Muhammad Sharif Juman, Ahmad Muhammad. Dinda savolim bor... (2-kitob)
Savol: Xizr – payg‘ambarmi yoki Allohning valiylaridanmi? Javob: Keng ilm, chuqur hikmat va chiroyli sabrga zarbulmasal bo‘lgan Xizrning asl
ismi Balyo ibn Malkon ibn Folig‘dir. Ismini Ilyo ibn Ilyos deganlar ham bor. U – Nuh
alayhissalomning sulolalaridandir. Xizr – uning laqabi bo‘lib, yashil, zangori ma’nolarini
anglatadi. Aytilishicha, u oq mo‘ynaning ustida o‘tirganida yashil bo‘lib qolgan ekan.
Imom Navaviy «Tahzibul asmo val-lug‘ot» kitoblarida ushbu fikrni quvvatlaganlar. Bu
Buxoriyning «As-Sahih»larida rivoyat qilingan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
«Uni Xizr deb atalishining sababi, mo‘ynaning ustida o‘tirgandi. Bir vaqt mo‘yna uning
ortidan yashil holda silkindi», deydilar. Imom Navaviy bu – sahih va ravshan dalildir,
deya aytadilar.
Muso alayhissalomning «Kahf» surasida zikr qilingan sohiblari Xizrdir. Alloh taolo
aytadi: «(Muso) dedi: «Mana shu biz istagan narsadir». So‘ng uni (Xizrni) izlab ortlariga
qaytdilar. Bas, bandalarimizdan bir bandani topdilarki, Biz unga o‘z dargohimizdan
rahmat ato etgan va O’z huzurimizdan ilm bergan edik. Muso unga: «Senga bildirilgan
bilimdan, menga ham to‘g‘ri yo‘lni ta’lim berishing uchun senga ergashsam maylimi?»
dedi. U (Xizr) aytdi: «Aniqki, sen men bilan birga sabr qilishga hargiz toqating yetmas.
(Zotan) o‘zing egallab olmagan – xabardor bo‘lmagan narsaga qanday sabr qilursan?!
(Muso) dedi: «Inshaalloh, sen mening sabr-toqatli ekanimni ko‘rursan. Men biron ishda
senga osiylik-itoatsizlik qilmasman. U (Xizr) aytdi: «Bas, agar menga ergashsang, to
o‘zim senga aytmagunimcha biron narsa haqida mendan so‘ramagin!» (64-70-oyatlar).
Ulamolarning ittifoqiga ko‘ra, Xizr – Alloh taolo rahmat va ilmi bilan fayzlantirgan solih
bandalardan biri. U muayyan ummatga yuborilgan rasul emas. Ammo payg‘ambarligi
to‘g‘risida ixtilof mavjud.