www.ziyouz.com kutubxonasi
211
ham yomonroq jinniliklar qilishi mumkin edi. Bahorni kutaverib jonimda jon qolmadi.
Choliqushini ishlab turgan qishloq maktabidan tutib kelish uchun yo‘l taraddusini ko‘ra
boshlagan edim. Aksiga olib birdan kasal bo‘lib qoldim. Rosa uch oy o‘rnimdan turolmay
yotdim. Orqasidan qidirib B...ga borganimda esa ish qo‘ldan ketgan edi. Faridaning bir
kasalmand bastakorga ko‘ngil berganligini, vafosiz boshini shalola bo‘yida sevgilisining
tizzalariga qo‘yib, ko‘zlariga tikilib turib tanbur chaldirganini aytishdi. O‘zingiz o‘ylab
ko‘ring, pochcha, necha-necha yillardan beri bu boshni, bu ko‘zlarni “meniki, faqat meni-
kigina” deb intizor bo‘lganimdan so‘ng mana shunday...
Komron davom etmadi. Marmardan esayotgan salqin oqshom shamolidan
qochayotgandek, bo‘ynini paltosining yoqasi ichiga yana ham ko‘proq tortib, uzoq-
uzoqlarda qizarib ko‘ringan baliqchi gulxanlariga qarab qoldi.
Azizbeyning ham kayfi buzildi.
— Komron, o‘g‘lim, ikkinchi xatoni o‘sha yerda qilib qo‘ymadingmikan, deb
qo‘rqaman. Choliqushi koshkiydi shunday qiladigan, o‘z-o‘zini osongina yupata oladigan
qiz bo‘lsa. Unda baxtli bo‘lardi-ku. Lekin men hech ishonmayman.
Komron yana achchiqqina kulimsirab, boshini tebratdi.
— E, pochcha, xo‘p deyavering, Faridaning baxti ochilib ketganiga ikki yil bo‘libdi, o‘z
ko‘zi bilan ko‘rgan odamlardan eshitdim. Eri bir badavlat qari doktor emish. Bitta osh-
nam bor, xo‘jalik inspektori bo‘lib ishlaydi. Buning xotini esa Faridaning eski dugonalari-
dan. Ana shu xotin Faridani o‘tgan yili Qushadasida ko‘ribdi. Choliqushi burungiday
hadeb kular, valaqlar, hazilkashlik qilib yurar emish. Shahardan uch-to‘rt soatlik masofa-
dagi bir chorbog‘da yigirma chog‘lik bolani tarbiya qilayotganini, juda baxtiyor ekanligini
aytibdi. Eridan yarim soat ayrilgudek bo‘lsa chiday olmas emish. Dugonasi Istambuldan,
qarindoshlaridan so‘z ochgan ekan, Farida darrov so‘zini kesib: “Men u shaharni ham, u
yerdagi odamlarni ham esga olishni xohlamay-man!” — debdi. Faridaga nisbatan kam-
chiliklarim, insofsizliklarim ko‘p, pochcha, bilaman. Lekin siz ham insof qiling, uning ham
meni shunchalik tez unutib yuborishi to‘g‘rimi? Darvoqe, bu bekorchi so‘zlarga nima
hojat? Bas qilaylik. Men aravadan tushib piyoda bormasam bo‘lmaydi. Yomon yo‘l ekan,
tebrataverib jonimni oldi. Oq yo‘l!
— Voy bu xizmatchilar-ey, hamisha dod-voy solishgani solishgan-a! Bu yo‘llarni o‘zim
soldirganman, anchagina yil bo‘lib qoldi. O‘zim ish boshida turib, oftobda rosa kuygan-
man. Yolg‘on aytma, Komron, holingni yo‘l quritgani yo‘q. Yetti yil avval meni mutasarri-
flikdan bo‘shatishib xo‘p yaxshi ish qilishibdi-da. Tusha qol, o‘g‘lim, faqat kech qolma,
chunki qarilik xolangni ham, meni ham barbod qilgan. Kech qolsang, xolang tashvish-
dan, men ochlikdan jinni bo‘lamiz.
* * *
Komron yana o‘sha ko‘prik oldida aravadan tushdi. O‘n yil avval, yana shunday av-
gust oqshomlarining birida mana shu ko‘prikka kelib, chirik taxta ustida oyoqlarini solin-
tirib o‘tirgan edi.
Taqirdog‘ida yigirma besh kundan beri turgan bo‘lsa, har oqshom shu yerga kelar,
kech kirib qosh qoraygandan keyin sekin-asta uyga qaytar, yo‘l bo‘yi o‘ylanib borardi.
Eri Anatoliyaga komandirovka qilingandan beri bolalari bilan Taqirdog‘iga kelib o‘tir-
gan Mujgon bir kuni kechqurun Komrondan:
— Juda charchagan ko‘rinasan, uzoqqa bordingmi? — deb so‘radi.
Komron alam bilan kulimsirab javob qildi:
— Topding, Mujgon, juda uzoqqa bordim — o‘n yillik uzoq o‘tmishga...
U yana bir nimalar demoqchi bo‘ldi-yu, lekin Mujgon hech nima tushunmagandek lab-
larini burib:
— Shundaymi? — dedi-da, bo‘lasiga orqasini o‘girib oldi.
Choliqushi (roman). Rashod Nuri Guntekin
Yüklə Dostları ilə paylaş: |