www.ziyouz.com kutubxonasi
155
barobardir. Bu munofiqlik, kofirlik va dahriylikdan salomat bo‘lgan va ozgina fikr
yuritgan har bir kishiga yaxshi ma’lumdir.
Quyidagi hadisu xabarlar bu fikrni tasdiqlaydi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taboraka va taolo meni tanlab oldi va men
uchun sahobalarimni tanlab, ulardan menga vazirlar, yordamchilar va qarindoshlar qildi.
Bas, kimki ularni haqorat qilsa, unga Allohning, farishtalarning va barcha insonlarning
la’nati bo‘ladi, qiyomat kunida uning na farz, na nafl ibodatlari qabul qilinadi», deganlar
(Hokim rivoyati).
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Alloh azza va jalla bandalarining
qalblariga qarab, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning qalbi ularning orasidagi eng
yaxshi qalb ekanini ko‘rdi va u kishini tanlab olib, payg‘ambar qilib yubordi. So‘ng
bandalarning qalblariga qarab, sahobalarning qalblari ularning orasidagi eng yaxshi qalb
ekanini ko‘rdi va ularni Payg‘ambarining vaziri qildiki, ular Uning dini uchun kurashdilar.
Bas, musulmonlar nimani yaxshi deb bilsalar, u Allohning huzurida ham yaxshidir.
Musulmonlar nimani yomon deb bilsalar, u Allohning huzurida ham yomondir» (Ahmad,
Bazzor, Tabaroniy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «Sahobalarimni haqorat
qilmanglar. Sahobalarimni haqorat qilgan kimsani Alloh la’natlasin» (Tabaroniy rivoyati).
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh: «Agar sahobalarim zikr
qilinsa, jim bo‘linglar. Agar yulduzlar zikr qilinsa, jim bo‘linglar. Agar taqdir zikr qilinsa,
jim bo‘linglar», deganlar» (Tabaroniy rivoyati).
Ulamolar aytadilar: «Buning ma’nosi shuki, kishi taqdirning siri haqida fikr yuritishdan
tiyilishi lozim. Bu iymon alomati va Allohning amriga taslim bo‘lish hisoblanadi.
Shuningdek, kimki yulduzlar Allohning irodasidan tashqari ham ta’sir qiladi yoki faoliyat
ko‘rsatadi, deb e’tiqod qilsa, u mushrik bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning
sahobalarini so‘kkan, ayrim kamchiliklarini kuzatib, o‘rganib, ularni aybdor deb bilgan
kimsa munofiqdir. Bila’ks, musulmon insonga Allohni va Rasulini, u zot keltirgan
narsalarni, u zotning buyruqlarini bajargan, yo‘l-yo‘riqlarini o‘zlariga dasturul amal deb
bilgan, sunnatlariga amal qilgan zotlarni, u zotning yaqinlari, sahobalari, ahli ayollari,
farzandlari va xodimlarini yaxshi ko‘rish hamda ularni yaxshi ko‘rgan kishilarni yaxshi
ko‘rish, yomon ko‘rgan kishilarni yomon ko‘rish vojib bo‘ladi. Zero, iymonning eng
mustahkam halqasi Alloh uchun yaxshi ko‘rish va Alloh uchun yomon ko‘rishdir».
Ayyub Saxtiyoniy aytgan ekanlar: «Kimki Abu Bakr roziyallohu anhuni yaxshi ko‘rsa,
haqiqatda u dinning ustunini barpo qilibdi. Kimki Umar roziyallohu anhuni yaxshi ko‘rsa,
u haqiqatda u yo‘lni ravshan qilib olibdi. Kimki Usmon roziyallohu anhuni yaxshi ko‘rsa,
haqiqatda u Allohning nuri bilan nurlanibdi. Va kimki Ali roziyallohu anhuni yaxshi ko‘rsa,
haqiqatda u mustahkam halqani ushlabdi. Kimki Rasululloh sollallohu alayhi
vasallamning sahobalari haqida yaxshi gap gapirsa, haqiqatda u munofiqlikdan pok
bo‘libdi».