Muhammad Sharif Juman, Ahmad Muhammad. Dinda savolim bor... (2-kitob)
Savol: Qurbonlik ibodatining qanday hukmlari bor? Javob: Qurbonlik qilish zakot, sadaqai fitr kabi moliyaviy ibodatdir.
Zulhijja oyining o‘ninchi kuni hayit namozi o‘qilganidan boshlab, to o‘n ikkinchi
kunining shomigacha qurbonlik so‘yish vaqtidir.
Kumush zakotining nisobidagi mablag‘a yo zaruriy ehtiyojidan ortiqcha, qiymati
kumush nisobi miqdoriga yetadigan mulkka ega bo‘lgan muqim musulmonga qurbonlik
qilish vojib bo‘ladi.
Yashayotgan turar joyi, kerakli (uy ichida, ishda va hayitda kiyish uchun) kiyimlari, uy
anjomlari, mehnat qurollari zaruriy ehtiyojga kiradi.
Qurbonlik so‘yish vaqtining oxiridagi boylik holati qurbonlikning vojib bo‘lishi uchun
hisobga olinadi. Ya’ni, kambag‘al kishi qurbonlik so‘yish vaqtining oxiriga kelib kumush
nisobi miqdoricha boylikka ega bo‘lsa, unga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi, agar boy kishi
o‘sha vaqtda kambag‘al bo‘lib qolsa, unga qurbonlik so‘yish vojib bo‘lmaydi.
Qiymati kumush zakoti nisobiga yetadigan yeri bo‘lgan, ammo o‘zi ijarada
yashayotgan musulmonga qurbonlik so‘yish vojibdir.
Qurbonlik uchun besh yoshga to‘lgach tuya, ikki yoshga to‘lgan qoramol, olti oyga
to‘lgan qo‘y, bir yoshli echki yaraydi.
Qurbonlik niyatida tovuq, kurka kabilarni so‘yish makruhdir.
Tuya va qora mollarni yetti kishi yo bundan kam kishi birlashib qurbonlikka so‘yishlari
joiz. Ammo ulardan birining niyati go‘sht olish bo‘lsa, barchalarining qurbonligi bekor
bo‘ladi. Zero, qurbonlikning rukni go‘sht olish emas, mol so‘yishdir. Yetti kishi bir bo‘lib
so‘yilgan qurbonlikgo‘shtini kilolab tortib teng taqsimlab olishlari lozim bo‘ladi.
Ko‘zi ko‘r, qulog‘i, shoxi, dumining uchdan bir qismidan ko‘pi kesib tashlangan
hayvonlar qurbonlikka yaramaydi. Qurbonlikka so‘yilgan hayvonning terisini qassobga
xizmat haqqi sifatida berish mumkin emas.
Qurbonlik so‘yishi vojib bo‘lgan kishi qurbonlikni vaqtida so‘ymasa, keyin uning
qiymatini sadaqa qilishi vojibdir.
So‘yilgan qurbonlikning uchdan birini sadaqa qilish uchdan birini yedirish, uchdan
birini keyin yeyishga olib qo‘yish mustahab. Serfarzand bo‘lsa, hammasini o‘z farzandlari
uchun qoldirishi mustahabdir.
Qurbonlik qiluvchi so‘yishni bilsa, o‘zi so‘yadi. Bilmasa, birovga buyurib, o‘zi uning
oldida turadi.
Qurbonlik molining terisi sadaqa qilinadi yo ro‘zg‘orda ishlatiladigan kigiz, palos kabi
narsalarga almashtiriladi. Agar sotib yuborilsa, puli sadaqa qilinadi.