www.ziyouz.com kutubxonasi
265
SIDDIQ (arab. — "chin dildan tasdiq etib ishonuvchi") - tasavvufda payg‘ambarlikdan
keyin turadigan eng yuqori valiylik martabasi. Bu martaba birinchi bo‘lib, xalifa Abu Bakr
(ra)ga nasib bo‘lgan. Umuman siddiqlik martabasiga erishgan valiylar quyidagilardir: 1.
Abu Bakr Siddiq. 2. Salmon al-Forisiy. 3. Qosim ibn Muhammad ibn Abu Bakr. 4. Ja’far
as-Sodiq. 5. Boyazid Bistomiy. 6. Abulhasan Haraqoniy. 7. Shayx Abulqosim Gurgoniy.
8. Abu Ali Formadiy. 9. Shayx Abu Yusuf Hamadoniy. 10. Abdulholiq G’ijduvoniy. 11.
Xoja Orif Revgariy. 12.Xoja Mahmud Anjirfag‘naviy. 13. Xoja Azizon Romitaniy. 14. Xoja
Muhammad Boboyi Samosiy. 15. Sayyid Amir Kulol. 16. Bahouddin Naqshband. 17.
Mavlono Ya’kub Charxiy. 18. Xoja Ahror. 19. Muhammad Qoziy.
SIYRA (arab. - hayot yo‘li, tarjimai hol) -Muhammad(sav) hayot yo‘lini bayon qilishga
bag‘ishlangan, ilk islom davrida vujudga kelgan diniy-tarixiy asarlarning umumiy nomi.
Dastlab Slar ko‘p bo‘lgan, ularning anchasi yo‘qolib ketgan. Ulardan Voqidiy (747-
823)ning "Kitob al-mag‘oziy" ("Harbiy yurishlar kitobi") va avvalgi S.larni
umumlashtirgan Ibn Ishoq va Ibn Hishomning "Siyrat Rasul Alloh" ("Alloh elchisining
hayot yo‘li") asarlari bizgacha yetib kelgan. S.lar ilk islom tarixini tadqiq qilishda asosiy
manba hisoblanadi.
SILSILA (arab. - zanjir, halqa) -tasavvufda tariqat mashoyixlarining ikki xil nisbiy
bog‘lanishlari: 1) har bir shayx o‘z piri (shayxi, murshidi)ning ustozi, ustozining ustozi
va ular ajdodlarini birma-bir to Muhammad(sav)ga qadar nomma-nom bayon qilishi; 2)
har bir shayx o‘z ota-bobolari (etti pushti) kimlar bo‘lgani va qaysi mashhur zotga borib
taqalishini isbotlab beradigan shajara. S. pir va murid o‘rtasidagi barqaror munosabatga
asoslanib, 12-a. oxiri va 13-a. o‘rtalarida so’fiylik tariqatlarining tashkiliy tuzilishi
rivojlanishi bilan mustahkamlandi. Hadislardagi isnod tizimi ham S.ga bevosita ta’sir
o‘tkazgan.
SIROT (arab. - yo‘l) - islom manbalarida Sirotul Mustaqim - qiyomat kuni jahannam
uzra tortilgan qilko‘prik; fors va turkiyzabon xalqlarda Pulsirot ("Sirot ko‘prigi") deb
yuritiladi. Diniy manbalarga ko‘ra, jannatga eltuvchi yagona yo‘l mazkur ("soch tolasidan
yupqa, shamshirdan o‘tkir") Pulsirot bo‘lib har bir banda undan yurib o‘tishga majbur
etiladi. Ba’zilar chaqmoq uchqunidek tez, ba’zilar uchkur otdek, ba’zilar sekinroq o‘tsa,
ba’zilar qulab jahannamga ravona bo‘ladi.