www.ziyouz.com kutubxonasi
256
SADR (arab. - old, ko‘krak) - musulmon mamlakatlaridagi turli mansabdor shaxslarga
beriladigan unvon. Bu unvon ba’zan din peshvolariga ham berilib, ularga butun
davlatning yoki biror viloyatning vaqf ishlarini boshqarish vazifasi yuklatilgan. Mas., 12-
13-a.larda Buxoroda hukmronlik qilgan burhoniylar Sadri jahon nomi bilan mashhur
bo‘lgan. 16-a.dan Usmonli turk saltanatida va 19-a.dan Eronda eng yuqori mansabdor
shaxs (vaziri a’zam) S. (to‘lig‘i Sadri a’zam) deb atalgan. 20-a.ga kelib bu unvon
tugatilgan. Anjuman va ilmiy majlislarda to‘rdan joy berilib, suhbatni boshqargan olim
kishini ham qadimdan Sadri majlis deb atab kelinadi.
SAJDA (arab. - ibodatda yerga egalish, yerga bosh qo‘yish) - namoz o‘qishdagi
holatlardan biri. Har bir rakaatdagi oxirga harakat, bunda namoz o‘qiyotgan dindor tiz
cho‘kkan holda oldinga egilib boshini yerga qo‘yadi (ya’ni S. qiladi) va uch bor subhana
robbiyal a’lo deb tasbeh o‘qiydi.
SAJJODA ("ta’zim qilmoq", "tiz cho‘kmoq", boshqa nomlari: musallo, bisat, xasir,
xumra (arab.), joynamoz (fors.), namozlik (turk.) -q. Joynamoz.
SAJOX - soxta payg‘ambar ayol. O’zini xudoning elchisi deb e’lon qilgan va islomni
qabul qilgan arablarning bir qismini yo‘ldan urishga erishgan. S. tag‘libiylar orasida
voyaga yetgan va ular orasida tarqalgan xristianlikdan yaxshi xabardor bo‘lgan.
Muhammad (sav) hayotliklari chog‘idayoq u xudoni "bulutlar egasi" deb atab, undan
xabarlar kelayotganini bildirgan. "Vahiylar"ni qofiyali saj’ usulida, maxsus minbardan
turib aytgan, ibodatga chaqiruvchi muazzini ham bo‘lgan. Iroqdan S. bir guruh
tarafdorlari bilan o‘zining qadrdon tamim qabilasi hududiga ko‘chib o‘tgan, u yerda
qabilaning o‘zaro kurashayotgan qismini birlashtirishga muvaffaq bo‘lib, ularni harbiy
yurishlarga boshlab boradigan siyosiy rahbarga aylangan. Bir necha
muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng 633 y. tamimiylar Yamomaga bostirib kirganlar. Bu yerda
hanifa qabilasi boshlig‘i, "payg‘ambar" Maslama (Musaylima) ichki nizolarni tinchitish va
musulmonlarning hujumlarini qaytarish bilan band edi. U Yamomadan olinadigan ikki
hosilning yarmini berish evaziga tamimiylardan qutulgan. S. bilan Maslama o‘rtasida
yana qandaydir bir vaqtinchalik shartnoma ham tuzilgan. Musulmon rivoyatlariga ko‘ra,
ular o‘rtasida nikoh shartnomasi tuzilib, musulmonlar bilan bo‘lgan jangda S. Maslama
yonida halok bo‘lgan. Aslvda esa, S. Yamomaga qilingan yurishdan so‘ng Iroqqa qaytib,
keyinchalik o‘sha yerda islomni qabul qilgan.