MU’ATTILA ("mahrum etuvchilar", "inkor qiluvchilar") - mu’attiliylar, mu’taziliylarning
nomlaridan biri. Ular mushabbihadan farqli ravishda "ilohiy sifatlar"ni mavjudligani inkor
etishgan, bu esa, ulamolar tomonidan oxir-oqibatda Allohning o‘zini inkor etishga,
xudosizlikka olib keladi deb hisoblangan. Har holda o‘rta asr musulmon ilohiyotchilari M.
deb Allohning yuborgan elchisi, o‘liklarni qayta tirilishini, Yaratuvchini inkor etganlarni
aytishgan. Biroq, ilk M. faqat Allohning o‘zini emas, balki sifatlarini inkor etishgan,
shuning uchun ularni hoz. ayrim tadqiqotchilar fikricha, ateist (xudosiz) deyish to‘g‘ri
emas.
MU’TAZILIYLAR, mu’tazila (arab. -ajralib chiqqanlar, uzoqlashganlar) -islomdagi
ilohiyot oqimlaridan biri. 8-a. o‘rtasida Arab xalifaligida vujudga kelgan. Asoschilari Vosil
ibn Ato (699-748) va Amr ibn Ubayd (762 y. v.e.). Ular o‘z guruhi bilan ustozlari Hasan
al-Basriy (728 y. v.e.) maktabidan ajralib chiqqan. M. Qur’onni diniy haqiqatning manbai
deb e’tirof etadi, uni so‘zma-so‘z emas, majoziy talqin qiladilar, rivoyatlarga ko‘r-ko‘rona
ishonishga qarshi chiqadilar. M. qadariylarning inson iroda erkinligi haqidagi ta’limotini
rivojlantirdilar va asosladilar. Ular 9-a.da o‘zlarining aqidalar tizimini yaratdilar.
Bungacha islomda davlat dini va barcha uchun majburiy deb e’tirof etilgan yagona
aqidalar tizimi bo‘lmagan. Chunki, dastlabki ikki yuz yillik davomida islom turli fikr,
maktab, mazhab, huquqiy firqalar yig‘indisidan iborat bo‘lgan. Shuningdek, xalifalar
diniy, siyosiy muxolifatdaga harakat (xorijiylar, shialar va b.)ga qarshi kurashuvchi
mafkuraviy qurolga zarurat sezayotgan edi. Shuning uchun xalifa Ma’mun (813-833) M.
ta’limotini davlat dini deb e’lon qildi. Xalifa farmoni bilan barcha qozilar, ilohiyotchilar,
amaldorlar shu e’tiqoddami yoki yo‘qmi, sinab ko‘rildi. M. aqidasini (xususan, Qur’onning
yaratilganini) tan olmaganlarni ishdan bo‘shatdi, hatto o‘lim jazo chorasini qo‘lladi.
Maxsus jazo muassasasi - "mihna" tashkil etdi. Ammo, majburiy choralarga qaramasdan
M. ta’limoti xalifalikda umuman qabul qilinmadi, xalifa Mutavakkil (847-861) davrida
esa, M. ta’limoti "shakkoklik" deb e’lon qilindi. M. aql-idrokni ilohiyot asosi deb e’tirof
etgan, tasavvufni inkor etishga uringan, o‘zlarini yakkaxudolik (tavhid) va adolat (adl)
tarafdorlari, deb atagan. M.ning asosiy g‘oyalari vaqti kelib shia ilohiyotchilari tomonidan
o‘zlashtirib olindi. Keyinchalik Iroq va Eronda 11-12-a.larga, O’rta Osiyoda 13-14-a.larga
kelib yo‘qolib ketgan.