ABU MUSO Al-ASH’ARIY, to‘liq ismi Abdulloh ibn Qays al-Ash’ariy (taxm.601 - taxm.
665, Quddus) - ashobi kiromning faqihlaridan, zohid va fozil bir zot. Hijratdan avval
qabilaning aholisi va o‘z birodarlari bilan Makkaga kelib musulmon bo‘lishgan. Ilmu fazli,
zuhdu taqvosi bilan hazrati Payg‘ambar (sav)ning tavajjuhlarini qozongan. Rasuli Akram
tomonidan Zobit va Adan tomonlarga valiy qilib tayinlangan. Umar (ra) A.M.al-A.ni
Basraga voliy qilib tayinlagan. Askariy qo‘mondon sifatida Ehvaz (Efes) va Isfahon
taraflarni fath etgan. Usmon (ra) zamonida Kufada voliy bo‘lgan. Siffinda ham hokimlik
qilgan. Qur’oni karimni go‘zal bir sado bilan tilovat etar, tinglovchilarni hayajon va
tug‘yonga solar edi. Ushbu jihatdan ham Rasuli Akramning madhu sanosiga sazovor
bo‘lgan. 360 hadis naql etgan.
ABU NAZR SAMARQANDIY, to‘liq ismi Abu Nazr Muhammad ibn Mas’ud al-A’yoshiy
as-Sulamiy (10-a.) - fiqh olimi. Xurosonda bosh imom bo‘lgan. Arab tilida 200 dan ortiq
asar yozgan. Bulardan "Kitob siyrat Umar" ("Umarning tarjimai holi kitobi"), "Kitob al-
muvazzah" ("Izohlangan narsalar haqida kitob"), "Kitob siyrat Muoviya" ("Muoviyaning
tarjimai holi kitobi") kabi asarlari diqqatga sazovor. Ayniqsa, uning "Tafsir as-Sulamiy"
kitobi mashhur bo‘lib, unda Qur’oni karim tafsir qilingan. Kitobning Ibrohim ibn Ahmad
al-Qummiy tomonidan qayta ishlangan nusxasi bizgacha yetib kelgan.
ABU NUAYM, to‘liq ismi Ahmad ibn Abdulloh al-Isfahoniy (944-1038, Isfahon) - taniqli
hadis imomlaridan biri. Fiqh va tasavvufda ham zamonasining yetakchi olimi bo‘lgan.
Tabaroniy kabi buyuk muhaddislardan hadis olgan, uning o‘zidan ham Xatib Bag‘dodiy
kabi yuksak shaxslar hadislar rivoyat etgan. Eng mashhur asarlari: yigirma jildli "Hiltul-
avliyo", "Daloilun-nabaviyya", "Kitobul-mustaxraj alal-Buxoriy", "Al mustaxraj alo sahihi
Muslim", "Kitobut-taboqat", "Ma’rifatus-sahoba" va b.