www.ziyouz.com kutubxonasi
61
Itlar vovillab mashina ketidan chopishardi. Shunda birdan, bu ayol qayoqqa borarkin, degan fikr
xayolimga keldi. Men, nima uchundir, u konga kelayotgan bo‘lsa kerak, chunki u yokda boradigan joy
yo‘q, dovon, undan keyin esa bizning uchastka, deb o‘ylardim o‘zimcha.
— Siz yetgan bo‘lsangiz kerak? — dedim unga va kabinani taqillatdim. — Biz ham yetay deb
qoldik, dovonga kelyapmiz. Mashina nariga bormaydi.
— Bu yer qanaqa joy? — deb so‘radi u.
— Kon. Siz bu yerga kelayotganingiz yo‘qmi?
— Men... men shu yerga kelayotgandim, — dedi u qimtinib. Keyin «dik» etib turdi-da, menga
plashni berib, qo‘liga bolani oldi. Bola hiqillay boshladi. Men bortga yaqinroq kelib, unga
yordamlashish uchun yerga sakramoqchi bo‘ldim. Biroq bu bechoraga bir gap bo‘lgan, boshiga biron
musibat tushgan ko‘rinadi, deb o‘ylab qoldim. Sovuq tunda yolg‘iz o‘zini tashlab ketsak qanday
bo‘larkin?
— Sizning boradigan joyingiz yo‘q! — dedim men unga ro‘yirost. — Yomon xayollarga bormang,
tag‘in. Bolani buyoqqa bering! — deb qo‘lidan go‘dakni shartta oddim. — So‘zimni qaytarmang.
Tunni biznikida o‘tkazasiz, keyin ixtiyor o‘zingizda. Ketdik! — qichqirdim shofyorga.
Mashina qo‘zg‘aldi. U boshini quyi solib, jimgina o‘tirardi, bilmadim, ehtimol yig‘layotgandir.
— Xavotir olmang! — deb tinchlantirdim uni. -Men sizga hech qanaqa yomonlikni ravo
ko‘rmayman. Men yo‘l masteri Boytemir Qulov bo‘laman. Menga bemalol ishonavering.
Ularni o‘z xonamga joylashtirdim. O‘zim unga taqab qurilgan bo‘sh uychamizga kirib, yog‘och
karavotga yotdim.
Allamahalgacha uxlay olmadim. O‘ylar girdobida qoldim. Tinchimni yo‘qotdim. So‘rab-surishtirib
o‘tirish juda noqulay edi. O‘zim ham buni yoqtirmayman, ammo baribir ayrim narsalarni so‘rashga
to‘g‘ri keldi. Ehtimol u bechoraga mening yordamim kerakdir. U savollarimga istar-istamas qisqa-
qisqa javob qaytarardi. Biroq men aytilmay, uning yuragida qolib ketayotgan gaplarni ham anglab
turardim. Agar insonning boshiga musibat tushsa, uning har bir so‘zining tagida yana aytilmay qolgan
o‘nlab so‘z yotadi. U erini tashlab, uyidan chiqib ketibdi. Takabburroq bo‘lsa kerak, azob
chekayotgani, kuyunayotgani sezilib turibdi-yu, ammo hech taslim bo‘lmoqchi emasdi. Nima ham
deyish mumkin, har kimning ixtiyori o‘zida. Nima qilsa o‘zi biladi. Shunday bo‘lsa ham bu yoshgina
ayolga juda rahmim kelardi. U hali o‘n gulidan bir guli ochilmagan qizchaga o‘xshardi, qaddi-qomati
kelishgan, chehrasidan nur balqib turardi. Odatda u mehribon, shirinso‘z edi, ehtimol, samimiy ayoldir.
Shunday juvonni hamma narsadan mahrum etib, bosh olib ketishga majbur etgan qanaqa inson ekan-a?
Bunga sira tushunolmasdim. Keling, menga nima, bu ularning ishi. Ertaga biror mashinaga o‘tkazib
qo‘yarman.
O‘sha kuni o‘ylayverib charchab ketdim, ko‘zim ilinishi bilan o‘zimni mashinada ketayotgandek
his qildim. Kalta po‘stinim ostiga jajji bolani o‘rab olganmishman. Go‘dakning badaniga issiq yugurib,
ko‘ksimda maza qilib yotganmish.
Tongotarda o‘rnimdan turdim. Yo‘llarni ko‘zdan kechirib kelgani ketdim, ammo tez orada
qaytdim. Mehmonlarim nima qilishayotgan ekan, degan o‘y miyamdan ketmasdi. Ularning uyqusini
buzmaslik uchun ehtiyotlik bilan old xonadagi pechkaga o‘t yoqib, samovar qo‘ydim. Ammo u
allaqachon uyg‘onib, ketishga hozirlik ko‘rayotgan ekan. U menga minnatdorchilik bildirdi. Ularni
choy ichirmay jo‘natmadim, bir oz kutib o‘tirishga majbur qildim. Tungi kichkintoy hamrohim ajoyib
bola ekan, odamga sira tortinmay kelaveradi, hech narsa bilan ishi yo‘q. U bilan o‘ynashib huzur
qildim, xumordan chiqdim: u bilan darhol ko‘nikishib, apoq-chapoq bo‘lib ketdim. Choy ustida
ayoldan so‘radim:
— Qayoqqa borishingiz kerak? Yo‘lovchi mashina to‘xtataymi?
U bir oz o‘ylanib turdi-da:
— Ribachega, — dedi.
— U yerda qarindoshlaringiz bormi?