Muhammad Sharif Juman, Ahmad Muhammad. Dinda savolim bor... (2-kitob)
www.ziyouz.com kutubxonasi
25
Savol: Oila qurganimizga o‘n yil bo‘ldi. Afsuski, farzandimiz yo‘q. Turmush o‘rtog‘im bilan shunday qarorga keldik: «Sun’iy yo‘l bilan homila paydo qilsak-chi?!» Lekin bizga bu ish islomiy nuqtai nazardan durust emas, deyishdi. Haqiqatda shundaymi? Shariatda bu haqda nima deyilgan? Javob: Alloh taolo farzand tug‘ilishi uchun erkak va ayolning qo‘shilishini umumiy
qoida qildi, ammo O’zi farzand berishini eslatib turish uchun ba’zi kishilarni befarzand
qilib qo‘ydi. Erkak va ayolning qo‘shilishi bola bo‘lishi uchun kifoya qilsa, hamma er-xotin
bolali bo‘lishi kerak edi. Ammo ba’zilar farzand ko‘rmaydi, demak, qo‘shilishning o‘zi
bola bo‘lishi uchun sabab emas ekan.
Alloh taolo har bir bandasiga bergan nasl qoldirish hissi, farzandli bo‘lish istagi va
ehtiyoji ayniqsa, befarzandlarda kuchli bo‘ladi. Alloh taologa yolvoradi, nazr-niyozlar
ataydi, xayr-sadaqa qiladi, tabiblarga yuguradi. Xullas, ham qoliy, ham fe’liy duoda
bo‘ladi.
Insoniyat farzandsizlikka chora axtarib, o‘z zamonidagi tib ilmi taraqqiyoti darajasida
turlicha usullarni qo‘llab kelgan. Nihoyat, bizning asrimizga kelib, sun’iy yo‘l bilan homila
paydo qilish, ya’ni bachadonga urug‘likni tabiiy yo‘l bilan emas, sun’iy yo‘l bilan
tushirish usuli topildi.
Keyinroq tib ilmi yanada o‘sdi. Er, xotin urug‘liklari avval tashqarida urchitib olinib, bir
yo‘la tayyor homilani bachadonga qo‘yish joriy qilindi. Bu uslub ilmda goh «naycha
usuli», goh «naycha bolasi» deyilyapti. Har ikki atamada ham urug‘likni oldin naychada
urchitib olishga ishora bor.
Hammamizga ma’lumki, bu usullar musulmon bo‘lmagan yurtlarda, musulmon
bo‘lmagan odamlar tomonidan yo‘lga qo‘yildi. Binobarin, biz musulmonlarda savol paydo
bo‘ladi: bu hodisaga shariatimiz nima deydi? Musulmonlar ham bu usuldan foydalansa
bo‘ladimi?
Musulmonlar har bir yangilikni qabul qilish va hayotlariga tadbiq etishdan oldin o‘ylab
ko‘rishlari, o‘z dinlari hukmini so‘rab-surishtirishlari tabiiy holdir. Albatta, bunday
savollarga mo‘‘tabar ulamolarimiz Qur’oni karim va Payg‘ambarimizning (s.a.v) sunnati
mutahharalariga suyanib javob axtarishadi. Sun’iy yo‘l bilan homila paydo qilish
masalasida ulamolarimizning fatvolari bir xil chiqdi: bu uslublardan musulmonlar
foydalansalar bo‘ladi.
Ammo bachadonga sun’iy yo‘l bilan urug‘lik kiritiladimi yoki naychada urchitib, so‘ngra
bachadonga qo‘yiladimi, asosiy shart – urug‘lik ayolning o‘z eridan, shar’iy jufti halolidan
olingan bo‘lishi lozim. Begona erkakdan olinsa, zino hisoblanadi. Zino esa shar’an
haromdir. Zinoning harom qilinishi-yu nikohning yo‘lga qo‘yilishidan asosiy
maqsadlardan biri inson naslining pokligini saqlashdir. Shu boisdan begona erkakning
urug‘ini muslima ayol bachadoniga kiritish Islom shariati qoidalariga mutlaqo to‘g‘ri
kelmaydi. Bu hukmni asrimiz musulmon ulamolarning hammalari ittifoq qilib aytishgan.
Shuningdek, «Azhari sharif», «Islom fiqhi akademiyasi» kabi mo‘‘tabar muassasalar
masalani atroflicha o‘rganib chiqib, yirik anjumanlar o‘tkazib, so‘ngra fatvolar
chiqarishgan. Musulmon inson doimo Allohning shariatiga muvofiq ish qilmog‘i lozim.
(«Islomiy oila – farog‘at qasri» kitobi asosida tayyorlandi).