www.ziyouz.com kutubxonasi
109
toshlarni otinglar, chunki oyog‘imni qonga belab qo‘ysangiz, meni namoz o‘qishdan
to‘xtatib qo‘yasiz», der ekanlar.
Bir kishi bir kuni Ahnaf ibn Qaysni so‘kdi. U kishi esa unga javob bermadilar. U
orqalaridan ergashib kelardi. U kishi mahallaga yaqinlashib qolgan vaqtlarida to‘xtadilar
va unga: «Ko‘nglingda yana biror narsa qolgan bo‘lsa, aytib ol. Mahallaning beaql
kishilari eshitib qolmasin, senga aziyat berib qo‘yishadi», dedilar.
Rivoyat qilinishicha, Ali karramallohu vajhahu o‘z qullarini chaqirdilar. U javob bermadi.
Yana ikkinchi, uchinchi bor chaqirdilar. U esa yana javob bermadi. Oldiga bordilar va
yonboshlab yotgan holda ko‘rdilar. Unga: «Eshitmadingmi, ey bola?» dedilar. U esa:
«Eshitdim», dedi. «Unday bo‘lsa, menga javob bermaslikka nima majbur qildi?» dedilar.
«Jazo bermasligingizni bilganim uchun dangasalik qildim», dedi. Shunda Ali roziyallohu
anhu: «Bor, ketaver, Alloh taolo roziligi uchun ozodsan», dedilar.
Bir ayol Molik ibn Dinorga «Ey riyokor», dedi. Shunda u kishi: «Ey ayol, Basra ahli
yo‘qotib qo‘ygan ismimni topding», dedilar. Yahyo ibn Ziyod Xorisiyning yomon bir
qullari bor edi. U kishiga «Nima uchun uni ushlab turibsiz?» deyishdi. Shunda u kishi:
«Undan halimlikni o‘rganib olish uchun», dedilar.
Bu nafslar (ya’ni, yuqorida zikr qilingan kishilarning nafslari) riyozat bilan bo‘ysundirilib,
xulqlari mo‘‘tadil bo‘lgan. Bu nafslarning botini yolg‘on, nafrat va gina-kuduratdan pok
bo‘lib, ularda Alloh taolo taqdir qilgan har bir narsaga rozilik hosil bo‘lgan. Bu esa husni
xulqning eng cho‘qqisidir. Chunki Alloh taoloning ishini yomon ko‘rib, Unga rozi
bo‘lmaydigan kishi yomon xulqning eng cho‘qqisidadir.
Aytib o‘tganimizdek, husni xulq alomatlari yuqorida zikr qilingan zotlarning zohirlarida
ham namoyon bo‘lgan. Kimning nafsiga mana shu alomatlar mos kelmasa, unday kishi
o‘zini chiroyli xulqli, deb o‘ylab aldanmasin. Balki husni xulq darajasiga yetguncha
riyozat va kurashish bilan mashg‘ul bo‘lishi lozimdir, chunki husni xulq muqarrab
bandalar va siddiqlar yetadigan baland darajadir.