Oltinchi. Faol rivojlanib borayotgan demokratlashtirish jarayonlarini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagikodeksini har tomonlama qayta ishlash va yangi tahrirda qabul qilish zarur.
1994 yilda qabul qilingan amaldagi mazkur kodeksga o‘tgan davr mobaynida 60 martadan ko‘proq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. Uning yangi tahriri sud-huquq tizimini liberallashtirish munosabati bilan ma’muriy qonunchilik va jinoiy-huquqiy siyosatda yuz bergan katta miqyosdagi prinsipial o‘zgarishlarni o‘zida tizimli va keng ko‘lamli tarzda aks ettirishi lozim.
Bunda avvalambor jinoyat qonunchiligini tobora liberallashtirish, ya’ni, ayrim qonunbuzarlik holatlarini jinoiy yurisdiksiyadan ma’muriy yurisdiksiyaga o‘tkazishni ko‘zda tutish zarur. Kodeksning yangi tahrirda qabul qilinishi bugungi kunda o‘nlab normativ-huquqiy hujjatlarda o‘z aksini topgan ma’muriy javobgarlikka oid qonunchilikning unifikatsiyalashuvini, ya’ni birxillashuvini ta’minlaydi.
Shuningdek, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishning protsessual mexanizmlarini takomillashtirish, demokratlashtirish, bu sohada qonuniylikni ta’minlash va fuqarolarning huquqlarini ishonchli himoyalash bo‘yicha choralarni ham mazkur kodeksda ko‘zda tutish lozim.
Yettinchi. Rivojlangan demokratik davlatlar tajribasini inobatga olgan holda, davlat hokimiyati idoralari, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar, shu jumladan, prokuratura faoliyatida qonunchilik talablariga rioya qilish va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha adliya organlarining rolini yanada kuchaytirishga qaratilgan yangi huquqiy mexanizmlarni o‘rnatadigan hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish talab etilmoqda.
Adliya organlarining huquq ijodkorligi sohasi va huquqni qo‘llash amaliyotida yagona davlat siyosatini o‘tkazishdagi rolini kuchaytirish uchun ularga zarur bo‘lgan tegishli vakolatlarning berilishi mamlakatimizning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari tizimida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatining samarali mexanizmini yaratish imkonini beradi hamda ushbu organlar faoliyatida qonuniylik va qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.