«Albatta u (namoz o‘qish) og‘ir ishdir. Magar o‘zlarining Parvardigorlariga ro‘baro‘ bo‘lishlarini va shubhasiz Uning huzuriga qaytuvchi ekanliklarini biladigan shikastanafs zotlarga (og‘ir emasdir)» (Baqara surasi, 45-oyat).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Allohga rozi bo‘lish darajasida ibodat
qilgin (ya’ni, rozi bo‘lib ibodat qil). Agar qodir bo‘lmasang, karih ko‘radigan narsangga
sabr qilishda (ya’ni, ibodat karih ko‘rinsa, unga sabr qilsang) ko‘p yaxshilik bordir»
(Tabaroniy rivoyati). Husni xulq uchun belgilangan saodatga yetishda toatdan
lazzatlanish va ma’siyatni yomon ko‘rish bir vaqtda sodir bo‘lib, boshqa vaqtda sodir
bo‘lmasligi kifoya qilmaydi. Balki doim va umr bo‘yi bo‘lmog‘i lozim. Umr qancha uzun
bo‘lsa, fazilat ham shuncha mahkamroq va mukammalroq bo‘ladi. Rasululloh sollallohu
alayhi vasallamdan saodat haqida so‘ralganida u zot sollallohu alayhi vasallam: «Alloh
taoloning toatida uzoq yashash», dedilar (Qattoiy rivoyati).
Shuning uchun payg‘ambarlar va avliyolar o‘limni yomon ko‘rganlar. Chunki dunyo
oxirat ekinzoridir. Umrning uzun bo‘lishi bilan birga ibodatlar ko‘p bo‘lsa, savob ko‘proq,
nafs pokizaroq, tozaroq va xulqlar esa kuchliroq va mustahkamroq bo‘ladi. Ibodatlardan
ko‘zlangan maqsad uning qalbga ta’sir qilishidir. Albatta uning ta’siri ibodatlarda
bardavom bo‘lish bilan kuchayadi. Bu xulqlarning g‘oyasi nafsdan dunyo muhabbati
uzilib, Alloh taoloning muhabbati mustahkam o‘rnashmog‘idir. Shunda biror narsa unga
Alloh taologa yo‘liqishdan ko‘ra suyukliroq bo‘lmaydi. Molining hammasini faqat Allohga
yo‘liqtiradigan yo‘llarga ishlatadi. Uning g‘azab va shahvati ham o‘ziga bo‘ysundirilgan
bo‘lib, ularni ham faqat Alloh taologa yaqinlashtiradigan o‘rinlarda ishlatadi. Mana
shularning hammasi shariat va aql tarozisida o‘lchash bilan hosil bo‘ladi. Shundan so‘ng
u qilayotgan ishlariga xursand bo‘luvchi va undan lazzat oluvchi bo‘ladi.
Endi namoz ko‘z quvonchi darajasiga yetishi va ibodatlar rohat berishi mumkin emas,
deb bo‘lmaydi. Chunki odat bundan ham g‘aroyib ajoyibotlarni taqozo qiladi. Negaki,
goho podshohlarni va ne’matga burkangan kishilarni doimiy qayg‘uda, pulsiz qolgan
qimorbozning esa qimor va undagi narsalar bilan lazzatlanishi va xursandligi
kuchayganini hamda qimorsiz insonlarning xursandligi unga juda og‘ir tuyulishini
ko‘ramiz.
Vaholanki, qimor ba’zan uning molini tortib oladi va uyini harob qilib, o‘zini nochor holda
qoldiradi. Shunday bo‘lsa ham, u qimorni yaxshi ko‘radi. U bilan lazzatlanadi. Buning
sababi uning qimorga uzoq vaqt ulfat bo‘lib va o‘zini unga burib qo‘ygani uchundir.
Kaptar o‘ynatuvchi ham shunga o‘xshashdir. Goho oyog‘ida tik turib kun bo‘yi quyosh
issig‘ida qolib ketadi. U qushlar va ularning harakatiga, osmonda parvoz qilishiga qarab
Ihyou ulumid-din (Qalb kitobi). Abu Homid G’azzoliy