Chingizxonning oq buluti (qissa). Chingiz Aytmatov
www.ziyouz.com
kutubxonasi
3
Bu tomonlarda poezdlar g‘arbdan sharqqa va sharqdan g‘arbga qatnagani qatnagan...
Sario‘zakning biyday dalalari bo‘ylab ayozli shamol g‘azabnok quturib, oppoq qor unini osmoni
falakkacha to‘zg‘itib yurgan qahraton qish chillasida oq libos kiygan dashtdagi tungi Bo‘ronli bekatini
qor uyumlari orasidan topish poezd haydovchilari uchun oson emas edi. O’ynoqlagan qor bo‘ronlariga
burkangan tungi poezdlar nim qorong‘ida yomon tushdagiday bezovta kelib ketaveradi.
Ana shunday kechalari dunyo ibtidoiy unsurlardan yangi-dan yaratilganday tuyuladi — o‘zining
izg‘irin nafasidan ushigan Sario‘zak dashti zulmat ila ro‘shnolikning tim qorong‘ilikdagi kurashidan
paydo bo‘lgan g‘uborli ummonni eslatardi.
Xuddi ana shu poyonsiz ovloq sayhonlikdagi bekatda har kecha tong otguncha mo‘‘jazgina
uyning
bir derazasida chiroq o‘chmaydi: u yerda kimdir og‘ir darddan jon talvasasida to‘lg‘anmoqda yoki
birov uyqusizlik kasalidan azob chekayotir deb o‘ylaysan kishi. Bekat yonidagi ana shu hujrada
Abutalip Quttiboev oilasi yashar edi.
Unda Quttiboevning xotini bilan farzandlari har kuni dadalarini kutaverib, kechalari chiroqni
o‘chirmas, xotini Zaripa esa lampa chiroq piligining kuygan uchini bir necha marta kesib qo‘yar edi. U
har safar chiroqni yangidan yoqar ekan, bir juft kuchukchalarday burchakda quchoqlashgancha
beozor uxlab yotgan qora sochli ikki o‘g‘ilchasiga mehr bilan nigoh tashlab qo‘yar edi.
Zaripa ko‘ylakchan, sovuqdan junjukadi va qo‘llari bilan ko‘kragini
qisib vahimaga tushadi va
qo‘rqinch aralash o‘ylab ketadi: boyaqish bolalarim tushlarida otalarini ko‘rishayotgan bo‘lsa-ya, bir
yig‘lab bir kulib uning ketidan har qancha chopishsa ham unga yeta olishmayotgan bo‘lsa-ya? Ular
o‘ngida mudom otasini poylashadi, poezd keldi deguncha bekatga chopishadi. Poezd tormozlarini
taraqlatib bir lahza bo‘lsa ham to‘xtadi deguncha bolalar xuddi otalari sakrab tushadiganday vagon
oynalaridan ko‘zlarini uzishmaydi. Qancha poezdlar, qancha kunlar o‘tdi orada,
lekin undan hamon
darak yo‘q — qaerdadir qor ko‘chkisi tagida qolganday hecham undan nom-nishon yo‘q.
Yerning boshqa bir kunjagida — Olmaotaning turmasida ham bir darcha — qalin temir panjara
bilan to‘silgan derazada o‘sha kunlari tong otguncha chiroq o‘chmas edi. Mana bir oydirki, Abutalip
Quttiboev shipda quyoshday uzluksiz yonib ko‘zni oladigan elektr chiroqlaridan holdan toydi. Tinimsiz
porlab turgan elektr nuridan tig‘ tekkanday ko‘zi achishadi, qo‘rg‘oshin quyib qo‘yganday boshi
zirqiraydi, bir lahza bo‘lsa
ham hammasini unutishga, bu yerga qanday kelib qoldim, mendan nima
xohlashadi deya o‘ylashga ham fursat berishmaydi. Kechalari boshiga ko‘ylagini yopib devorga
o‘girilib yotdi degancha teshikdan qarab turgan turma nazoratchisi kameraga chopib kiradi-da, uni
taxta so‘ridan tortib tushurib tepa ketadi: «Devorga
qarab yotma, ablah! Boshingni yopma, yaramas!
Vlasovchi!» deb so‘kadi. U «men vlasovchi emasman» deb har qancha dod-faryod solmasin, hech kim
nazar-pisand qilmaydi.
U yana ko‘zni teshguday ayovsiz elektr chirog‘iga qarab yotar ekan, yallig‘lanib
qizarib shishib
ketgan ko‘zlarini yumib, kaftlari bilan to‘sib oladi, qani endi u tim qorong‘ilikda, zimistonda, hatto
lahadda bo‘lib qolsa-yu, ko‘z bilan miya ishdan chiqsayam mayliga, faqat hech qanday turma
nazoratchisi, hech qanaqangi tergovchi degan baloyi ofatlarni ko‘rmasa,
faqat odam bolasi bardosh
bera olmaydigan qiynoqlar, ko‘zni ko‘r qiladigan elektr chirog‘i, uyqusizlik va kaltak azoblari bo‘lmasa!
Nazoratchilar navbat bilan almashib turishadi, lekin hammasi birday berahm, shafqatdan asar
ham yo‘q — mahbus
devorga qarab yotdi deguncha, xuddi kutib turganday chopib kelib g‘azab bilan
do‘pposlashar, kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilishar edi. Abutalip Quttiboev turma
nazoratchisining vazifasi va burchlarini bilsa-da chorasiz paytlarida o‘z-o‘ziga derdi: «Nega ular
bunchalik berahm, qarasang odamga o‘xshaydi. Nahotki odam bolasi shunchalik darg‘azab bo‘lsa?
Axir men ularning birontasiga yomonlik qilmaganman-ku!
Ular meni tanishmas, men ham ularni tanimas edim, nega endi xun uchun qasos olayotganday
xo‘rlashadi. Nega? Bunday odamlar qayoqdan kelishadi? Ular qaerdan bu darajada rahmsiz bo‘lib
qolishgan? Menga nima uchun azob berishadi? Bunga qanday bardosh berib bo‘ladi, jinni bo‘lmay
bo‘ladimi, kallangni devorga urib, majaqlashdan boshqa iloji bormi?! Boshqa yo‘li qolmadi».
Bir gal u bardosh bera olmadi ham. Umrida bunday jahli chiqqan emas.
Nazoratchi kirib kelib