www.ziyouz.com kutubxonasi
32
Shunda podshoh ularga bir supani topshirib, uning bir tomoniga xitoyliklarning, boshqa
tomonida rumliklar esa naqsh solishiga buyruq qildi. Yana ular bir-birlarining ishiga
qaramasliklari uchun o‘rtalariga parda tortib qo‘yildi. Uning farmoni bajarildi. Rumliklar
hisobsiz darajada har xil ajoyib bo‘yoqlarni ishlatishdi. Xitoyliklar esa biron-bir bo‘yoqsiz
ishga kirishib, o‘z tomonlarini faqat sayqallab, unga jilo berishga urinishdi. Rumliklar
ishlarini tugatishgan zahoti xitoyliklar «Biz ham tugatdik», deb da’vo qilishdi. Shunda
podshoh «Qanday qilib bular bo‘yoqsiz naqsh ishlarini tugata olishdi?» deb
ajablanganida ulardan so‘raldi: «Qanday qilib ishingizni bo‘yoqsiz bitirdingiz?» Ular javob
qilib: «Sizlarga nima? Pardani ko‘taraveringlar», deyishgan ekan. Parda ko‘tarilganida
ro‘paralarida rumliklarning san’ati ajoyibotlari o‘ta yorqin va o‘ta yaltiroqligi bilan o‘z
tarafida porlab turardi. (Xitoyliklar turgan taraf esa) ko‘p sayqal berilgani uchun
jilolangan oynaga o‘xshab qolgan, ular tomonning husni ziyoda bo‘lgandi. Xuddi shu kabi
avliyolarning unda Haq nuri yorqin porlaguncha qalbni poklashga, unga jilo berish va
poklashga bo‘lgan intilishlari xitoyliklarning ishiga o‘xshaydi. Ulamo va hukamolarning
qo‘lga kiritgan ilmlar naqshini qalbda hosil qilishga bo‘lgan qasdlari esa rumliklarning
ishiga o‘xshaydi. Bas, ish qay holatda bo‘lmasin, mo‘minning qalbi o‘lmaydi, o‘lgandan
keyin ilmi o‘chib ketmaydi. Uning musaffoligi xiralashmaydi ham.
Bunga Hasan Basriy rahmatullohi alayh ham mana bu so‘zlari bilan ishora qilganlar:
«Tuproq iymonning do‘stini emaydi, balki u (iymonning do‘sti, ya’ni qalb) Allohga vasila
va Unga yaqinlashtirguvchi bo‘ladi». Ammo iymon bilan birga ilmning yolg‘iz o‘zidan
hosil qilgan va ilmni qabul qilish uchun tayyorgarlikdan va soflikdan hosil qilgan narsalari
ham bo‘lmog‘i kerak. Saodat har bir insonga faqat ilm va ma’rifat orqali bo‘ladi va ba’zi
saodatlar ba’zisidan ulug‘ bo‘ladi. Bu boylik faqat mol bilan bo‘lib, dirham egasi ham boy
va behisob xazinalar sohibi ham boy, deganga o‘xshaydi. Boylar darajasi mollarining oz-
ko‘pligi bilan farqlanganidek, saodatmand kishilarning ham darajasi iymon va
ma’rifatdagi tafovutlariga ko‘ra bo‘ladi. Ilmu ma’rifat bir nurdir. Mo‘minlar qiyomat
kunida Allohning huzuriga nurlari bilan boradilar. Alloh taolo aytadi: