Jahonning turli nuqtalarida hamon davom etayotgan urushlar va qarama-qarshiliklar saqlanib qolayotgani, davlatlararo, millatlararo va dinlararo ziddiyatlar, Mingyillik rivojlanish deklaratsiyasida ta’kidlanganidek, qashshoqlik, ochlik, onalar va bolalar o‘limi, epidemiyalar va insoniyatning boshqa muammolariga qarshi kurash borasidagi eng jiddiy to‘siqlar bo‘lib qolmoqda.
Ushbu haqiqatning tasdig‘ini 30 yildan buyon harbiy harakatlar davom etayotgan jafokash Afg‘oniston misolida ko‘rishimiz mumkin. Bugun afg‘on muammosini harbiy yo‘l bilan hal etib bo‘lmasligi yanada ayon bo‘lmoqda, koalitsiya kuchlarining Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha tanlagan strategiyasi esa kutilgan natijalarni bermayapti. Muttasil davom etayotgan urush Afg‘oniston halqining ahvolini tobora og‘irlashtirmoqda va muammoni hal etishni yanada qiyinlashtirmoqda.
Hozirgi vaziyatda Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikka erishishning muqobil yo‘llarini topish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu yo‘llardan biri, bizning fikrimizcha, O‘zbekiston tomonidan 2008 yilda taklif etilgan BMT shafe’ligida 6+3 muloqot guruhini tashkil qilish muhim rol o‘ynagan bo‘lur edi. Tashabbusimizning mazmun-mohiyati shundan iboratki, afg‘onistonliklar o‘z mamlakati muammolarini o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda, Afg‘onistonda urushning tugashi va uning barqaror kelajagidan manfaatdor mamlakatlar ko‘magida o‘zlari hal etishlari darkor.
Ular sirasiga avvalambor, tinchlik o‘rnatish missiyasiga daxldor AQSH, NATO, Rossiya, shuningdek, Afg‘oniston bilan bevosita qo‘shni mamlakatlarni kiritish zarur. 6+3 muloqot guruhining eng muhim maqsadi
– bir-biriga qarshi kurashayotgan tomonlarga Afg‘onistonda harbiy harakatlarni to‘xtatish dasturini taklif etish, mamlakatni parokanda qilayotgan asosiy muammo va ziddiyatlar bo‘yicha o‘zaro murosa
asosidagi yechimlarni topish, xavfsizlikni ta’minlash hamda barcha tomonlarning manfaatlarini hisobga olgan holda zarur kafolatlarni berishdan iborat.
Bu borada ushbu Dasturda iqtisodiy yordam ko‘rsatish, ijtimoiy, infratuzilma va gumanitar loyihalarni amalga oshirish, aholi bandligi muammolarini, qashshoqlik, huquqsizlikka qarshi kurash bo‘yicha eng dolzarb vazifalarni hal etishga alohida e’tibor berilishi lozim. Afg‘oniston xalqi amal qiladigan ko‘p asrlik an’analar, urf-odatlar, islom dinining qadriyatlari to‘liq hurmat qilinishi zarur.
Shuni ta’kidlamoqchimanki, bunday maqsadlarga erishish uchun hozircha Afg‘onistonda turgan tinchlikparvar koalitsiya kuchlari yordam berishi mumkin. 2010 yilning iyunida Qirg‘izistonda ro‘y bergan fojiali voqealar Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyatni izdan chiqarishga jiddiy xavf solmoqda. Shu yilning aprelida obro‘-e’tiborini yo‘qotgan prezident hokimiyatining ag‘darilishi, yuzaga kelgan keskinlik va qarama- qarshiliklar, shuningdek, mamlakatda qonuniy hokimiyatning zaifligi Qirg‘iziston janubida millatlararo qonli va shafqatsiz voqealar yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Buning natijasida yuzlab begunoh odamlar qurbon bo‘ldi, minglab tinch aholi jabr ko‘rdi.
Qirg‘izlarning o‘zi ham, respublika janubida yashayotgan ko‘p sonli o‘zbeklar ham uchinchi kuchlar tomonidan puxta o‘ylangan va uyushtirilgan aksiyaning qurboniga aylandi, deyish uchun bugun barcha asoslarimiz bor.
Uzoqni ko‘zlab amalga oshirilgan bu aksiyadan maqsad mamlakatda nafaqat tartibsizlik va parokandalikni yuzaga keltirish, balki O‘zbekistonni ushbu vahshiyona xunrezlikka tortish, pirovard natijada, millatlararo qarama-qarshilikni ikki qo‘shni mamlakat – Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston o‘rtasidagi davlatlararo qarama-qarshilikka aylantirishdan iborat edi.
O‘ta murakkab va o‘t olib ketish xavfi bo‘lgan mazkur vaziyatda qabih niyat bilan tashkil etilgan voqealarning rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaslik biz uchun nihoyatda og‘ir muammoga aylandi. O‘z hududimizda yuz mingdan ortiq qochqinlar, bolalar, xotin-qizlar, qariyalarni qabul qilish, ularni joylashtirish va barcha zarur narsalar bilan ta’minlash juda katta kuch, mehnat va resurslarni talab qildi. Ayni paytda o‘ta shafqatsiz zo‘ravonlikning avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik, chegara hududida osoyishtalikni saqlash, favqulodda oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan
qahru g‘azabni jilovlash, ekstremizmning shiddatli tus olishining oldini olish zarur edi.
Faqat aql-idrok, oddiy haqiqatni, ya’ni ushbu zaminda ko‘p asrlar davomida o‘zbeklar va qirg‘izlar yonma-yon yashab kelgani va bundan buyon ham ularning farzandlari hamda avlodlari ko‘p asrlar mobaynida birga yashashini teran anglash bizga va xalqimizga mazkur fojianing Markaziy Osiyoda qarama-qarshiliklarning yangi, keng ko‘lamli o‘chog‘iga aylanib ketishining oldini olishda muhim omil bo‘ldi.
Albatta, bugun Qirg‘iziston insonparvarlik yordamiga, qo‘shnilari hamda jahon hamjamiyati tomonidan ko‘makka muhtoj.
Biroq, 11-14 iyun kunlari Qirg‘iziston janubida sodir etilgan talon- tarojlar, xunrezlik va zo‘ravonliklar bo‘yicha mustaqil xalqaro tekshiruv o‘tkazish, ushbu qonli vahshiyliklarning barcha buyurtmachilari, tashkilotchilari va ijrochilarini jinoiy javobgarlikka tortish yanada muhim vazifa hisoblanadi.
Ishonchim komilki, taxminlarga asoslangan har qanday fikrlar va bir yoqlama yondashuvlarni istisno qiluvchi xolis va mustaqil xalqaro tekshiruvlarni o‘z vaqtida o‘tkazish, xalqaro hamjamiyatning bu boradagi qat’iy prinsipial pozitsiyasi Qirg‘iziston janubida qirg‘izlar hamda kam sonli o‘zbeklarning murosaga kelishi va totuvligini ta’minlash uchun yo‘l ochib berishi mumkin. Bunday pozitsiyadan har qanday chekinish Qirg‘iziston janubida fojiali voqealarning yana takrorlanishi, o‘ta xavfli keskinlik manbaining paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkinligini alohida ta’kidlashni istardim.
Shu munosabat bilan biz BMTdan fojiali voqealar yuzasidan mustaqil xalqaro tekshiruvlar o‘tkazish borasida har tomonlama yordam ko‘rsatishini kutishga haqlimiz. Bu, o‘z navbatida, qo‘shni Qirg‘izistonda voqealarning yana avj olishining oldini olish imkonini beradi.
Ekologiyani muhofaza qilish va atrof-muhitni asrab-avaylash ayniqsa, hozirgi anomal tabiiy o‘zgarishlar sharoitida Mingyillik deklaratsiyasida belgilangan maqsadlarga erishishda katta ahamiyat kasb etadi. Orol fojiasi ekologiya muammolariga mas’uliyatsiz munosabatda bo‘lishning yaqqol misolidir. Bir paytlar noyob va go‘zal dengizlardan biri bo‘lgan Orol bir avlod hayoti davomida deyarli qurib va yo‘qolib borayotgan suv havzasiga aylandi.
Qirq yil mobaynida Orol dengizi akvatoriyasi 7 baravar qisqardi, suv hajmi 13 marta kamaydi, uning minerallashuvi esa o‘nlab baravar oshib,
dengizni tirik organizmlarning yashashi uchun yaroqsiz ahvolga keltirdi. Natijada qariyb barcha hayvonot va nabotot olami tanazzulga uchradi va yo‘qoldi.
Bugun Orolbo‘yida nafaqat ekologik, balki dunyo miqyosida og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan murakkab ijtimoiy-iqtisodiy va demografik muammolar paydo bo‘ldi. BMT Bosh kotibi janob Pan Gi Mun shu yil Orolbo‘yiga tashrifi chog‘ida bunga ishonch hosil qildi. Va biz bu tashrif uchun unga katta minnatdorlik bildiramiz.
Orol dengizining qurishi davom etayotgani va uning atrofida gumanitar falokat sodir bo‘layotgani sababli Orolbo‘yining tabiiy biologik fondini asrab-avaylash, Orol inqirozining atrof-muhitga, eng muhimi, bu yerda istiqomat qilayotgan yuz minglab va millionlab odamlar hayotiga halokatli ta’sirini kamaytirish bugungi kundagi eng muhim vazifa hisoblanadi.
Shuni hisobga olish zarurki, Orolbo‘yi hududi ikkita asosiy manba – Amudaryo va Sirdaryo hisobidan suv bilan ta’minlanadi, ushbu daryolar oqimining kamayishi mazkur keng mintaqaning shundoq ham zaif ekologik muvozanatini butunlay o‘zgartirib yuborishi mumkin.
Bunday sharoitda 30-40 yil avval, sobiq sovet davrida ishlab chiqilgan, mazkur daryolar yuqori qismida ulkan gidroinshootlarni qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga har qanday urinishlar, boz ustiga, ushbu inshootlar barpo etiladigan zonalarning seysmik xavfi 8-9 ballni tashkil etishini hisobga olsak, bularning barchasi ekologiyaga o‘nglab bo‘lmaydigan zarar yetkazishi va xavfli texnogen halokatlarga olib kelishi mumkinligi ayon bo‘ladi.
Ko‘plab xalqaro ekologiya tashkilotlari va nufuzli ekspertlar tavsiya qilayotganidek, ushbu daryolardan shu miqdordagi energetika quvvatlarini olish uchun nisbatan xavfsiz, ammo ancha tejamkor kichik GESlar qurilishiga o‘tish oqilona yo‘l bo‘lur edi.
Qurib borayotgan Orol muammosi – bu ushbu mintaqada yashayotgan, BMT dek nufuzli tashkilotga umid bilan yordam so‘rab murojaat qilayotgan millionlab odamlarning muammosidir.
Janob Rais!
Fursatdan foydalanib, Sammit ishtirokchilariga O‘zbekistonda Mingyillik deklaratsiyasida belgilangan maqsadlarga erishish yo‘lida amalga oshirilgan ishlar haqida qisqacha ma’lumot bermoqchiman.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqil davlat sifatida BMT a’zolari safidan joy olganiga atigi 19 yil bo‘ldi. Ilgari o‘zining bir tomonlama rivojlangan xomashyo yetishtirishga yo‘naltirilgan iqtisodiyoti, halokatli paxta yakkahokimligi avjga chiqqan, qoloq ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmasi, jon boshiga iste’mol darajasi past bo‘lgan mamlakatimiz mustaqil rivojlanish yillarida yangi va ulkan marralarni qo‘lga kiritdi va buning natijasida uning qiyofasi tamomila o‘zgardi, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladi.
O‘tgan yillar mobaynida yalpi ichki mahsulot 3,5, aholi jon boshiga hisoblaganda esa 2,5 baravar o‘sdi, o‘rtacha ish haqi 14 baravar oshdi. Davlatning ijtimoiy soha va ijtimoiy muhofaza uchun sarf-xarajatlari 5 baravardan ziyodroq ko‘paydi. Har yili davlat budjetining 50 foizi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda.
Bugungi kunda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi
82,5, tabiiy gaz bilan ta’minlash 83,5 foizga yetdi, sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish va rivojlantirish, o‘ta og‘ir yuqumli kasalliklarga barham berish hamda ularni kamaytirish borasida qat’iy choralar ko‘rildi. Onalar o‘limi darajasi 2 baravardan ko‘proq, bolalar o‘limi 3 baravar kamaydi. Ushbu davrda, ya’ni qariyb 20 yil mobaynida odamlarning o‘rtacha umr ko‘rishi 67 yoshdan 73 yoshga, ayollarning umr ko‘rishi esa 75 yoshgacha oshdi. Bugun mamlakatimizda ish bilan band bo‘lgan aholining 48 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Jahon moliyaviy- iqtisodiy inqirozining jiddiy ta’sirlariga qaramay, O‘zbekiston dunyodagi kam sonli davlatlar qatorida iqtisodiyotning barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlamoqda, ishonchli faoliyat ko‘rsatayotgan moliya-bank tizimini saqlab turibdi.
Masalan, 2008-2009 yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish sur’atlari 9 va 8,1 foizni tashkil qildi, joriy yilda bu ko‘rsatkich 8,5 foiz darajada bo‘lishi kutilmoqda. Davlatning tashqi qarzi yalpi ichki mahsulotning 10 foizidan oshmaydi.
Mustaqilligimizning dastlabki yillarida qabul qilingan mamlakatni demokratlashtirish bo‘yicha o‘z modelimiz, iqtisodiyotning mafkuradan xoliligi va siyosatdan ustunligi, davlatning bosh islohotchi vazifalarini bajarishi, qonun ustuvorligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat o‘tkazish, islohotlarni bosqichma-bosqich va izchil amalga oshirish tamoyillariga asoslangan ijtimoiy yo‘naltirilgan erkin bozor iqtisodiyotiga o‘tish ushbu yutuqlarni qo‘lga kiritishda muhim omil bo‘lmoqda. Biz, avval boshdan
“shok terapiyasi” deb atalgan usullarni chetdan turib joriy etishga qaratilgan urinishlardan, bozor iqtisodiyoti o‘zini o‘zi tartibga soladi, degan o‘ta jo‘n va aldamchi tasavvurlardan voz kechdik, “yangi uyni qurmasdan turib, eskisini buzmang” degan hayotiy tamoyilga tayangan holda, ma’muriy-buyruqbozlik, mustabid tizimdan boshqaruvning bozor tizimiga o‘tish jarayonida tadrijiy yondashuvni tanladik.
Ta’lim jarayoni va odamlar tafakkurining yuksalishi ushbu barcha o‘zgarishlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidlashni istardim.
O‘zbekistonda har yili ta’lim uchun sarflanayotgan xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 10-12 foizini tashkil etadi. Holbuki, jahon tajribasida bu ko‘rsatkich 3-5 foizdan oshmaydi. Mamlakatimizda noyob Kadrlar tayyorlash milliy dasturi amalga oshirildi, 2009 yildan boshlab 12 yillik majburiy ta’lim joriy etildi. O‘zbekiston dunyoning rivojlangan davlatlari qatoriga qo‘shilish, siyosiy va iqtisodiy islohotlarni, mamlakatni modernizatsiya qilishni davom ettirish hamda chuqurlashtirish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish va shu asosda o‘z fuqarolari uchun munosib turmush sharoitini yaratishni o‘zining istiqboldagi muhim vazifalari deb biladi.
So‘zimning yakunida shuni ta’kidlashni istardimki, O‘zbekiston BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun taklif etgan Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi Taraqqiyotni jadallashtirishga oid global harakatlar rejasini qo‘llab-quvvatlaydi va uni amalga oshirishda faol ishtirok etadi.