www.ziyouz.com kutubxonasi
197
MOTURIDIY YODGORLIK MAJMUI, Imom al-Moturidiy tavalludining 1130 yilligi
(2000) munosabati bilan, O’zR Prezidenti I.A. Karimov tashabbusi bilan Samarqand sh.
markazida bunyod etilib, ramziy maqbarasi o‘rnatilgan (hududi taxm. 4 ga). Yodgorlik
Registon ansambli yaqinida. Vobkent, G’ijduvon va Buxoro ko‘chalari oralig‘ida
joylashgan. Bosh kirish qismi Vobkent ko‘chasidagi xiyobon orqali. Loyihaga ko‘ra 3
qismga (markaziy, bog‘ va xo‘jalik) bo‘lingan, ular o‘zaro bir-biri bilan xiyobonli yo‘lka
orqali bog‘langan. Loyiha o‘qi manzarali mujassamotda yaratilib, maqbara binosiga
tutashgan. Sharsharali favvoralar xiyobonli yo‘lka markazida qurilib, atrofi obodonl
ashtirilgan.
Yodgorlikning me’moriy loyihasi va badiiy yechimida o‘zbek milliy mahobatli san’atining
eng yaxshi an’analari qo‘llanilgan. Maqbara pishiq g‘ishtdan, murabba tarxdi (12x12 m),
shifti gumbazli (bal. 15 m), poygumbazi 24 kichik ravoqchalarga bo‘linib, ganchkori
panjaralar bilan bezatilgan. Panjaralar yuqorisi murakkab tuzilishdagi muqarnaslar bilan
to‘ldirilgan. Xona markaziga qo‘yilgan saganada arab yozuvida buyuk olimning so‘zlari
bitilgan.
MOTURIDIYLIK - kalomdagi oqim, Abu Mansur Moturidiy asos solgan. 9-a. oxiri -10-
a.da Movarounnahrda ismoiliylar aqidalariga qarshi javob tarzida vujudga kelgan. Bu
ta’limot rivojlanib, 13-a.dan keyin Movarounnahr hududidan chiqib, musulmon Sharqi
mamlakatlariga yoyildi. Saljuqiylar hukmronligi davrida hamma joyda islom aqidalarida
M. tatbiq qilindi. Sunniylikning hanafiylik mazhabiga e’tiqod qiluvchilarning barchasi
aqida bobida imom Moturidiy, uning shogirdlari hamda izdoshlari yozib qoldirgan
asarlarga tayanib ish ko‘rdilar. Islom olamining aksariyat mintaqalarida, Suriya, Iroq,
Turkiya, Pokiston, Hindiston, Shim. Afrikada bu ta’limot hozir ham o‘rta va oliy diniy
o‘quv yurtlarida mustaqil fan sifatida o‘qitib kelinmoqda.
M.ning keng yoyilishiga uning mo’tadillik yo‘lini tutgani, aqidaviy masalalarda Qur’on,
hadis va aqlu idrok, mantiq hamda haqiqatga eng yaqin turgani sabab bo‘ldi. Imom
Moturidiy tarafdorlari bilishda faqat aqlga suyanish kerak, degan mu’taziliylardan farqli
o‘laroq, aql bilan naqlni qo‘shib foydalanish zarur, deb hisoblaganlar. Mu’taziliylar
Qur’onni yaratilgan desalar, moturidiylar uni qadim, azaliy, deb biladilar. Imon-e’tiqod
xususida M. ta’limoti, ayniqsa, diqqatga sazovor. Mu’taziliylar imonning shartlari 3 ta,
ya’ni til bilan iqror, dil bilan tasdiq va amal bilan ijro etish, desalar, M.da imonning
shartlari 2 ta, ya’ni til bilan iqror etish va dil bilan tasdiqlash, amallarning o‘rni esa
boshqa, deb ta’rif qilinadi. M. har bir insonning taqdiri Alloh tomonidan belgalab
qo‘yilganiga qaramay, u o‘z xatti-harakatlari uchun javobgardir, deb biladi. Inson
imtihonlar uchun yaratilgan. Shu bilan bir vaqtda unga ushbu sinovlardan muvaffaqiyatli
o‘tish va to‘g‘ri yo‘lni topish uchun keng imkoniyatlar berib qo‘yilgan. U o‘z xatti-
harakatlarida ixtiyorlidir.