibatlarni engib o‘tish uchun milliy iqtisodiyotda raqamli iqtisodiyotni keng ko‘lamda qo‘llashga erishish asosiy masalalardan biri bo‘lib hisoblanadi.
Raqamli banking usullarini qo‘llash, iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash va mobil tizimlar rivojlanishiga alohida ahamiyat berish moliyaviy bozorlar va banklar rivojlanishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF 5296-sonli farmoni imzolangach, bank tizimiga chakana bank xizmatlariga ixtisoslashgan "raqamli" banklar va bank bo‘linmalarini tashkil etish hamda innovatsion bank texnologiyalaridan foydalangan holda mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada kengaytirish vazifasi yuklatilgan.
Shunga ko‘ra, O‘zbekistonda 2020 yilda "Anorbank" va "TBC bank"lar raqamli bank sifatida ro‘yxatga olindi. Bugungi kunda raqamli bank sanalmish "Anorbank" o‘z mijozlariga mobil ilovalar yoki statsionar kompyuterlar orqali to‘liq raqamli xizmatni taqdim etmoqda. Bu shuni anglatadiki, raqamli bank mijozi 24/7 tizimida bank xizmatlaridan foydalanishi mumkin. Ya’ni, raqamli bank tizimida mijozga mobil dasturi, mobil dasturga asosan esa yuqori texnologiyali IT-infratuzilma bilan ta’mirlangan bank operatsiyalarining yuqori moslashuvchanligi taqdim etiladi.
An’anaviy va raqamli banklar orasidagi asosiy farqlar
An’anaviy banklar
|
Raqamli bank
|
Bank filiallar tarmoqlarining har bir tuman, shahar va viloyat kesimida faoliyat yuritishi, sifat darajasiga e’tiboming sustligi
|
bank filiallari tarmog‘ining
kengaytirilmasligi
|
Bank-mijoz o‘rtasida onlayn aloqa o‘rnatish holatining pastligi
|
bank-mijoz o‘rtasida onlayn aloqa
tizimining 100 foiz o‘rnatilganligi
|
Mobil ilovalari ishlab chiqarilgan ammo mobil ilovalarda oddiy kartadan-kartaga pul o‘tkazish yoki kommunal to‘lovlar to‘lash jarayonlarida doimiy muammolar mavjud bo‘lib, ko‘p holatlarda tizimda uzilishlar kuzatiladi sifatli va foydalanuvchilar uchun qulay bo‘lgan mobil ilova
|
bozor talablariga javob beruvchi omonatlar va kreditlar chiqariladi, ammo ko‘p holatlarda tanish-bilishchilik katta rol o‘ynaydi (agar tanish bo‘lmasa, o‘sha mijoz 3 oy va undan ko‘p muddatga sarson-sargardonlikda yuradi) bozor talablariga javob beruvchi omonatlar va kreditlar uchun eng qulay sharoitlar (ya’ni, mijoz talabidan kelib chiquvchi) va tez fursatlarda xizmat ko‘rsatish
|
24/7 rejimida javob beruvchi aloqa markazlari nomigagina faoliyat yuritadi, mijoz bir savoliga javob olish uchun bankning barcha bo‘limlari mutaxassislari bilan so‘zlashishiga to‘g‘ri keladi.
|
Mijoz vaqti, telefon aloqa xizmati uchun mijoz tomonidan to‘lanadigan summa hisobga olinmaydi tezkor, sifatli, qulay va 24/7 rejimida javob beruvchi aloqa markazlarining mavjudligi
|
Asosan ish haqi ma’lumotnomasi va boshqa qo‘shimcha hujjatlar so‘raladi
|
Ortiqcha hujjatlarning talab etimasligi
|
Boshqaruvning markazlashganligi va inson omili katta ro‘l o‘ynashi
|
Dastur tomonidan xizmat ko‘rsatilishi va inson omilining hissasi nisbatan kamayishi
|
Bank xarajatlarining ko‘pligi natijasida xizmatlar tannarxining yuqoriligi
|
Xizmatlar tannarxining arzon bo‘lishi (yirik bino va ofislarga zaruriyatning yo‘qligi)
|
Boshqaruvning markazlashganligi va inson omili katta ro‘l o‘ynashi
|
Dastur tomonidan xizmat ko‘rsatilishi va inson omilining hissasi nisbatan kamayishi
|
Bu esa mijozlarning bank xizmatlaridan qoniqish darajasiga salbiy ta’sir o‘tkazadi.
Bank mobil ilovasida mavjud imkoniyatlar:
NFC orqali Face ID bilan oson ro‘yxatdan o‘tish;
Qulay interfeys; Aqlli o‘tkazma;
Kartalarni buyurtma qilish va etkazib berish;
Valyuta ayirboshlash operatsiyalari;
Xizmatlar bo‘yicha to‘lovlar;
Kreditlarni rasmiylashtirish;
Omonatlarni ochish va boshqarish;
Life ID orqali xavfsizlikni boshqarish; Kartalarni bloklash;
Hisob-raqamlar va kartalar o‘rtasida o‘tkazmalar;
Kartalar va hisob-raqamlar bo‘yicha ma’lumotnoma va ko‘chirmalar;
Avtoto‘lovlar.
Yuqoridagi jadvalda ko‘rinib turganidek raqamli banklar asosan mijozlarning qulayligiga xizmat ko‘rsatadi. Garchi an’anaviy banklar ham o‘z mobil ilovalarini yaratayotgan va 24/7 rejimdagi aloqa markazlarini faoliyatini yo‘lga qo‘yayotgan bo‘lsa ham ularning faoliyati va boshqaruvi markazlashgan holda amalga oshiriladi.
Raqamli bank rivojlanish strategiyasining asosi - mijozlarga yo‘naltirilganlik bo‘lib, u o‘zida bir qator elementlarni o‘z ichiga oladi. Jumladan, sezgirlik va yordam berish istagi, yondashuvning soddaligi, odamlarga hayotda va biznesda bir qadam oldinda bo‘lish imkoniyatini berish, har qanday mijozga individual yondashuvni saqlab qolish va ma’lumotlarni qayta ishlashda xavfsizlikni ta’minlash bilan har qanday so‘rovni iloji boricha tezroq bajarishga yo‘nalganlik.
Ushbu say harakatlar va strategiya natijasi o‘laroq 2021-yilda Anorbank quyidagi natijalarga erishdi:
butun Respublikaga xizmat ko‘rsatish boshlandi;
jamoadagi xodimlar soni 850 taga etdi;
mijozlar bazasi 115 000 gacha ko‘tarildi, 100 000 bank kartasi chiqazildi va depozit uchun jismoniy shaxslardan 350 mlrd. so‘mni jalb qilindi;
hamkorlari soni 2500 dan oshdi;
ikki yuzdan ortiq tashkilotlar umumiy hisobda 20 mlrd.so‘m nominalli oylik maoshlarni Anorbank orqali o‘tkazishdi;
ilovani 270 000 marta yuklab olindi, ilovadan har kuni faol foydalanuvchilarning soni esa 40 000 dan ko‘p.
Demak, moliyaviy xizmatlarning raqamli transformatsiyasi bank mijozlari uchun keng imkoniyatlar yaratib, moliyaviy faollikni oshirish uchun muhim bosqich sanalish bilan birga, mijozlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beradi. Ya’ni, raqamli banklarning istiqbollaridan biri, bu moliyaviy tarmoqlarni raqamlashtirish evaziga xizmatlar tannarxi 40-60 foizgacha pasaytirilishiga erishiladi.
Mijozlar bankka tashrifi, hujjatlarni rasmiylashtirish uchun ketadigan vaqt hamda mablag‘larini tejashiga imkon yaratadi. Bir so‘z bilan aytganda, tijorat banklarining transformatsiya jarayoni va raqamli bank tizimida ishlashga o‘zgarishi bu - yangi axborot texnologiyalarini rivojlanishi va butun dunyo bo‘ylab faol tarqalishiga javob hisoblanadi hamda raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi. Raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish mamlakat bankmoliya tizimi ravnaqining muhim yo‘nalishi bo‘lib xizmat qiladi.
Yuqoridagi raqamlar shundan darak beradiki, bank jadal rivojlanish va mijozga yo‘naltirilganlik tamoyili asosida taklif etayotgan sifatli xizmatlari mijozlar tomonidan keng qabul qilinmoqda va bank mijozlari soni kundan kunga ortib bormoqda.
Bu esa mamlakatimiz bank-moliya tizimida yangi raqamli bank tendensiyasi boshlanganligidan darak beradi. SHu sababli hozirda an’anaviy faoliyat yuritayotgan banklar ham raqamli bank xizmatlarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratishlari zamon talabiga aylanib bormoqda.