SAMO’ - 1. "tinglash, quloq solmoq". Hadisshunoslik va arab musulmon adabiyotida
hadislar va to‘liq asarlarni tinglovchiga yetkazish usullaridan birini anglatuvchi texnik
istiloh. S. quyidagi jarayondan iborat: muhaddis yoddan yoki yozilgan matnga qarab
roviylar va isnodga suyangan holda hadisni aytadi, tolib hadisni eshitib, esda saqlab, uni
ovoz chiqarib qaytaradi: material to‘g‘ri o‘zlashtirilganiga ishonch hosil qilgan muhaddis
tolibga uni boshqalarga yetkazishga ijozat (ijoza) beradi. Yangi hadisni o‘rganishda bu
jarayon qaytarilgan; tolib hadisni yozib olishi ham mumkin bo‘lgan. Asarlar S. usuli bilan
qismlarga ajratilgan holda o‘zlashtirilgan. S. o‘zlashtirish, yetkazishning samarali va
yaxshi usuli hisoblangan, shuning uchun adabiyotda ko‘pincha unga havola (ishtiboh)
kdlinadi. 2. Qo‘shiq, musiqa tinglash; darvishlarning zikr majlislarida gir aylanib, jo‘shib
raqs tushishlari. S. ikki xildir: 1) so‘z tinglamoq; S.ning birinchi xilida tasavvufga oid
biror so‘z tinglanib, undan ibrat va saboq olinadi, bunda S. poklik va qalb huzuri bilan
eshitilmog‘i lozim. 2) kuy tinglamoq; bunda musiqa tinglash ruh ozig‘i sifatida e’tirof
etilgan. Shunda ruh yuksak maqomlarga parvoz qiladi, deb hisoblangan.
SAM’ONIY, Abu Sa’d Abdulkarim ibn Muhammad as-Sam’oniy (1113-1167) -muhaddis,
tarixchi, adabiyotshunos. Marvda tugilgan. S.ning ajdodlari butun islom olamida
mashhur muhaddis, faqihlar bo‘lishgan. Marvdagi mashhur olimlardan saboq olgan.
Dastlab sayohatini S. amakisi Ahmad ibn Mansur as-Sam’oniy bilan birga Nishopurga
qilgan. So‘ngra Xuroson, Movarounnahr, Iroq, Xijoz, Suriya va Tabariston shaharlari
bo‘ylab uzoq safarda bo‘lgan; 8 yil Bag‘dodda yashagan, u yerdan 2 marta Makkaga haj
qilgan. Ray, Hamadon, Damashq, Kufa, Basra, Tus, Quddusda bo‘lgan. Sayohati
davomida S. olimlar bilan uchrashib, ulardan saboq olgan, o‘z asarlari uchun material
to‘plagan. 1143-44 y.da S. Marvga qaytib, al-Amidiya madrasasida dars bergan. Keyingi
yillarda u o‘g‘li Abduraxmon bilan O’rta Osiyo shaharlari bo‘ylab sayohat qilgan. S. fiqh,
hadis, arab tili tilshunosligi, grammatikasi, adabiyotiga doir 50 dan ziyod asar yozgan.
S.ning ayniqsa tarix va geografiyaga doir asarlari qimmatlidir. Uning "Kitob ul-
Islom Ensiklopediyasi
www.ziyouz.com kutubxonasi
260
ansob"("Nisbalar kitobi")da Xuroson va Movarounnahrda yashagan yuzlab muhaddislar,
mufassirlar, faqihlar haqida noyob ma’lumotlar keltirilgan.