Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Modomiki nohaq qon to‘kmas ekan,
mo‘min inson dinidagi kenglikda bardavom bo‘laveradi» (Buxoriy, Muslim rivoyati).
Ibn Umar roziyallohu anhu aytganlarki: «Nohaq qon to‘kish sira qutulib bo‘lmaydigan
halokatli ishlardandir» (Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qiyomat kuni insonlar orasida birinchi
bo‘lib qonlar xususida hukm qilinadi» (Muttafaqun alayh).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Allohga dunyoning zavol topishi
musulmon kishining qatl etilishidan ko‘ra yengilroqdir» (Muslim va boshqalar rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Gunohi kabiralar (ushbulardir): Allohga
shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish, biron jonni o‘ldirish va yolg‘on qasam» (Buxoriy
rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Biron bir jon mazlum holda o‘ldirilsa,
uning qonidan bir qismi Odamning birinchi o‘g‘li bo‘ynida bo‘ladi. Chunki u qotillikni
birinchi bo‘lib joriy etgan edi» (Muttafaqun alayh).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki ahdlashgan kishini o‘ldirsa, jannat
hidini hidlamaydi. Vaholanki, uning hidi qirq yillik masofadan kelib turadi» (Buxoriy
rivoyati).
Islom davlatida yashaydigan, jiz’ya to‘laydigan g‘ayridin muahid (ahdlashgan)
hisoblanadi. Endi ahdlashgan g‘ayridinni o‘ldirishning oqibatida shu bo‘lsa, musulmonni
o‘ldirishning oqibati qanday bo‘lar ekan...
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ogoh bo‘linglar, kimda-kim Alloh va
Rasulining himoyasidagi ahdlashgan jonni o‘ldirsa, aniqki, u Allohning kafolatini barbod
qilibdi. Binobarin, u jannat bo‘yini totmaydi. Vaholanki, uning bo‘yi yetmish yillik
masofadan kelib turadi» (Termiziy rivoyati).
Muoviya roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam
aytdilar: «Alloh barcha gunohlarni kechirishi mumkin, ammo bir kishi kofir holida o‘lgan
bo‘lsa, yoki bir kishi mo‘minni qasddan o‘ldirsa, bu gunohlarni kechirmaydi» (Nasoiy,
Hokim rivoyati).
Rivoyat qilinishicha, «Kimki bir mo‘minning qatl etilishiga yarimta so‘z bilan yordam
bersa, ikki ko‘zi orasiga «Alloh rahmatidan noumid» deb yozilgan holida Allohga
yo‘liqadi».