www.ziyouz.com kutubxonasi
302
- V - VAZIR (arab., fors.) - davlat ma’muriy boshqaruvi rahbari. Qur’onda (20:29/30; 25:35/
37) bu so‘zning dastlabki ma’nosi - "yordamchi" shaklida uchraydi; mana shu ma’noda u
Muhammad (sav) vafotlaridan keyin xalifa tayin etish paytida muhojirlar bilan ansorlar
o‘rtasidagi munozarada uchraydi. Muhojirlar ansorlarga "Bizdan - amir, Sizdan - vazir"
deyishgan. Abbosiylarning birinchi V.i Abu Salama bu unvonni "sulola yordamchisi"
faxriy unvonining tarkibiy qismi sifatida olib yurgan. Faqat Mansur davri(754—
775)dagina V. ma’muriy boshqaruv apparat rahbari ko‘rinishida paydo bo‘lgan. O’rta asr
arab (keyinchalik fors) tarixiy va adabiy asarlarida V. sosoniylarning vuzurg framandori
deb ataladi. Ehtimol ularni o‘xshatishlariga "V." va "vuzurg" so‘zlarini ohangdoshligi
hamda abbosiylar davridagi V. bilan vuzurg framandorning vazifalari bir xil bo‘lganligi
ta’sir etgan bo‘lsa kerak. V.ni davlat ma’muriy boshqaruvi rahbari sifatida yuzaga
kelishi, so‘zsiz abbosiylar davrida Eron madaniy an’analarini qayta tug‘ilishi bilan bog‘liq
bo‘lgan. V.ning asosiy faoliyat sohasi - ma’muriy, moliya, armiya va adliya ishlari odatda
uning zimmasiga yuklatilmagan, amaldagi hokimiyat mavqei muayyan shart-sharoitga
va V.ning shaxsiga bogliq bo‘lgan. 10-a.dan barcha yirik hukmdorlar, ayniqsa
xalifalikning sharqiy qismidagi hukmdorlarning V.i bo‘lgan G’arbda aynan shu vazifalarni
ijro etuvchi kishi ko‘pincha boshqa nom bilan yuritilgan. Usmonli turk saltanatida bir
necha V. bo‘lgan, ulardan faqat ulug‘ V.gana sulton huzuriga kirib axborot bera olgan.
Ahmad III davri (1703-30)da faqat bir kishi V. unvoniga ega edi, keyinchalik bu unvon
yirik viloyatlarning posholariga berilgan, haqiqiy vazirlik ishini esa, faqat ulug V. olib
borgan, u ayni vaqtda sulton muhrdori ham bo‘lgan. Yevropa ta’siri kirib kelishi bilan V.
atamasi yevropaliklarning ministriga aynan bo‘lib qolgan. O’zbekistonda mustaqillik
sharofati bilan V. istilohi qayta amaliyotga kiritildi (mas., Bosh V., Vazirlar Mahkamasi va
b.).
VAKIL OTA - musulmonlarning nikoh marosimlarida kelin tarafidan tayinlanadigan
vakil. V. o. kuyovga va nikoh qiluvchi (o‘quvchi) domlaga qizning otasi o‘rnida kafillik
bergan. Nikoxda kuyov tomonning kelin mahriga beradigan mol-mulki, kuyov va
kelinning o‘zaro majburiyatlari V. o. huzurida e’lon qilingan. Mabodo er-xotin ajraladigan
bo‘lsalar, mahrni ajrim qilishda V. o. qozi xuzurida yagona guvoh bo‘la olgan. V. o.
tayinlash hozir ham rasm bo‘lib kelmoqda.