www.ziyouz.com kutubxonasi
7
ko‘z, quloq, burun va boshqalardir. Bularga muhtoj bo‘lish va ulardagi hikmat
yo‘llarining tafsilotini bayon etadigan bo‘lsak, bu uzayib ketadi. Ko‘p jildli kitoblar ham
ularni qamrab ololmaydi. «Shukr kitobi»da bular tafsilotining kichik bir qismiga ishora
qilganmiz.
Qalb askarlarining hammasi uch xil sinfga bo‘linadi. Birinchisi -chorlovchi va tezlovchi,
ya’ni shahvatga o‘xshash xohishga muvofiq keladigan foydalarni jalb qiladigan yoki
g‘azabga o‘xshash qarshi chiquvchi zararlarni daf etadigan sinfdir. Goho bu chorlovchi
narsa iroda, deb yuritiladi.
Ikkinchi sinf - mana shu maqsadlarni hosil qilish uchun a’zolarni harakatga keltiruvchi
bo‘lib, u kuch-qudrat, deb yuritiladi. U boshqa a’zolarga tarqatilgan askarlardir, xususan,
a’zolarning paylari va tomirlaridir. Uchinchi sinf - go‘yo josuslarga o‘xshab narsalarni
tanuvchi va idrok etuvchi ko‘rish, eshitish, hidlash, tatish va ushlash quvvatlaridir. U
muayyan a’zolargagina tarqatilgan. Bular ilm-idrok, deb yuritiladi. Bu botiniy
askarlarning har biri bilan zohiriy askarlar ham bor. Ular yog‘, go‘sht, pay, qon va
suyaklardan tarkib topgan a’zolardir. Bular esa botiniy askarlar uchun asbob sifatida
tayyorlangan. Chunki ushlash quvvati barmoqlar bilan va ko‘rish quvvati ko‘z bilan
bo‘ladi. Boshqa quvvatlar ham shundaydir.
Biz zohiriy qo‘shinlar, ya’ni a’zolar to‘g‘risida gapirmoqchi emasmiz, negaki, ular mulk va
shahodat olamidandir. Balki ko‘zga ko‘rinmas qo‘shin bilan quvvatlantirilgan narsalar
haqida gapirmoqchimiz. Bu uchinchi sinf, ya’ni bular ichidan idrok etuvchisi ikki qismga
bo‘linadi: birinchisi - zohiriy manzillarga o‘rnashganlari, ya’ni eshitish, ko‘rish, hidlash,
tatish va ushlashlardan iborat sezgi a’zolari. Ikkinchisi - botiniy manzillarga
o‘rnashganlari. Botiniy manzillar miya bo‘shliqlaridir. U ham beshtadir. Chunki inson bir
narsani ko‘rgandan keyin ko‘zini yumib, uning suratini albatta o‘z nafsida idrok etadi va
bu xayol, deyiladi. So‘ngra bir narsa sabab bo‘lib, o‘sha surat u bilan birga qoladi. Uni
yodlab oladi, u yodlovchi askardir. So‘ngra yodlagan narsalari to‘g‘risida fikr qiladi.
Ba’zisini ba’zisiga qo‘shadi, keyin unutgan narsalarini eslaydi va unutganlari esiga keladi.
His etilgan narsalar bilan mushtarak hissiyot xayolida his etilgan narsalar ma’nolarining
hammasini jamlaydi. Botinda, ya’ni ichki olamda mushtarak hissiyot, xayolot, fikrlash,
eslash va yodlash qobiliyatlari bor. Agar Alloh taolo yodlash, fikrlash, eslash va xayol
surish quvvatlarini yaratmaganida, albatta qo‘l-oyoqlar ulardan xoli bo‘lganidek, dimog‘
ham ulardan xoli bo‘lar edi. Ana shu quvvatlarning o‘zlari ham botiniy askarlardir.
Ularning makonlari ham botiniydir. Mana shular qalb askarlarining qismlaridir. Bularni
tushunishga kuchlari yetmaydigan kishilarga tushuntirish darajasida sharhlash juda
cho‘zilib ketadi. Ushbuga o‘xshash kitoblar undan zakovatli kishilar va yetuk
ulamolarning foydalanishlari uchun ta’lif etiladi. Lekin zaiflarga ham tushuntirish
maqsadida ularning fahmlariga yaqin bo‘lishi uchun misollar keltirishga harakat qilamiz.