Umar ibn Xattob roziyallohu anhu aytadilar: «O‘lim farishtasi alayhissalom mo‘minning
jonini olgach, eshik oldida turadi. Uydagilar esa shovqin soladi: ayrimlari yuzini yuladi,
ba’zilari sochini to‘zg‘itadi, yana birlari o‘ziga o‘lim tilaydi. Shunda o‘lim farishtasi aytadi:
«Nega buncha shovqin, nedan buncha betoqatlik?! Allohga qasamki, birontangizning
umringizni qisqartirganim yo‘q, birontangizning rizqingizni olib qo‘yganim ham,
birontangizga qilcha zulm qilganim ham yo‘q. Agar mendan shikoyat qilib, norozi
bo‘lsangiz, Allohga qasamki, men faqat ma’murman (ya’ni, menga shu ish buyurilgan).
Bordi-yu, mayyitingizdan norozi bo‘lsangiz, u majbur – ixtiyorsiz. Mabodo
Parvardigoringizdan norozi bo‘lsangiz, unda sizlar kofirsizlar. Men sizlarga qayta-qayta
kelaveraman, hattoki birontangiz tirik qolmaysiz».
Shurayh roziyallohu anhu aytgan ekanlarki: «Menga bir musibat yetsa, Allohga to‘rt
marta hamd aytaman: bundan-da kattaroq musibat bermagani uchun, unga yarasha
sabr bergani uchun, savob umidida istirjo’ aytishga muvaffaq qilgani uchun va nihoyat
musibatni dinimga taalluqli qilmagani uchun».
Xullas kalom, musibat yetgan odam o‘ziga o‘lim, vayl tilab duo qilsa, yoki yuziga ursa,
yoki yoqasini yirtsa, yoki sochini yulsa yoxud to‘zg‘itib, kesib yuborsa, u erkakmi,
ayolmi, Allohning g‘azabi va la’natiga duchor bo‘ladi.
Musibat yetganda songa urish ham ajrni ketkazishi, shuningdek, musibatga uchragan
odam kiyimini yirtsa, yoki yuziga shapatilasa, yoki yoqasini yirtsa va yo sochini yulsa, u
go‘yo nayza olib Rabbi bilan jang qilmoqchi bo‘lganday ko‘rinishi ham rivoyat qilingan.
Hikoya
Solih Murriy hikoya qiladi: «Juma tunlaridan birida qabristonda tunab qoldim. Tush
ko‘rdim: qabrlar yorilib, o‘liklar chiqib keldi va halqa-halqa bo‘lib o‘tirishdi. So‘ng ularga
tepadan og‘zi yopiq tovoqlar tushdi. Ular orasida bir yigit bo‘lib, unga turli qiynoqlar
bilan azob berilardi. Unga yaqinlashib: «Ey yigit, bu qavm orasida nega faqat sen
azoblanyapsan?» deb so‘radim. «Ey Solih, Alloh haqqi senga tayinlaydigan ishlarimni
bajar, omonatni ado et, ahvolimga rahming kelsin. Shoyad Alloh azza va jalla sen tufayli
meni bu azoblardan xalos etsa. Men vafot etganimdan buyon onam yig‘lovchi, go‘yanda
aytib yig‘lovchi ayollarni to‘plab, ular jo‘rligida kuniga dod-voy solmoqda. Shu sababli
men azobdaman. Onamning yomon, bema’ni gap-so‘zi, azasi bois oldim-u ortim, o‘ng-u
so‘limda olov. Alloh ularga mening nomimdan yaxshi mukofotlar bermasin», deb yig‘ladi
u. Uning yig‘isini ko‘rib men ham ko‘z yoshlarimni tiyib turolmadim. «Ey Solih, Alloh
haqi, onamning oldiga borgin. Ular falon joyda turadilar», deb manzilni tushuntirdi va
davom etib dedi: «Ularga mening nomimdan aytginki, ey ona, nega farzandingizga azob
berasiz. Meni naqadar yomon tarbiyaladingiz, qanchalar xunuk saqladingiz, o‘lganimdan
so‘ng esa azobga tashladingiz. Ey ona, ahvolimni bir ko‘rsangiz edi: bo‘ynimda kishan,
oyog‘imda taxtakach, azob farishtalari baqirib, urib azob berishmoqda. Avholimni bir
ko‘rsangiz edi, menga rahmingiz kelardi. Agar hozirgi azadorligu, dod-voylaringizni bas
qilmas ekansiz, u holda osmonlar yoriladigan, barcha xaloyiq hisob-kitobga ro‘baro‘
bo‘ladigan kuni ikkimiz oramizda Alloh hakam bo‘lur!»
Cho‘chib uyg‘ondim va ko‘rgan tushimdan ta’sirlanib tongacha uxlay olmadim. Tong
otgach, shaharga kirdim. Mening birdan-bir maqsadim yigitning uyini topish edi. So‘rab