Birinchi. Bundan o‘n yil oldin qabul qilingan amaldagi “Normativ- huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahririni qabul qilishni bugun hayotning o‘zi talab qilmoqda. Ya’ni, o‘tgan davrda qonun ijodkorligi jarayoni kengaygani va murakkablashgani, normativ-huquqiy hujjatlarning asoslanganiga va sifatiga nisbatan talablar sezilarli darajada oshgani bu sohada qonuniylikni ta’minlashning yangi va yanada samarali mexanizmlarini yaratishni, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning qonunlarga, sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlar ehtiyojlariga mos bo‘lishini taqozo etmoqda.
Ikkinchi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining
29- va 31-boblariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif etiladi. Bu o‘rinda sudga qadar ish yurituv bosqichida qo‘llanadigan choralar, ya’ni lavozimdan chetlashtirish va shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralarini faqat sudyaning sanksiyasi asosida qo‘llash tartibi nazarda tutilmoqda.
Ushbu vakolatlarning prokurordan sud organlariga o‘tkazilishi surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida sud nazoratini kuchaytirish, jinoyat protsessida “Xabeas korpus” institutini qo‘llash sohasini yanada kengaytirish imkonini beradi. Eng muhimi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida umume’tirof etilgan prinsiplar va xalqaro huquq normalarining amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Uchinchi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining
439-moddasiga o‘zgartish kiritish va unga muvofiq birinchi instansiya sudida ish bo‘yicha ayblov xulosasini o‘qib eshittirish majburiyatini faqat
prokuror zimmasiga yuklashni nazarda tutadigan norma o‘rnatish taklif etiladi. Chunki amaldagi qonunchilikda davlat ayblovchisi, ya’ni prokurorning sud majlisida ayblov xulosasini o‘qib eshittirish bo‘yicha majburiyati aniq belgilanmagan. Shuning uchun ayblov xulosasi ko‘pincha sudyalar tomonidan o‘qib eshittiriladi. Bu esa sudning vazifa va maqsadlariga mos kelmaydi. Jinoyat-protsessual qonunchiligiga yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan normaning kiritilishi sudning mustaqilligi, xolisligi va beg‘arazligini ta’minlashga, jinoyat protsessida tortishuv prinsipini kuchaytirishga xizmat qiladi.
To‘rtinchi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining
321-moddasidan sudning jinoyat ishi qo‘zg‘atishga doir vakolatini chiqarish maqsadga muvofiq bo‘lur edi. Ma’lumki, jinoyat ishini qo‘zg‘atish avvalo surishtiruv va dastlabki tergov organlari, jinoiy ta’qibni amalga oshiradigan boshqa huquq-tartibot organlarining vazifasi hisoblanadi. Suddan esa shaxsga qo‘yilgan ayblovning qonuniy va asosli ekanini xolis baholash talab etiladi.
Vaholanki, hozirgi paytda sud tomonidan jinoyat ishini qo‘zg‘atish tarzidagi protsessual harakatning amalga oshirilishi mohiyatan jinoiy ta’qibning va undan kelib chiqadigan barcha oqibatlarning boshlanishi hisoblanadi. Bu esa sudni jinoiy ta’qib ishtirokchilari toifasiga kiritib qo‘yadi. Aytish kerakki, bunday amaliyot sudning oliy maqsadi bo‘lgan odil sudlovni amalga oshirish tamoyiliga mutlaqo mos kelmaydi.