Rivoyat qilishlaricha, Arsh tarafdan bir jarchi «falonchi o‘g‘li falonchi qaerda?» deb nido
qiladi. Bu ovozni eshitgan har bir kishining hushi boshidan uchadi. Alloh azza va jalla
o‘sha kishiga: «So‘ralayotgan sensan. Osmonlaru yerning Yaratuvchisiga ro‘baro‘
bo‘lishga shoshil», deydi. Butun maxluqotlar Arsh tomonga tikilib qoladi. Haligi kishi
Alloh azza va jallaning huzurida hozir qilinadi. Alloh azza va jalla unga maxluqotlardan
to‘sib turadigan nurini tushiradi-da, so‘ng unga: «Bandam, dunyo hayotidagi har bir
amalingni ko‘rib, kuzatib turganimni bilmasmiding?» deb so‘raydi. Banda: «Bilardim, ey
Rabbim», deydi. «Bandam, Menga osiylik qilgan kimsalarga azobim va intiqomim
borligini eshitmaganmiding?». «Eshitgandim, ey Rabbim». «Ey bandam, Menga osiylik
qilding?» «Ey Rabbim, shunday bo‘lgan edi». «Bandam, bugun Meni nima qiladi deb
o‘ylayapsan?». «Ey Rabbim meni afv etasan, deb o‘ylayapman». «Bandam, nimaga
asoslanib meni afv etadi, deb o‘ylayapsan?» «Ey Rabbim, chunki Sen mening gunoh
qilayotganimni ko‘rib, uni yashirgan eding». «Seni afv etdim, kechirdim. O‘ylagan
narsangni ro‘yobga chiqardim. Kitobingni o‘ng tarafingdan olgin. Unda nimaiki yaxshilik
bo‘lsa, uni qabul qildim va nimaiki yomonlik bo‘lsa, uni kechirdim. Men saxiy, karim
zotdirman», deydi Alloh taolo.
Parvardigoro, mag‘firat qilishni yaxshi ko‘rmaganingda edi, osiy kimsalarga muhlat
bermasding. Afv va karaming bo‘lmaganda edi, dillar osoyish topmasdi.
Ey Allohim, albatta, Sen afv qilguvchisan, bizni afv qil. Ey Allohim, bizga rizo nazari bilan
boq va bizni pokiza bandalaring qatorida qil, jafokashlar orasida qilma. Ey Allohim,
bizning orzu-umidlarimizni ro‘yobga chiqar, barcha holatlarda ham amallarimizni o‘ngla.
Roziligingga eltuvchi yo‘llarni qulay et, bizni yaxshiliklarga yo‘lla, bizga dunyoda ham,
oxiratda ham yaxshilik ato et va bizni do‘zax azobidan saqla.