Microsoft Word islom karimov asarlar 19-jild ziyouz com doc



Yüklə 0,6 Mb.
səhifə49/62
tarix02.01.2022
ölçüsü0,6 Mb.
#41554
1   ...   45   46   47   48   49   50   51   52   ...   62
19tom2011yilpdf

BOLALAR SPORTI – OZBEK SPORTINING KELAJAGI, UNING XALQARO MAYDONDAGI OBRO‘-E’TIBORINI

YUKSALTIRISHNING POYDEVORIDIR
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov raisligida 25 fevral kuni Oqsaroyda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashi raisi Islom Karimov ushbu tuzilma tashkil etilganidan buyon o‘tgan davrda amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar, ularning ahamiyati, mohiyati va amaliy natijalari haqida so‘z yuritib, Jamg‘arma faoliyati rivojiga davlat va hukumat idoralari, ishlab chiqarish korxonalari, tadbirkorlik va fermerlik subyektlari, nodavlat tashkilotlar, keng jamoatchilik o‘z hissasini qo‘shayotgani, ularning bu boradagi ishlarni qo‘llab-quvvatlashi tufayli bu tashkilot qisqa muddatda umummilliy harakatga aylanganini qayd etdi.

Bu haqda gapirar ekan, davlatimiz rahbari quyidagi fikrlarni alohida uqtirib o‘tdi:

Ushbu yo‘nalishda to‘plangan tajribamiz asosida xulosa chiqarish va oldimizda turgan vazifalar, maqsad-muddaolarimiz xususida qisqacha to‘xtalib o‘tishni zarur deb bilaman. Bunda avvalo quyidagi masalalarga, garchi ular ko‘pchilikka ma’lum bo‘lsa-da, yana bir bor e’tiborimizni qaratish foydadan xoli bo‘lmaydi, deb o‘ylayman.

Birinchidan, farzandlarimizning sportga qiziqishi va intilishini, kerak bo‘lsa, sportga bo‘lgan mehrini ayni yosh bolalik davridan uyg‘otgan taqdirdagina sport har qaysi odamning hayotida haqiqatan ham doimiy hamroh bo‘lib qolishiga erisha olamiz.

Hayotning o‘zi bu fikrni har qadamda tasdiqlab beradi. Bu fikr- xulosaga har birimiz o‘z hayotimiz, o‘z tajribamiz misolida ishonch hosil qilishimiz qiyin emas, albatta. Ya’ni, bolalarimizni bog‘cha va maktab yoshidan sport olamiga jalb etgan holda, bu borada ko‘zlangan maqsadlarga erishish mumkin.

Shuni aytish kerakki, har bir kichik bolaning o‘ziga xos katta dunyosi borligini unutmasligimiz, bunga alohida e’tibor berishimiz lozim.

Ikkinchidan, bugun hech kimga sir emas, erta yoshdan boshlab sport bilan muntazam shug‘ullanadigan bolalargina jismonan sog‘lom, baquvvat bo‘lib voyaga yetadi. Shu asosda har bir ota-onaning ezgu orzusi bo‘lmish sog‘lom farzand o‘stirish, aholimiz o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirish uchun katta imkoniyatlar paydo bo‘ladi.

Aynan yoshlik chog‘idan sport bilan do‘st bo‘lish bolaning o‘z ustida ishlashi, xarakterining toblanishi, musobaqalarda qatnashish orqali qat’iyatlik va mardlik xususiyatlarining shakllanishi, g‘alabaga intilishi, ta’bir joiz bo‘lsa, avvalo o‘z ustidan g‘alaba qozonishi, bir so‘z bilan aytganda, mustahkam irodaga ega bo‘lishi uchun puxta zamin yaratadi.

O‘z ustidan g‘alaba qozonish deganda, men o‘zini o‘zi tarbiyalash, o‘zini intizomga o‘rgatish, ayrim kamchilik va nuqsonlardan xalos bo‘lish, sinovlarni yengib o‘tishni nazarda tutaman.

Uchinchidan, o‘z-o‘zidan ayonki, bolalar sportini rivojlantirmasdan turib, o‘zbek sportining kelajagini ta’minlash, xalqaro maydonda uning obro‘-e’tibor qozonishiga erishish mumkin emas.

Bugungi kunda aynan sport butun jahonda har qaysi millat, har qaysi xalqni dunyoga tanitishning, uning o‘z salohiyatini namoyon etishi, g‘urur va iftixorini yuksaltirishning eng samarali va ta’sirchan vositasiga aylanib borayotganini ko‘rish-kuzatish qiyin emas.

Hozirgi vaqtda dunyoda 7 milliardga yaqin aholi yashayotgan bo‘lsa, jahon miqyosida eng mashhur, taniqli shaxslar – bu sportchilardir. Mana, o‘tgan yili Xitoyda bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida badiiy gimnastika bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi qancha-qancha yirik davlatlar vakillari orasida yuksak shohsupaga ko‘tarilganda, shaxsan men to‘lqinlanib, hayajonli bir holatni boshimdan kechirdim. O‘ylaymanki, bunday yutuqlar barcha yurtdoshlarimizga katta quvonch bag‘ishlagani shubhasiz.

Yoki futbol bo‘yicha mamlakatimiz o‘smirlar terma jamoasi Osiyo qit’asida g‘olib bo‘lib, bu yil Meksikada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgani bizning sport hayotimizdagi tarixiy voqeadir. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.

Shu ma’noda, biz o‘zbek sportining xalqaro maydonda har tomonlama munosib o‘rin egallashiga intilar ekanmiz, bolalar sportini, o‘smirlar sportini tizimli asosda izchil rivojlantirmasdan turib bu maqsadga erishib bo‘lmasligini, o‘ylaymanki, hammamiz yaxshi tushunamiz.

Bir so‘z bilan aytganda, bolalar sporti – o‘zbek sportining kelajagi, uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishning poydevoriga aylanishi zarur.

To‘rtinchidan, bolalar sporti biz o‘z oldimizga qo‘ygan buyuk bir maqsadga erishish uchun, ya’ni barkamol avlodni tarbiyalash, voyaga yetayotgan bolalarimizni hayotimizda hal qiluvchi kuchga aylantirish, O‘zbekistonimizning dunyodagi taraqqiy topgan davlatlar qatoridan joy olishida qanday beqiyos o‘rin va ahamiyat kasb etishi haqida bugun hech kimga tushuntirib berishga hojat yo‘q, deb o‘ylayman.

Mana, ko‘ryapsizlar, bugungi kunda mamlakatimizda yuksak texnologiyalar asosida ishlaydigan qancha-qancha korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda, ularda yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlari, litsey va kollejlarda ta’lim olgan ming-minglab farzandlarimiz mehnat qilmoqda. Bolalarimizning mana shunday yuqori malakali mutaxassis bo‘lib kamol topishida albatta ular egallagan zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan bir qatorda sport bilan shug‘ullanib, sog‘lom, baquvvat bo‘lib o‘sib-ulg‘aygani ham muhim omil bo‘layotgani hech kimga sir emas.

Shu munosabat bilan ilgari aytgan bir fikrni yana bir bor ta’kidlashni o‘rinli deb bilaman: XXI asrda ham jismoniy, ham ma’naviy yetuk, intellektual boylikka ega bo‘lgan avlod va xalqgina jahon miqyosidagi bugungi keskin musobaqada g‘olib bo‘la oladi.

Agar e’tibor beradigan bo‘lsak, ko‘pgina xorijiy davlatlarda shu mamlakat, shu xalqni ulug‘laydigan, dunyoga tanitadigan tasvirlar, ya’ni shohsupaga ko‘tarilgan sportchilar sha’niga davlat bayrog‘ining ko‘tarilib, davlat madhiyasining yangrashi bilan bog‘liq lavhalar ta’sirchan ravishda muntazam namoyish qilib boriladi.

O‘ylaymanki, bizning milliy televideniyemiz ham O‘zbekistonimizning dovrug‘ini dunyoga taratadigan aynan mana shunday lavhalarni ko‘proq namoyish etsa, ona yurtimizning xalqaro maydondagi timsolini yaratishga ko‘proq e’tibor bersa, katta ma’naviy, tarbiyaviy ishni amalga oshirgan bo‘lar edi.

Beshinchidan, biz mana shunday go‘zal va betakror, beqiyos boylik va imkoniyatlarga, ulkan salohiyatga ega bo‘lgan yurtimizda o‘zgalarning havasini tortadigan, barcha ezgu maqsadlarimizni ro‘yobga chiqarishga qodir bo‘lgan navqiron avlodni tarbiyalamoqchi ekanmiz, buning uchun jismoniy tarbiya va sport hayotimizga yanada chuqur kirib borishi,

ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirish masalasi davlatimiz va jamiyatimizning doimiy diqqat markazida turishi darkor.

Bu haqda fikr yuritar ekan, Prezident Islom Karimov masalaning yana bir o‘ta muhim jihatiga e’tibor qaratdi: keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, sog‘liqni saqlash, ta’lim-tarbiya, sport, onalik va bolalikni muhofaza qilish, odamlarimizning hayot darajasi va sifatini, madaniyatini oshirish, ijtimoiy muhofazani kuchaytirish masalasiga ustuvor ahamiyat berilib, kompleks yondashuv natijasida aholining, ayniqsa, bolalarning salomatligini mustahkamlash bo‘yicha salmoqli natijalarga erishilmoqda.

Bu haqda ko‘p gapirmasdan, bir misol keltirish joiz. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, agar 2005 yilda yurtimizda mutlaqo sog‘lom bolalar ko‘rsatkichi 52,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2010 yilda bu raqam 62,6 foizga yetdi.

Agar dunyoning rivojlangan davlatlarida bu ko‘rsatkich 70-72 foizni tashkil etishini inobatga oladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda bu masala bo‘yicha qanday jiddiy o‘sish sur’atlariga erishilayotgani yaqqol ayon bo‘ladi.

Shu bilan birga, 2010 yilda 2005 yilga nisbatan o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkir respiratorli virusli infeksiya bilan kasallanish 12,8, pnevmoniya bilan kasallanish 15,5, bronxit bilan kasallanish 16,2 va skolioz bilan kasallanish

11,6 foizga kamaydi. So‘nggi besh yilda sport bilan shug‘ullanadigan 10-

14 yoshdagi bolalarning bo‘yi o‘rtacha 2,3, qiz bolalarning bo‘yi 2 santimetrga o‘sgani, vazni esa tegishli ravishda 2,6 va 2,9 kilogrammga oshganini ham shu boradagi ijobiy ko‘rsatkichlar sifatida qayd etish joiz.

Lekin biz bunday natijalar bilan kifoyalanmasdan, o‘z oldimizga yanada ulkan maqsadlar qo‘yishimiz, ya’ni taraqqiy topgan davlatlar darajasiga yetish bo‘yicha muntazam ish olib borishimiz zarur, dedi mamlakatimiz rahbari.

Majlisda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining o‘tgan yil davomidagi faoliyati atroflicha tahlil qilindi.

Ma’lumki, 2010 yilda “Barkamol avlod yili” davlat dasturi doirasida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ulkan ishlarni izchil davom ettirish, jumladan, bolalar sportini yanada rivojlantirish, shahar va qishloqlarimizda zamonaviy sport majmualari va stadionlar bunyod etish, ularni sport anjomlari, yuqori malakali sport ustozlari va murabbiylar bilan ta’minlash masalalariga katta e’tibor qaratildi. Mazkur dasturda belgilangan

vazifalarning izchil amalga oshirilishi sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, ommaviy sportni, birinchi navbatda, bolalar sportini rivojlantirish borasidagi ishlarni yanada faollashtirish imkonini berdi.

Yig‘ilishda 2010 yilda bolalar sporti obyektlari va suzish havzalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash dasturining ijrosi muhokama etildi. Jumladan, o‘tgan yili 95 ta obyekt ishga tushirilgani, shuning 61 tasi qishloq joylarda foydalanishga topshirilgani qayd etildi. Shuningdek, iqtisod qilingan mablag‘lar hisobidan tender savdolari va mablag‘larni qayta taqsimlash natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ravishda 4 ta bolalar sporti obyekti foydalanishga topshirilgani ham ijobiy baholandi.

Bu yil “Barkamol avlod – 2011” sport musobaqalarining final bosqichi Surxondaryo viloyatida o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan Termiz shahrida bir qator yangi bolalar sporti majmualari qurilmoqda. Xususan, 10 ming tomoshabinga mo‘ljallangan futbol-yengil atletika maydoniga ega bo‘lgan universal sport zali barpo etilmoqda. “Kurash” sport majmuasini rekonstruksiya qilish bo‘yicha qo‘shimcha ishlar amalga oshirilmoqda.

Yurtboshimiz Surxon vohasida birinchi marta o‘tkazilayotgan bunday sport musobaqasini mamlakatimiz yoshlarining katta anjumani, muhim siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy ahamiyatga molik tadbir sifatida yuksak saviyada o‘tkazish, buning uchun puxta tayyorgarlik ishlarini olib borish bo‘yicha o‘zining taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Futbolni rivojlantirish dasturiga muvofiq 2011 yilda Andijon, Namangan va Samarqand viloyatlarida professional futbol klublari qoshida bolalar-o‘smirlar futbol klublarini tashkil etish mo‘ljallanmoqda.

Shuningdek, joriy yilda Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 149 ta obyekt, jumladan, 130 ta bolalar sporti obyekti, 19 ta suzish havzasini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ko‘zda tutilmoqda. Shuni ta’kidlash kerakki, ushbu obyektlarning 118 tasi qishloq joylarda bunyod etiladi.

Majlisda yangi quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan bolalar sporti inshootlarining, ayniqsa, suzish havzalarining zamonaviy talablar darajasida bo‘lishini ta’minlash, ulardan samarali foydalanish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan maqsadli foydalanish masalalari muhokama qilindi. O‘tgan yili ushbu maqsadlar uchun 111,1 milliard so‘m ajratish

ko‘zda tutilgan bo‘lib, amalda bu ko‘rsatkich 116,8 milliard so‘mni tashkil etdi. Xorijiy valutadagi tushumlar esa 1,72 million AQSH dollarini tashkil qildi. Aytish joizki, 2008-2011 yillarda mablag‘lar tushumi 55,9 foizga ko‘paydi va bu o‘z navbatida homiylarning mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirish va Jamg‘arma ishini faollashtirishga e’tibori ortib borayotganidan dalolat beradi.

Ushbu sarf-xarajatlar maqsadli amalga oshirildi – bolalar sporti obyektlari va inshootlari, suzish havzalarini qurish va kapital rekonstruksiya qilish, 2010 yilda foydalanishga topshirilgan sport obyektlarini jihozlash ishlari bajarildi. Shu bilan birga, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari, ayniqsa, qizlarni sport kiyimlari va anjomlari bilan ta’minlash, sport tadbirlarini o‘tkazish, maktab o‘quvchilarining xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi uchun ham tegishli mablag‘lar yo‘naltirildi.

Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi va mahalliy hokimliklar o‘g‘il-qizlarimizni sport bilan muntazam shug‘ullanishga keng jalb etish borasida faol hamkorlik qilayotgani e’tiborga loyiqdir. 2010 yilda bu borada amalga oshirilgan ishlar natijasida mamlakatimizda 6-15 yoshdagi

1,6 million nafar o‘quvchi sport va jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanmoqda. Bu boradagi ko‘rsatkich hozirgi kunda 2008 yildagi 29,2 foizdan 34,5 foizga, qizlar orasida esa 24,1 foizdan 30,9 foizga yetdi.

Ayniqsa, viloyatlarda gimnastika bo‘yicha hududiy federatsiyalar hamda markazlarning tashkil etilishi natijasida qizlarning nafis sport turlari bilan shug‘ullanish imkoniyatlari yanada kengaydi. So‘nggi ikki yilda badiiy gimnastika bilan shug‘ullanadigan qizlar soni uch barobar oshgani buning tasdig‘idir. Bundan tashqari, stol tennisi va suzish bilan shug‘ullanayotgan qizlar soni ham ko‘payib bormoqda.

Prezident Islom Karimov yig‘ilishda qizlarni sportga jalb etish masalasi alohida yondashuvni talab etishini ta’kidladi. Bolalar sportini rivojlantirish, qizlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun, ayniqsa, qishloqlarda tegishli shart-sharoit yaratish masalasiga atroflicha to‘xtaldi.

Masalaning muhim jihati shundaki, sport bilan shug‘ullangan qiz bola ertaga ona bo‘ladi, sog‘lom zurriyodni dunyoga keltiradi. Ayni paytda o‘z farzandiga sportga mehr tuyg‘usini singdiradi. Qayd etish kerakki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” dasturining asosiy ma’no-mazmuni ham shundan iboratdir, dedi Yurtboshimiz.

Yig‘ilishda bolalar sporti obyektlarini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan zarur sport inventarlari va uskunalari bilan jihozlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

2003-2010 yillarda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan barpo etilgan 1199 ta bolalar sporti obyekti umumiy qiymati 18,91 milliard so‘mlik sport inventarlari va uskunalari bilan jihozlandi.

Mamlakatimizdagi Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Fayz” xolding kompaniyasi, “Sovplastital” qo‘shma korxonasi, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi, “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi va boshqa korxonalarda, shuningdek, kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlik subyektlarida keng turdagi sport inventarlari va uskunalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Xususan, 2010 yilda “O‘z-Tong-Xong Ko” qo‘shma korxonasida basketbol, futbol va voleybol to‘plari ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida bolalar sporti obyektlari, avvalo mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar hisobidan jihozlanmoqda.

2010 yilda foydalanishga topshirilgan barcha sport obyektlari belgilangan normativlarga muvofiq o‘zimizda tayyorlangan sport uskunalari va inventarlari bilan to‘liq ta’minlandi. 2011 yilda sekundomer va shaxmat soatlari ishlab chiqarishni o‘zlashtirish rejalashtirilmoqda.

Majlisda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining kelgusi faoliyati bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi. Muhokama etilgan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, moliya vaziri R.Azimov, Bosh vazir o‘rinbosari B.Xo‘jayev, xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori A.Ochilov, qator vazirlik va idoralar rahbarlari, viloyat hokimlarining axborotlari tinglandi.

Yig‘ilishda ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Yüklə 0,6 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   45   46   47   48   49   50   51   52   ...   62




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin