"O‘RTA OSIYONING TRANSCHEGARAVIY EKOLOGIK MUAMMOLARI: ULARNI HALETISHDA XALQARO HUQUQ MEXANIZMLARINIQO‘LLASH" MAVZUIDAGI XALQARO
KONFERENSIYA ISHTIROKCHILARIGA Muhtaram konferensiya qatnashchilari!
Siz, hurmatli mehmonlarimizni – xalqaro ekologiya tashkilotlarining obro‘li vakillarini, olimlar, tahlilchilar va ekspertlarni samimiy qutlashga va “O‘rta Osiyoning transchegaraviy ekologik muammolari: ularni hal etishda xalqaro huquq mexanizmlarini qo‘llash” mavzuidagi xalqaro konferensiyada ishtirokingiz uchun chin dildan minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.
Dunyo yangi ming yillik bo‘sag‘asida yer yuzining turli hududlarida inson hayoti va faoliyatiga, hayvonot va nabotot olamiga xavf solayotgan favqulodda tabiiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq misli ko‘rilmagan muammo hamda tahdidlarga duch keldi.
Afsuski, bunday tahdidlar O‘rta Osiyoda ham keskin tus olmoqda. Bu yerda o‘tgan asrning ikkinchi yarmida yirik transchegaraviy daryolardan oqibatini o‘ylamay foydalanish, ekologik jihatdan zararli sanoat obyektlarini qurish ishlari mintaqamizni ekologik falokat yoqasiga olib keldi.
Qurib borayotgan Orol dengizi fojiasi buning yaqqol dalili bo‘la oladi. Bir paytlar noyob va go‘zal dengizlardan biri bo‘lgan Orol bir avlod ko‘z o‘ngida qurib borayotgan suv havzasiga aylandi. Uning sahroga aylangan tubi aholi salomatligi va genofondiga halokatli ta’sir ko‘rsatmoqda, qishloq xo‘jalik yerlari, o‘simlik va hayvonot olamining tanazzuliga sabab bo‘lmoqda.
Bugungi kunda barchamizning oldimizda g‘oyat muhim vazifa turibdi. Bu – tabiatni hozirgi va kelajak avlodlar uchun saqlab qolish, uni bizning mintaqamiz va boshqa mintaqalar aholisining turmush sharoiti va tabiatdan foydalanish imkoniyatlarini yanada murakkablashtiradigan yangi xavfli loyihalardan asrashdan iboratdir.
Shu munosabat bilan O‘zbekistonda ommaviy Ekologik harakatni tashkil etishni hayotning o‘zi taqozo qildi. Mazkur harakat xalqimizning
orzu-umidlarini hisobga olib, tabiatni asrab-avaylash va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘lida xalqaro ekologik tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilmoqda.
Ekologiya, atrof-muhit musaffoligi uchun kurashish – Yer yuzidagi barcha mamlakatlar va xalqlar uchun birdek daxldor ekanini e’tiborga olgan holda, biz bu borada tobora keng ko‘lam va rang-barang shakl kasb etib borayotgan mazkur hamkorlik o‘ta muhim ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz.
Ushbu anjumanda nufuzli va tajribali ekologiya tashkilotlari, ekspertlar, tahlilchilar bilan hamkorlikda, BMTning tegishli Konvensiyalariga amal qilgan holda, bizning mintaqamizni O‘rta Osiyo mintaqasi doirasidan kengroq doiralarga chiqib ketadigan va halokatli oqibatlarga olib keladigan yangi xavfli loyihalar amalga oshirilishining oldini olishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqiladi, deb ishonaman.
Sizlarning takliflaringiz va ovozingiz bugungi va kelajak avlodlarni ekologik halokatli hududda yashashdek og‘ir qismatdan himoya qilishda muhim rol o‘ynaydigan xalqaro moliya institutlari, tashkilotlar va boshqa manfaatdor tuzilmalar tomonidan e’tiborga olinishiga ishonchim komil.
Konferensiya samarali o‘tishini, uning barcha qatnashchilariga muhim va xayrli faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.