MARONIYLAR, al-Maruniyun (al-mavorina) - Shim.-G’arbiy Suriya va Shim. Livan
aholisi orasidan 5-8-a.larda ajrab chiqqan etnokonfessional xristian-uniat guruhi
tarafdorlari. Suriyalik zohid Maron yoki Marun (4-5-a. boshi) nomidan. M. marosimlari
suryoniy xristianliganing g‘arbiy (yakoviylar) va sharqiy (nestoriylar) tarmoqlari bilan
uyg‘unlashib ketgan. Ibodatda hozirda o‘lik suryoniy tili qisman qo‘llaniladi. Ijtimoiy
tashkilotida islomning ta’siri bor (mas., cherkov vaqfi, ba’zi sunniy huquqiy me’yorlar va
b.). Yuhanno Marun (taxm. 700 y. v.e.) M.ning birinchi patriarxi, ularning mustaqil
cherkovining asoschisi hisoblanadi. 7-a. oxirida M.ning aksariyati Suriyadan Livanga
ko‘chgan. 12-13-a.larda M. salibchilarni qo‘llab-quvvatlagan, Rim kuriyasi bilan aloqa
bog‘lagan, natijada uniya (ittifoq) barpo etilgan (18-a.da uzil-kesil). 17-18-a.larda M.
yashaydigan hududlar Usmoniylar imperiyasining bir qismi bo‘lgan Livan amirligiga
qo‘shib olingan. M.ning ba’zi dunyoviy zodagonlari yer mulklari - iqtolarga ega
bo‘lishgan. Hukmronlik qilayotgan amirlarning Shibahlar sulolasi xristianlikning maroniy
tarmog‘ini qabul qilganlar. Usmoniylar M.ga amalda muxtor jamoa-millat maqomini
berishgan, u rasman 1841 y. e’tirof etilgan. Yahudiy katoliklar Yaqin Sharqqa suqilib
kirayotganlarida, M.ga suyanishga harakat qilishgan, shu maqsadda tog‘li Livandagi
jamoalar o‘rtasidagi nizolardan foydalanishgan. 19-a.da maroniylar cherkovi
mamlakatdagi eng yirik mulk egasiga, patriarx esa, eng obro‘li rahbarlardan biriga
aylangan. "Milliy pakt" (1943)ga ko‘ra, Livan prezidenti faqat M.dan bo‘lishi mumkin,
bundan tashqari boshqa muhim lavozimlar ham M. ixtiyoriga berilgan. M.ning aksariyati
qishloq xo‘jaligi, savdo, maishiy xizmat, sanoatda band. Livandan tashqari M.ning
ozgana qismi doimiy ravishda Suriya, Kipr, Isroil, Iordaniyada ham yashaydi. M.ning
ko‘pchiligi muhojirlikda. Ular Livanda konfessional tuzumni saqlab qolish uchun kurashib,
etnik mojarolarni keltirib chiqarmoqda, M.ni arab dunyosidan ajratib olishga intilmoqda.