www.ziyouz.com kutubxonasi
30
musnad hadis bilan mursal hadis orasini ajratish uchun roviylarning yoshlari va umrlari
haqidagi ilmlar kiradi.
Yuqorida ko‘rib o‘tilgan to‘rt qism ilm shar’iy hisoblanib, ularning barchasi maqtalgandir,
shuning bilan birga ular farzi kifoyadir.
Agar, nega fiqh dunyo ilmi va faqihlar dunyo olimlari sirasida sanaldi, deb so‘rasang,
javob quyidagichadir: ma’lumki, Alloh taolo Odam alayhissalomni tuproqdan xalq etdi, u
kishining zurriyotlarini tuproqdan bo‘lgan otaning maniyidan va onaning ko‘kragidan
otilib chiquvchi suvdan yaratdi. Zurriyotlarini otalar belidan onalar bachadoniga, undan
dunyoga, keyin esa qabrga, qabrdan hisob maydoniga, undan jannat yoki do‘zaxga
chiqaradi. Mana shu narsalar insonning ibtidosi, g‘oyasi va boradigan yeridir. Oxirat
hayotiga zod (ozuqa) to‘plash uchun dunyoni yaratdi. Agar insonlar dunyoni adolat bilan
tutsalar, xusumatu dushmanliklar kesiladi, faqihlarga ehtiyoj yo‘qoladi. Lekin insonlar
dunyoni shahvat va dushmanlik bilan tutganlari uchun, unda xusumat va adovat yuzaga
keladi. Shunda insonlarni boshqaradigan rahbarga ehtiyoj tug‘iladi. Rahbar esa
insonlarni boshqarish uchun qonunga muhtoj bo‘ladi. Insonlar shahvatga berilib, bir-
birlari bilan nizolashgan vaqtda ularni murosaga keltiruvchi o‘rta yo‘lni va boshqaruv
qonunlarini biluvchilar faqihlardir. Shunday ekan, faqih dunyo ishlarida insonlarni to‘g‘ri
yo‘lga soluvchi va siyosat qonunlarini o‘rgatuvchi rahbar, podshohlarga muallim va
murshiddir. Tabiiy, fiqh dinga ham bog‘langan, lekin bevosita emas, balki dunyo vositasi
ila bog‘langandir. Zero, dunyo oxirat ekinzori, din dunyo bilan kamol topadi. Din va
podshohlik egizaklar kabidir. Ammo din – asos, podshoh esa, uning qo‘riqchisidir. Asosi
yo‘q narsa mahv bo‘lishga mahkumdir. Qo‘riqchisi yo‘q narsa esa, zoe’ bo‘luvchidir.
Saltanat va mulk podshoh bilan turgani kabi, hukumatlar orasidagi adovatni daf qilish
faqat fiqh bilan bo‘ladi. Shuningdek, xalqni boshqarishda siyosat ilmi din ishlari orasida
birinchi darajali hisoblanmaydi. Balki u din ilmining bir bo‘lagidir.
Ma’lumki, haj yo‘lda qaroqchilardan himoya topish bilan amalga oshadi. Lekin haj o‘zi
alohida ish, hajga yo‘l olish ikkinchi bir ish, hajni amalga oshirishda kerak bo‘ladigan
qo‘riqchilik uchinchi ishdir. Qo‘riqchilikning yo‘llari, uslublari va qonun-qoidalarini
o‘rganish esa, to‘rtinchi ishdir. Xulosa qilib aytganda, fiqh fani rahbarlik va qo‘riqchilik
yo‘llarini o‘rgatadi. Bunga musnad yo‘l bilan rivoyat qilingan quyidagi hadis dalildir:
«Insonlarga faqat amir yoki mamur yoki mutakallif fatvo beradi».
64
Amir rahbar va
boshqaruvchidir. Shuning uchun u fatvo beradi. Mamur esa, amirning noibidir. Mutakallif
ehtiyoji bo‘lmasa-da, o‘zicha fatvo berishga uringan kishidir. Sahobai kiromlardan oxirat
va Qur’on haqida so‘rashganda tezda javob berishgan, lekin fatvo berishdan
saqlanishgan, hatto ularning birortasidan fatvo so‘ralgudek bo‘lsa, bir-birlariga havola
qilishgan. Boshqa rivoyatda hadisdagi «mutakallif» o‘rniga «muroiy» riyokor kelgan.
Zero, ehtiyojsiz, o‘zicha fatvo berish xatarini zimmasiga olgan kishining maqsadi faqat
mol va obro‘ bo‘ladi.
Shu o‘rinda sen: «To‘g‘ri, hozir aytilgan narsalar dunyoga aloqador bo‘lgan qasos, jazo,
haqdor bilan nohaq orasini ajratish kabi ishlarga mos keladi. Ammo ibodatlar asosi
bo‘lgan namoz, ro‘za yoki ibodatlarning to‘rtdan birini tashkil qiluvchi halol bilan harom
orasini ajratuvchi muomalot qismiga umuman to‘g‘ri kelmaydi», deb aytishing mumkin.
Bunga javoban aytamizki, bir fiqh olimining oxirat amallariga taalluqli eng ko‘p so‘zlagan
narsasi islomiyat, namoz, zakot, halol va harom narsalardir. Yaxshilab o‘ylab ko‘rsang,
faqih bu narsalarda dunyodan oxiratga tomon bo‘lgan chegaralarni bosib o‘tolmaydi.
Ihyou ulumid-din (Din ilmlarini jonlantirish) – Ilm kitobi. Abu Homid al-G’azzoliy