Microsoft Word islom karimov asarlar 19-jild ziyouz com doc


Islom Karimov, O‘zbekiston



Yüklə 0,6 Mb.
səhifə48/62
tarix02.01.2022
ölçüsü0,6 Mb.
#41554
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   ...   62
19tom2011yilpdf

Islom Karimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni
BARCHA REJA VA DASTURLARIMIZ VATANIMIZ TARAQQIYOTINI YUKSALTIRISH, XALQIMIZ

FAROVONLIGINI OSHIRISHGA XIZMAT QILADI
Prezident Islom Karimovning 2010 yilda mamlakatimizni ijtimoiy- iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2011 yilga mo‘ljallangan eng muhim ustuvor yo‘nalishlarga bag‘ishlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasi.
Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Bu yil barchamiz ona yurtimiz, O‘zbekistonimizning yangi tarixidagi eng buyuk va qutlug‘ sanalardan biri – Vatanimiz mustaqilligining 20 yillik shonli bayramini keng nishonlaymiz. Tabiiyki, bu bizdan barcha soha va tarmoqlarda amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlarimizni atroflicha tahlil etib, kelgusi rejalarimizni aniq-ravshan belgilab olishni talab etadi.

Ayni shu holatni hisobga olgan holda, biz Vazirlar Mahkamasining bugungi kengaytirilgan majlisida ko‘rib chiqiladigan asosiy vazifaning ijrosiga yanada katta mas’uliyat bilan yondashmog‘imiz kerak. Ya’ni, 2010 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini tanqidiy baholashimiz va shu asosda 2011 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini aniqlab olishimiz darkor.

Bu borada avvalambor mamlakatimiz iqtisodiyotidagi ijobiy ko‘rsatkichlar va noxush tendensiyalarni nafaqat qayd etish, balki iqtisodiyotimizning rivojini belgilab beradigan sabab va omillarni chuqur va xolisona tahlil qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu haqda gapirganda, 2008 yilda boshlangan jahon moliyaviy- iqtisodiy inqirozi va uning oqibatlari mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga qanday salbiy ta’sir ko‘rsatgani va ko‘rsatayotgani xususida bugun to‘xtalib o‘tirishga hojat yo‘q, deb o‘ylayman.

Ayni paytda biz o‘z vaqtida tanlab olgan iqtisodiy taraqqiyot modelining naqadar to‘g‘ri ekanini va amalda o‘zini to‘la oqlaganini hayotning o‘zi yana va yana tasdiqlab bermoqda.

Ushbu modelning tamoyillari asosida mamlakatimizni isloh etish va modernizatsiya qilish bo‘yicha har tomonlama va chuqur o‘ylangan tadrijiy taraqqiyot dasturini izchil amalga oshirganimiz inqirozning, jahon bozoridagi keskin o‘zgarish va beqarorlikning iqtisodiyotimizga, moliya va bank tizimiga salbiy ta’sirini sezilarli darajada kamaytirish imkonini berdi.

Bugun dunyo iqtisodiyotidagi ahvolni tahlil qilar ekanmiz, jahon moliyaviy va iqtisodiy inqirozi hali-beri nihoyasiga yetgani yo‘q, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Dunyodagi taraqqiy topgan 20 ta davlat ishtirokida tashkil etilgan, “Katta yigirmalik” deb nom olgan guruh doirasida qabul qilinayotgan barcha chora-tadbirlarga qaramasdan, jahon iqtisodiyotida barqaror o‘sish sur’atlariga erishish yo‘lida hozircha biron-bir jiddiy siljish ko‘zga tashlanayotgani yo‘q.

Inqiroz yillarida ko‘plab davlatlar o‘z iqtisodiyotiga, ayniqsa, moliya- bank sohasini saqlab qolish maqsadida aynan shu sohaga ulkan mablag‘larni yo‘naltirishga majbur bo‘ldi. Bu, o‘z navbatida, bir qator davlatlarda, avvalo, rivojlangan mamlakatlarda katta miqdordagi davlat budjeti taqchilligi va davlat qarzlarini keltirib chiqardi, moliyaviy nomutanosiblikning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.

Bugungi kunda bozorni pul resurslari bilan zo‘r berib to‘ldirish davom etayotgani fond va xomashyo bozorlarida sun’iy ravishda oshirib borilgan spekulyativ narxlarning yanada ko‘tarilib ketishiga, ta’bir joiz bo‘lsa, moliyaviy ko‘piklarning battar avj olishiga, inflatsiyaning jilovlab bo‘lmas darajada o‘sish xavfining kuchayishiga olib kelmoqda.

Jahon miqyosida konvertatsiya qilinadigan asosiy valutalarning beqarorligi jiddiy xavotir uyg‘otmasdan qolmaydi. Bu, birinchi navbatda, rivojlanayotgan mamlakatlarning ushbu valutalarga bo‘lgan ishonchiga jiddiy putur yetkazmoqda.

Qadrli do‘stlar!

Biz bugun 2010 yil yakunlarini baholar ekanmiz, avvalo, mamlakatimiz iqtisodiyotining yuqori barqaror o‘sish sur’atlari va makroiqtisodiy mutanosibligi saqlanib qolayotganini qayd etishimiz zarur. Shuni yana bir bor eslatib o‘tmoqchimanki, yurtimizda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari 2008 yilda 9 foiz, 2009 yilda 8,1 foiz, 2010 yilda esa 8,5 foizni tashkil etdi. Jahon moliya institutlarining xulosasiga ko‘ra, bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri ekani albatta barchamizga mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Keyingi o‘n yilda, ya’ni 2000 yilga nisbatan taqqoslaganda, 2010 yilda mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot qariyb 2 barobar, aholi jon boshiga hisoblaganda esa 1,7 barobar oshdi.

Xarid imkoniyatlari mutanosibligini hisobga olgan holda sanaganda, yalpi ichki mahsulotning 2010 yilda 2000 yilga nisbatan o‘sishi 2,6 karrani tashkil qildi.

O‘z-o‘zidan ravshanki, bularning barchasi iqtisodiyotimizning yuqori sur’atlar bilan barqaror o‘sib borayotgani va mamlakatimizda ro‘y berayotgan ulkan ijobiy o‘zgarishlardan dalolat beradi.

Iqtisodiyotimizda 2010 yili yuqori o‘sish sur’atlari ta’minlanib, aholining real daromadlari 123,5 foizga oshdi, o‘tgan yilda inflatsiya darajasi 2009 yildagi 7,4 foiz o‘rniga 7,3 foizni tashkil qildi. Bu avvalambor qat’iy, shu bilan birga, puxta o‘ylangan pul-kredit siyosati va inqirozga qarshi ko‘rilgan samarali chora-tadbirlarimizning natijasidir.

Aytish kerakki, bunday iqtisodiy o‘sish ko‘p jihatdan iqtisodiyotda soliq yukini pasaytirishga qaratilgan va izchil amalga oshirilayotgan siyosat bilan bog‘liq. Jumladan, 2010 yilda yuridik shaxslar uchun daromad solig‘i 9 foizgacha, mikrofirmalar va kichik biznes uchun yagona to‘lov 7 foizgacha tushirilgani buning amaliy tasdig‘idir. Shu borada o‘tgan yili Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan oshirib, ya’ni 0,3 foiz profitsit bilan bajarilganini ta’kidlash zarur.

2010 yilda tashqi savdo va to‘lov balanslari ham sezilarli darajada mustahkamlandi.

Hamon davom etayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida eksportning umumiy hajmi 10,8 foiz, tashqi savdo balansining ijobiy saldosi esa 1,8 barobar oshdi va 4 milliard 200 million dollarni tashkil etdi. Mamlakatimizning oltin-valuta zaxirasi ham shunga muvofiq ravishda ko‘paydi.

Mamlakatimiz iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlar alohida e’tiborga loyiqdir.

Hammamiz yaxshi bilamizki, bizga sobiq sovet tizimidan bir tomonlama rivojlangan, faqat xomashyo yetishtirishga yo‘naltirilgan, paxta yakkahokimligi halokatli darajada avjiga chiqqan, ishlab chiqarish va sotsial infratuzilmasi o‘ta qoloq, aholi jon boshiga iste’mol ko‘rsatkichi eng past bo‘lgan iqtisodiyot meros bo‘lib qolgan edi.

Shuni e’tiborga oladigan bo‘lsak, iqtisodiyotimizda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish vazifasini hal etish qanchalik muhim

strategik ahamiyatga ega ekani haqida ortiqcha gapirishga bugun zarurat yo‘q, deb o‘ylayman.

Iqtisodiyotimizda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni yaqqol tasavvur qilish uchun quyidagi raqamlarni keltirib o‘tmoqchiman.

Agar o‘n yil oldin, ya’ni 2000 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotida sanoatning hissasi atigi 14,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2010 yilda bu ko‘rsatkich 24 foizni, transport va aloqaning ulushi tegishli ravishda 7,7 va 12,4 foizni tashkil etdi, xizmatlar bo‘yicha bu raqam 37 foizdan 49 foizga o‘sdi. Qishloq xo‘jaligining ulushi esa 30,1 foizdan 17,5 foizga tushdi.

Shunga alohida e’tibor qaratish kerakki, qishloq xo‘jaligining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi kamayib borayotgan bir sharoitda ushbu sohada mahsulot yetishtirish yuqori sur’atlar bilan ko‘paymoqda.

2010 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 2009 yilga nisbatan 6,8 foizga, 2000 yilga nisbatan esa 1,8 barobar oshgani ham shundan dalolat beradi.

Bizning bu boradagi eng katta yutug‘imiz yalpi ichki mahsulot tarkibida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi ko‘paygani hamda mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda uning roli sezilarli darajada oshganida namoyon bo‘lmoqda.

2000 yilda yalpi ichki mahsulotning qariyb 31 foizi iqtisodiyotning faol rivojlanib borayotgan ushbu sektori ulushiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa,

2010 yilda bu ko‘rsatkich 52,5 foizni tashkil etdi.

Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni diversifikatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratishni istardim.

2010 yilda sanoat ishlab chiqarish tarkibida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan tayyor mahsulotning ulushi 50 foizdan ziyodni tashkil etdi.

Mamlakatimiz sanoat korxonalari tomonidan o‘tgan yili 160 dan ortiq turdagi yangi tovar va mahsulotlar, jumladan, mutlaqo yangi texnologik platforma negizida “Spark” yengil avtomobilini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Shu bilan birga, katta hajmda yuk tashiydigan “MAN” avtomobillarini, energiya tejaydigan lampalar, “ElJi” rusumidagi jahonga mashhur xolodilniklarni yig‘ish, kaliy o‘g‘itlari va boshqa muhim mahsulotlarni ishlab chiqarish boshlab yuborildi.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida 2010 yilda 1 ming 76 ta loyiha amalga oshirildi. Mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi

1,4 barobar oshdi, import o‘rnini bosish bo‘yicha yakuniy samaradorlik 3 milliard 400 million dollarni tashkil qildi va bu 2009 yilga nisbatan 1,2 barobar ko‘p demakdir.

Korxonalar o‘rtasida kooperatsiya aloqalari mustahkamlanmoqda, bu jarayonga kichik korxonalar va xususiy biznes subyektlari tobora keng jalb qilinmoqda.

2010 yilda o‘tkazilgan Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsion birjada dunyoning 51 mamlakatidan 700 dan ortiq xorijiy firma va kompaniya vakillari qatnashdi, 500 dan ortiq yangi turdagi mahsulot namoyish etildi, qiymati 2 trillion 600 milliard so‘mlik shartnomalar imzolandi.

Bu raqam oldingi yarmarkadagi ko‘rsatkichga nisbatan 1,4 marta ko‘pdir. Yarmarkada umumiy qiymati 2 milliard 700 million dollarlik eksport bitimlari tuzildi va bu 2009 yil darajasidan 1,2 barobar ortiqdir.

O‘tgan yili mamlakatimiz moliya-bank tizimi likvidligini yanada mustahkamlash, uning barqarorligini kuchaytirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi.

2010 yilda tijorat banklarining jami kapitali 36 foizga ortdi va banklarimiz erishgan 23 foiz miqdoridagi kapitalning yetarlilik darajasi dunyoda qabul qilingan xalqaro standartlardan 3 barobardan ko‘pdir. Faqat o‘tgan yilning o‘zida depozitlar hajmi 1,5 barobardan ziyod oshdi.

Bugungi kunda mamlakatimizning 15 ta tijorat banki “Fitch Reytings”, “Mudis” va “Standart end Purs” kabi yetakchi xalqaro reyting agentliklarining “barqaror” degan reyting darajasiga egadir.

Banklarning kredit va investitsiya faoliyatida ham ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. 2010 yilda iqtisodiyotning real sektoriga yo‘naltirilgan kreditlarning umumiy hajmi 35 foizga ko‘paydi. Shunisi e’tiborga loyiqki, 2010 yilning oxiridagi holat bo‘yicha ichki manbalar hisobidan berilgan kreditlarning tijorat banklari umumiy kredit portfelidagi yalpi ulushi 85,1 foizni tashkil etdi.

Tashqi qarzlar asosan uzoq muddatga, faqat iqtisodiyotning strategik tarmoqlarini modernizatsiya qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun jalb qilindi.

Banklarning kredit portfeli tarkibida ham sifat o‘zgarishlari ro‘y bermoqda. Umumiy kredit portfelida uzoq muddatli, ya’ni 3 yildan ortiq muddatga beriladigan investitsiya kreditlarining ulushi 2000 yilning oxiridagi 35 foizdan 2010 yilning oxirida 75,2 foizga o‘sdi.

O‘tgan yil davomida kichik biznes subyektlariga ajratilgan kreditlar hajmi 1,4 barobar ko‘paydi va 2 trillion 700 milliard so‘mni tashkil etdi. Jumladan, mikrokreditlar hajmi 485 milliard so‘mdan ortib, bu ko‘rsatkich

2009 yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘paydi.

To‘lanmay qolgan qarzlari tufayli banklarning balansiga o‘tkazilgan bankrot korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish borasidagi tijorat banklarining faoliyati yuksak baholashga molikdir.

Biz joriy etgan bunday mexanizm bankrot korxonalarda ishlab chiqarish faoliyatini qayta tiklash, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash uchun banklar tomonidan qo‘shimcha investitsiya kiritish, ana shunday korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va zamonaviy boshqaruv usullarini tatbiq etish, shuningdek, ish o‘rinlarini qayta tiklash va yangi ish o‘rinlarini yaratishni ko‘zda tutadi.

Shu tariqa faoliyat ko‘rsatishga layoqatli, ilgarigiga qaraganda texnologik jihatdan ancha yuqori darajada ishlaydigan, faoliyati qayta tiklangan korxonalar yangi investorlar e’tiborini tobora ko‘proq o‘ziga tortmoqda. Investorlar hozirgi paytda bunday korxonalarni banklardan faol sotib olmoqda.

Bugungi kunda tijorat banklari balansiga berilgan 147 ta bankrot korxonaning 140 tasida ishlab chiqarish qayta tiklangani, ularning 64 tasi yangi investorlarga sotilgani bu fikrning yorqin dalilidir. Qayd etish kerakki, banklar tomonidan bu korxonalarni modernizatsiya qilish va texnologik qayta jihozlash uchun 156 milliard so‘m miqdorida investitsiya yo‘naltirildi, 21 mingdan ko‘proq ish o‘rni tashkil qilindi.

Bu boradagi ishlarimizning ahamiyatini tasavvur etish uchun ana shu qayta tiklangan korxonalarda ishlab chiqarish hajmi 460 milliard so‘mni tashkil etib, umumiy qiymati 165 million dollardan ortiq bo‘lgan turli mahsulotlar eksport qilinganini aytish kifoya, deb o‘ylayman.

Bunday yondashuv kelgusida ham banklarning balansiga o‘tkazilgan bankrot korxonalarni qayta tiklash ishlarida eng muhim yo‘nalish bo‘lib qolishi zarur. Bugungi majlisda qatnashayotgan tijorat banklarining rahbarlari e’tiborini aynan shu masalaga qaratmoqchiman.

Qishloq xo‘jaligini isloh qilish, fermer xo‘jaliklariga biriktirilgan yer uchastkalarini optimallashtirish, paxta va g‘allaning xarid narxlarini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil ishlar natijasida iqtisodiyotimizning agrar sektorida tarkibiy sifat o‘zgarishlari yuz bermoqda.

Paxta va g‘alla kabi strategik muhim qishloq xo‘jaligi ekinlari bilan bir qatorda, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik sohalarida ham ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada o‘sdi, qayta ishlash tarmoqlari va ichki bozorni sut, go‘sht, kartoshka, sabzavot kabi eng muhim oziq-ovqat hamda boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan yanada ko‘proq to‘ldirish uchun mustahkam xomashyo bazasi yaratilmoqda.

Maxsus ishlab chiqilgan keng ko‘lamli dasturni izchil amalga oshirish hisobidan yerlarning meliorativ holati muttasil yaxshilanmoqda. Faqat

2010 yilning o‘zida yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun 150 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi va bu 724 kilometrlik kollektor-drenaj tarmoqlari, 208 ta meliorativ quduqlarni barpo etish va rekonstruksiya qilish, qariyb 14 ming kilometrlik kollektor-drenaj tizimini ta’mirlash, qayta tiklash va 335 ta zamonaviy melioratsiya texnikasini xarid qilish imkonini berdi.

Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari, shuningdek, Markaziy Farg‘ona hududi va Qoraqalpog‘iston Respublikasida irrigatsiya hamda melioratsiya inshootlarini qayta tiklash uchun 2010 yilda xalqaro moliya institutlarining 62 million dollardan ziyod mablag‘lari jalb qilindi va o‘zlashtirildi.

Amalga oshirilgan ana shunday keng miqyosdagi ishlar natijasida 260 ming gektar sug‘oriladigan yerning meliorativ holati yaxshilandi va bu qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini, fermer hamda dehqon xo‘jaliklarining daromadini oshirish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘tgan yili xizmat ko‘rsatish va servis sohasida 13,4 foiz o‘sishga erishildi, so‘nggi o‘n yilda esa aholiga ko‘rsatilgan pullik xizmatlar hajmi, kishi boshiga hisoblaganda, qariyb 20 barobar oshdi. Biz bu borada mobil aloqa, internet, videotelefon tizimi, raqamli televideniye, zamonaviy bank xizmatlari, lizing, sug‘urta, audit, injiniring va boshqa zamonaviy xizmat turlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.

Bugungi kunda yurtimiz mobil aloqaning rivojlanish ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyoda oldingi o‘rinda turgan o‘nta mamlakat qatoriga kiradi. O‘zbekistonda mobil aloqa xizmatidan foydalanuvchilarning umumiy soni

2000 yilga nisbatan – shunga e’tibor beringlar – 200 barobar oshib, 19 milliondan ortiq abonentni tashkil etmoqda. Agar o‘n yil avval mamlakatimiz aholisining har ming nafariga 4 donadan kam mobil telefon to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 600 donadan oshib ketdi.

Hozirgi vaqtda mamlakatimiz sobiq ittifoq hududida birinchilardan bo‘lib raqamli va keng formatli televideniyega to‘liq o‘tish bo‘yicha katta miqyosdagi dasturni amalga oshirishni boshladi va bu jarayon 2015 yilda nihoyasiga yetkaziladi.

Aholining internet tarmog‘idan foydalanish imkoniyati kengayib borayotganini albatta ijobiy baholash lozim. 2010 yilda internet xizmatidan foydalanuvchilar soni 1,6 barobar ko‘paydi va 7,4 million kishidan oshdi.

Ayni vaqtda internet xizmatini ko‘rsatish tariflarini bosqichma-bosqich kamaytirib borish hisobidan undan foydalanuvchilar uchun sharoitlar tobora yaxshilanmoqda. Xususan, 2010 yilda bu boradagi tariflar 20 foizga pasaytirilganini alohida qayd etish kerak.

Hurmatli majlis qatnashchilari!

Mamlakatimizda 2010 yilda 2009 yilga nisbatan 13,6 foizga ko‘p, ya’ni 9 milliard 700 million AQSH dollariga teng miqdordagi investitsiyalar o‘zlashtirildi, bu yalpi ichki mahsulotning qariyb 25 foizini tashkil etadi.

Ushbu investitsiyalarning salkam 72 foizi ishlab chiqarish korxonalarini barpo etishga, jumladan, 38 foizga yaqini asbob-uskuna va ilg‘or texnologiyalar sotib olishga yo‘naltirildi. Shu boradagi umumiy qo‘yilmalar hajmida xorijiy investitsiyalar va kreditlar ulushi 28,8 foizni, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar miqdori esa 2 milliard 400 million dollardan ziyodni tashkil etdi.

Barcha moliyaviy manbalar hisobidan texnik va texnologik qayta jihozlash uchun yo‘naltiriladigan investitsiyalar hajmi 3 milliard 600 million dollardan oshgani yoki 2010 yildagi barcha kapital qo‘yilmalarning

37,5 foizini tashkil etgani prinsipial muhim ahamiyatga egadir.

Muxtasar aytganda, Investitsiya dasturi doirasida 2010 yilda 200 dan ziyod loyiha amalga oshirildi. Jumladan, yiliga 50 mingta avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan “M-300” rusumidagi yengil avtomobil ishlab chiqarishni o‘zlashtirish”, 200 ming tonna kaliy o‘g‘itlari ishlab

chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan “Dehqonobod kaliy o‘g‘itlari zavodi qurilishi”, “Xonjiza konida polimetall rudalarga ishlov berish” kabi yirik loyihalar, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyazot” kompaniyasining bir qator yangi obyektlarini barpo etish ishlari va boshqa loyihalar nihoyasiga yetkazilganini ta’kidlash joiz.

2010 yilda “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi hududida xorijiy investorlar bilan erishilgan bitimlar doirasida 19 ta investitsiya loyihasini amalga oshirishga kirishildi. Ana shu loyihalar doirasida jahon bozorida xaridorgir bo‘lgan zamonaviy mahsulot ishlab chiqaradigan 7 ta korxona foydalanishga topshirildi.

Transport va kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan mablag‘lar investitsiyalar umumiy hajmida muhim o‘rin egalladi. O‘tgan yilning o‘zida faqat avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun 378 million dollarga teng bo‘lgan mablag‘ o‘zlashtirildi va bu 2009 yilga qaraganda

31,5 foiz ko‘p demakdir. Shuning hisobidan mamlakatimizda 270 kilometrlik zamonaviy avtomobil yo‘li foydalanishga topshirildi.

O‘zbekiston milliy avtomagistrali loyihasi tarkibiga kiradigan sement- beton qoplamali 222 kilometrlik avtomobil yo‘lini qurish va rekonstruksiya qilish uchun Osiyo taraqqiyot banki bilan 600 million dollar miqdorida kredit mablag‘larini jalb qilish to‘g‘risida shartnoma imzolandi.

2010 yilda xalqaro transport logistika markazlarini rivojlantirishga doir ishlar davom ettirildi. Navoiy shahridagi aeroportda foydalanishga topshirilgan “Navoiy” xalqaro intermodal logistika markazining yuk terminali orqali 50,1 ming tonna yoki 2009 yilga qaraganda 3 barobar ko‘p yuk tashildi. Angren shahridagi Xalqaro logistika markazi tomonidan 4 million tonnadan ortiq yuk tashish amalga oshirildi, mamlakatimiz mintaqalari va Farg‘ona vodiysi viloyatlari o‘rtasida yil davomida uzluksiz avtotransport qatnovi ta’minlandi.

Havo transporti va temir yo‘l parklarini yangilash ishlari davom ettirilmoqda. O‘tgan yili “Eyrbas indastri” kompaniyasining 6 ta A-320-

200 rusumli samolyoti, 8 ta zamonaviy elektrovoz sotib olindi, 1 ming 790 ta yuk tashiydigan va 38 ta yo‘lovchi tashiydigan vagonlar qurildi, ta’mirlandi va modernizatsiya qilindi.

Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, Tiklanish va taraqqiyot fondining strategik muhim loyihalarni mustaqil ravishda hamda xalqaro moliya institutlari va xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda

moliyalashtirish borasidagi roli ortib bormoqda. 2010 yilda ushbu fondning qariyb 330 million dollar miqdoridagi mablag‘i o‘zlashtirildi va bu 2009 yilga nisbatan 25,6 foizga ko‘pdir.

O‘tgan davrda Fond mablag‘lari hisobidan 14 ta yirik investitsiya loyihasi moliyalashtirildi. O‘zbekiston-Ummon qo‘shma investitsiya kompaniyasi ishtirokida to‘qimachilik, telekommunikatsiya tarmoqlari va moliya sektorida umumiy qiymati qariyb 80 million dollarlik 3 ta investitsiya loyihasini moliyalashtirish ishlari boshlandi.

Tiklanish va taraqqiyot fondining tarkibiy o‘zgarishlardagi roli ortib borayotganini hisobga olib, 2014 yilgacha uning nizom jamg‘armasini ikki barobar, ya’ni 5 milliard dollardan 10 milliard dollarga bosqichma-bosqich ko‘paytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

2010 yilda kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarni qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash, shuningdek, maktablarning moddiy- texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha dasturlarni amalga oshirish yakuniga yetkazildi.

Umuman olganda, 2005-2010 yillar davomida 7 ming 800 dan ortiq umumta’lim muassasasi, qariyb 1 ming 500 ta kasb-hunar kolleji va akademik litsey barpo etildi va rekonstruksiya qilindi. Faqat 2010 yilda maktablar, kasb-hunar kollejlari va litseylarda 2 ming 300 tadan ziyod kompyuter texnikasi va multimedia uskunasi o‘rnatildi.

Unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodni jismoniy jihatdan tarbiyalash va bolalar sportini rivojlantirishga qaratilgan dasturni amalga oshirish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirildi. Buning natijasida faqat 2010 yilning o‘zida 72 ta sport inshooti, 27 ta suzish havzasi foydalanishga topshirildi, umumiy qiymati 3 million AQSH dollariga teng bo‘lgan sport inventarlari va uskunalar joylarga yetkazib berildi.

Bugungi kunda umumta’lim maktablari o‘quvchilarining har uch nafaridan biri turli seksiya va to‘garaklarda sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda.

O‘tgan yilda farzandlarimizning ijodiy qobiliyati va ma’naviyatini yuksaltirishga qaratilgan musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha qabul qilingan dasturni amalga oshirish boshlandi. Agar 2009 yilda oltita musiqa va san’at maktabi qurilgan va rekonstruksiya qilingan bo‘lsa, hisobot yilida 46 ta ana shunday maktab foydalanishga topshirildi. Ularning qurilishiga 51 milliard so‘mdan ortiq kapital mablag‘ yo‘naltirildi.

2010 yilda sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish va ushbu tizimda sifat o‘zgarishlarini amalga oshirishni ta’minlash borasidagi ishlar davom ettirildi. Hozirgi kunda mamlakatimizda sifat jihatidan yangi, eng yuksak talablarga javob beradigan va respublika hamda viloyatlar shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish markazlarini o‘z ichiga olgan tibbiyot muassasalari tarmog‘i shakllandi.

Barcha viloyatlar markazlarida kattalar va bolalar uchun ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari, har bir tumanda eng zamonaviy meditsina asbob- uskunalari bilan jihozlangan qishloq vrachlik punktlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu qishloq vrachlik punktlarining soni 2000 yilga nisbatan 2 barobar ko‘payib, 3 ming 200 tadan oshdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha yuksak samarali zamonaviy tibbiyot muassasalarining mustahkam tizimi yaratilgani shu yo‘ldagi muhim qadam bo‘ldi.

Barcha viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida skrining markazlari tashkil etildi va ularning faoliyatini ta’minlash uchun 2010 yilning o‘zida 4 million dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. 2010 yilda 116 ming nafardan ziyod bo‘lajak ona skrining markazlarida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Shu bilan birga, perinatal markazlar tarmog‘i ham jadal rivojlanmoqda. O‘tgan o‘n yil davomida yurtimizda 11 ta perinatal markaz tashkil etildi.

2010 yilda ularda 158 ming nafardan ortiq, ya’ni 2000 yilga nisbatan 10 barobar ko‘p ona va bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Buning natijasida keyingi o‘n yilda mamlakatimizda onalar o‘limi koeffitsiyenti 33,1 promilledan 19,7 promillega, bolalar o‘limi koeffitsiyenti esa 18,9 promilledan 10,1 promillega tushdi. Tug‘ma va irsiy kasalliklar bilan tug‘iladigan bolalar soni qariyb ikki barobar kamaydi.

Shu yillarda aholining yuqumli kasalliklar, jumladan, sil, gepatit kabi og‘ir turdagi va boshqa xastaliklarga chalinishining umumiy darajasi ancha pasaydi. Bunday natijalarga erishishda shifokorlar va tibbiyot xodimlarining mehnatini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish, ularning kasb tayyorgarligi darajasini oshirish, mamlakatimiz farmatsevtika sanoatini jadal rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham muhim omil bo‘lmoqda. Birgina 2010 yilning o‘zida 32 nomdagi yangi dori preparatlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi va bu 2009 yilga qaraganda 23 foizga ko‘pdir.

2010 yilda statsionar tibbiyot muassasalarida qo‘shimcha ravishda 1 ming 630 ta yoki 2009 yilga nisbatan qariyb 2,5 marta ko‘p davolanish o‘rinlari foydalanishga topshirildi.

Hisobot davrida sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish uchun jami 2 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi, buning 1 trillion 700 milliard so‘mi budjet mablag‘laridir.

O‘tgan yili qishloq joylarda biz 2009 yilda boshlagan, qulay va barcha kommunal xizmat sharoitlariga ega bo‘lgan yakka tartibdagi turar-joy massivlarini kompleks qurish ishlari e’tiborimiz markazida bo‘lgani barchamizga ma’lum.

Ayniqsa, yakka tartibda qurilayotgan uy-joylar loyihalarining qulaylik nuqtai nazaridan boshqatdan ko‘rib chiqilib, ajratiladigan yer uchastkalari hajmini to‘rt sotix o‘rniga olti sotix qilib belgilash to‘g‘risida qabul qilingan qarorlar alohida ahamiyat kasb etdi.

Natijada 2010 yili mamlakatimizning barcha 159 ta qishloq tumanida namunaviy loyihalar bo‘yicha tayyor holda topshirish sharti bilan 6 ming

800 ta uy-joy barpo etildi.

Ushbu maqsadlarga qariyb 430 milliard so‘m miqdoridagi kapital qo‘yilmalar, jumladan, 250 milliard so‘mdan ortiq uzoq muddatli imtiyozli kreditlar yo‘naltirildi. Bu mablag‘ 2009 yilga nisbatan 9 barobar ko‘pdir. Dasturni amalga oshirish boshlanganidan buyon yangi massivlarda qishloq aholisining qulay va munosib yashashi uchun zarur bo‘lgan 165 ta ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obyekti barpo etildi.

Ayni paytda yangitdan qurilayotgan turar-joy massivlarida zamonaviy turdagi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari ham jadal bunyod qilinmoqda. 103 kilometrdan ortiq gaz, qariyb 100 kilometrlik suv tarmoqlari, 71 kilometrdan ziyod elektr uzatish liniyalari, shuningdek, umumiy uzunligi 85 kilometr bo‘lgan ichki yo‘llar qurildi.

Ichimlik suvi, elektr va gaz ta’minoti, shuningdek, aholi punktlarining sanitariya ahvolini yaxshilash bo‘yicha yangi kommunal infratuzilma tarmoqlari va obyektlarini qurish, modernizatsiya hamda rekonstruksiya qilish ishlari tizimli asosda olib borilmoqda.

Bugungi kunda biz uchun eng dolzarb muammolardan biri bo‘lmish yurtimizda mehnatga layoqatli aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarimiz haqida.

2010 yilda mamlakatimizda jami 950 mingdan ortiq ish o‘rni tashkil etilganini katta mamnuniyat bilan qayd etishimiz lozim. Bu yangi tashkil

qilingan umumiy ish o‘rinlarining 604 mingdan ziyodi yoki 65 foizi kichik biznes sohasi va fermer xo‘jaliklariga, 210 mingdan ortig‘i kasanachilik sohasiga to‘g‘ri keladi.

Aholi daromadi va farovonligini oshirish borasida ham sifat jihatidan chuqur o‘zgarishlar yuz bermoqda. Aholining ish haqi va umuman, pul daromadlari barqaror oshib bormoqda, uning xarid qobiliyati muttasil o‘smoqda, fuqarolarimiz iste’mol qiladigan mahsulotlar tarkibining sifati ortmoqda.

Birgina 2010 yilda budjet sohasi muassasalari xodimlarining ish haqi, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar, stipendiyalar miqdori 32 foizga, aholining umumiy pul daromadlari esa jon boshiga 1,3 barobar oshdi.

Aholining daromadlari tarkibida tadbirkorlik faoliyatidan olinayotgan daromad ulushi tobora salmoqli o‘rin egallamoqda va barcha daromadlarning 47 foizdan ortig‘i ushbu soha hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Yurtimizda oilalarning sifatli va uzoq muddat foydalanadigan iste’mol tovarlari bilan ta’minlanish darajasi sezilarli ravishda oshdi. Jumladan, bugungi kunda har 100 ta oilaga o‘rtacha 132 ta televizor, 99 ta xolodilnik,

18 tadan ziyod konditsioner, 12 ta shaxsiy kompyuter, 27 tadan ortiq yengil avtomobil to‘g‘ri kelmoqda.

2010 yilda “Barkamol avlod yili” Davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha qilingan ishlarimizning ulkan mohiyati va ahamiyatini, albatta, qisqacha baholash qiyin.

Sizlarga yaxshi ma’lumki, Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda ushbu dastur ijrosini ta’minlash bo‘yicha erishilgan asosiy natijalar haqida atroflicha fikr yuritilgan edi.

Men bu o‘rinda faqat shuni ta’kidlashni istardimki, mazkur dasturni bajarish uchun barcha moliyaviy manbalar hisobidan qariyb 8 trillion so‘m va 165 million dollar mablag‘ yo‘naltirildi. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatimizda har tomonlama munosib yoshlarni, Vatanimiz kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan, jismoniy va ma’naviy sog‘lom, barkamol avlodni tarbiyalash uchun zarur barcha shart- sharoitlarni yaratish bo‘yicha aniq maqsadga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirish imkonini tug‘dirdi.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

2011 yili mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari

108,3 foiz, sanoatdagi o‘sish – 109,3 foiz, qishloq xo‘jaligida – 105,8 foiz

hajmida bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Inflatsiya darajasi 7-9 foiz atrofida bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

Tasdiqlangan davlat budjetida yalpi soliq yukini 1,2 foizga, kichik biznes subyektlari va mikrofirmalar uchun yagona soliq to‘lovini esa 2010 yildagi 7 foizdan 2011 yilda 6 foizga tushirish mo‘ljallangan.

Mamlakatimizni iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan uzoq muddatli strategik maqsadni amalga oshirishning mantig‘i mustaqilligimizning dastlabki kunlaridan boshlangan va O‘zbekistonning jahon bozoridagi raqobatdoshligini oshirish va mavqeini mustahkamlashga yo‘naltirilgan tarkibiy o‘zgarishlar va yuksak texnologiyalarga asoslangan zamonaviy tarmoqlar va ishlab chiqarish sohalarini jadal rivojlantirish siyosatini 2011 yildagi asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida davom ettirishni taqozo etmoqda.

Bu o‘rinda ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va mamlakatimizdagi xomashyo va resurslarga boy mavjud manbalardan oqilona foydalanish asosida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan yuksak texnologik mahsulotlarni ishlab chiqarishni ta’minlaydigan istiqbolli iqtisodiyot tarmoqlari haqida so‘z bormoqda.

Ana shu maqsadlarga erishish uchun “2011-2015 yillarda O‘zbekiston sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi dastur tasdiqlandi. Ushbu dastur sanoat sohasida umumiy qiymati qariyb 50 milliard dollarni tashkil etadigan 500 dan ortiq yirik investitsiya loyihasini amalga oshirishni ko‘zda tutadi.

Yaqin besh yil ichida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini kamida 60 foizga oshirish, yalpi ichki mahsulotda uning ulushini 2010 yildagi 24 foizdan 2015 yilda 28 foizga ko‘paytirishni ta’minlash vazifasi qo‘yilmoqda. Bu borada mashinasozlik, avtomobilsozlik, kimyo, oziq- ovqat, farmatsevtika, qurilish materiallari sanoati va boshqa sohalarni jadal rivojlantirish hisobidan ushbu tarmoqlarda ikki barobardan ziyod o‘sishga erishiladi.

To‘qimachilik sanoatida eksportbop raqobatdosh mahsulotlar tayyorlashga yo‘naltirilgan, yakuniy ishlab chiqarish shakliga ega bo‘lgan yangi, zamonaviy to‘qimachilik komplekslarini rivojlantirish ustuvor ahamiyat kasb etishi zarur.

Bu, o‘z navbatida, paxta tolasini o‘zimizda qayta ishlash hajmini 2 barobardan ko‘proq, kalava ishlab chiqarishni 2,6 barobar, tayyor trikotaj va tikuvchilik buyumlarini 3 barobar, to‘qimachilik sanoati mahsulotlari

eksportini 2 barobar oshirishni ta’minlaydi. Yuksak texnologiyalar sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Bu loyihalar sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarishni tashkil qilish, polietilen va polipropilen mahsulotlar, suyultirilgan va siqilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish bo‘yicha yangi, zamonaviy gaz-kimyo komplekslarini barpo etish, energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalar asosida mineral o‘g‘itlar hamda yangi turdagi kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish, eskirgan uskunalarni zamonaviy bug‘-gaz qurilmalari bilan almashtirish hisobidan energetika tarmog‘ini jadal rivojlantirish kabi sohalarni qamrab oladi.

Vazirlar Mahkamasi mazkur dasturga kiritilgan har bir loyiha bo‘yicha idoralararo ishchi guruhlarini tasdiqlashi lozim. Bu ishchi guruhlar loyihalarning barcha bosqichlarda amalga oshirilishi va foydalanishga topshirilishini tizimli asosda kuzatib va qat’iy nazorat qilib borishi zarur.

Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini jadal yangilash biz uchun eng muhim ustuvor vazifa sifatida izchil davom ettiriladi.

Bu xususda gapirganda, 2011 yilda iqtisodiyotga jalb etiladigan barcha investitsiyalarning 36,4 foizdan ortig‘ini sanoatni modernizatsiya qilish va texnologik yangilash dasturlarini amalga oshirishga yo‘naltirish ko‘zda tutilayotgani, zamonaviy asbob-uskunalar xarid qilish xarajatlari umumiy kapital qo‘yilmalar hajmining kamida 46 foizini tashkil etayotganini qayd etish darkor.

2011 yilda 35 tadan ortiq yirik ishlab chiqarish korxonasini qurishni yakunlash va foydalanishga topshirish vazifasi qo‘yilmoqda. “Jeneral motors” kompaniyasi bilan hamkorlikda yiliga 225 ming dona avtomobil kuchlanish agregatlarini ishlab chiqaradigan korxona, Qo‘qon shahrida “Indorama” kompaniyasi bilan hamkorlikda yakuniy ishlab chiqarish shakliga ega bo‘lgan to‘qimachilik kompleksi, shuningdek, umumiy quvvati 30 ming tonna kalava ishlab chiqarishdan iborat bo‘lgan yana bir qator to‘qimachilik komplekslari kabi muhim obyektlar shular jumlasidandir.

Shular qatorida Toshkent shahrida ko‘p o‘rinli “Mersedes-Bens” yo‘lovchi avtobuslarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, Muborak gazni qayta ishlash zavodi va “Sho‘rtan neft-gaz” unitar korxonasida 400 ming tonna suyultirilgan gaz va gaz kondensati ishlab chiqaradigan qurilmalarni o‘rnatish, Olmaliq va Navoiy kombinatlarining korxona va ishlab chiqarish

quvvatlarini texnik qayta jihozlash, Bekobod metallurgiya kombinatini modernizatsiya qilish va boshqa o‘ta muhim loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Joriy yilning oxiriga qadar, idoraviy mansubligidan qat’i nazar, barcha yirik korxona va ishlab chiqarish quvvatlarida jahon tajribasida sinovdan o‘tgan zamonaviy texnologiyalar bilan almashtirilishi lozim bo‘lgan uskuna va texnologiyalarning ro‘yxatini aniqlash uchun texnik audit o‘tkazish zarur. Vazirlar Mahkamasiga ushbu dasturlar bajarilishini nazoratga olish vazifasi topshiriladi. Bunda yangi loyihalarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishini nazarda tutish darkor.

Ming afsuski, biz modernizatsiya deganda, ko‘pincha sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilishni tushunishga o‘rganib qolganmiz. Holbuki, sanoat bilan bir qatorda iqtisodiyotimizning qishloq xo‘jaligi kabi yetakchi sohasini ham modernizatsiya qilish, uning tarkibiga kiradigan deyarli barcha tarmoq va ishlab chiqarish sohalarining butun kompleksida texnik va texnologik yangilash ishlarini amalga oshirishga katta ehtiyoj sezilmoqda.

Bu borada, avvalo, yerlarning unumdorligini oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim. Aytish kerakki, bu yo‘nalishdagi ishlarning ko‘lami yil sayin kengayib borayotganiga qaramasdan, sug‘oriladigan yerlarning mavjud meliorativ holati katta tashvish uyg‘otmoqda.

Hozirgi vaqtda yurtimizda jami sug‘oriladigan yerlarning qariyb 49 foizi turli darajada sho‘rlangan bo‘lib, buning qariyb 18 foizi kuchli va o‘rta darajada sho‘rlangan yerlardir, 23 foizdan ortig‘i esa boniteti past yerlar toifasiga kiradi. Meliorativ holati qoniqarsiz yerlarning katta qismi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Jizzax va Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Biz yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va unumdorligini oshirishga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar hajmini bundan buyon ham ko‘paytirib boramiz. Ayni paytda ushbu maqsadlar uchun yo‘naltirilayotgan katta miqdordagi mablag‘lardan foydalanish samaradorligini oshirish va ularni maqsadli ishlatish, zamonaviy texnologiyalar va texnikani joriy etish borasidagi ishlarni ham tartibga solishimiz lozim.

Shuni tan olish kerakki, chorvachilik, g‘allachilik, kartoshkachilik kabi sohalarda ilg‘or mamlakatlar tajribasini o‘rganish va uni amalda qo‘llashga, bizning iqlim sharoitimizda g‘oyat muhim ahamiyat kasb

etadigan zamonaviy sug‘orish tizimlari va energiyani tejaydigan texnologiyalardan foydalanishga yetarlicha e’tibor berilmayapti.

Masalan, chorvachilik sohasini oladigan bo‘lsak, bu borada ishga solinmagan katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidlash o‘rinlidir. Taqqoslash uchun quyidagi bir misolni keltiraman: Daniya va Janubiy Koreyada sut sog‘ib olish bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 8-9,5 ming kilogrammni, Vengriya, Germaniya, Gollandiyada esa 6-7 ming kilogrammni tashkil qilayotgan bir paytda, bizda keyingi besh yilda bu raqam 1,7 ming kilogramm darajasida saqlanib qolmoqda.

Bu o‘rinda gap faqat o‘ziga xos iqlim sharoitlari bilan emas, balki eng asosiy masala bo‘lmish zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bilan bog‘liq ekanini, o‘ylaymanki, tushunish qiyin emas.

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi zamonaviy agrotexnologiyalarni o‘rganish va amalda joriy etish bilan o‘ta jiddiy shug‘ullanishi, seleksiya ishlarini yanada takomillashtirish va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining mahsuldorligini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqishi zarur.

Chopiq traktorlarining 55 foizdan ortig‘i va yer haydaydigan traktorlarning 46 foizi 15 yildan ortiq vaqt mobaynida ishlatilayotgani, boshqacha aytganda, ular belgilangan foydalanish muddatini allaqachon o‘tab bo‘lgani, quvvati, ish unumi va yoqilg‘i iste’mol qilish bo‘yicha zamonaviy standartlarga javob bermaydigan eski texnikalar ekani tashvish uyg‘otmasdan qolmaydi.

Vazirlar Mahkamasiga Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Moliya va Iqtisodiyot vazirliklari, boshqa manfaatdor vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari hamda korxonalar bilan birgalikda uch oy muddatda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, mahsulotni ishlab chiqarish, uni qayta ishlash sohalarini texnik va texnologik jihatdan yangilash va yer unumdorligini oshirish bo‘yicha maxsus dastur tayyorlash topshiriladi.

Qishloq xo‘jalik texnikalarini yangilash bo‘yicha avvalo chet elning ilg‘or kompaniyalari bilan hamkorlikni mustahkamlash talab qilinadi.

Bu borada biz Germaniyaning «Klaas» kompaniyasi bilan zamonaviy, ish unumi yuqori bo‘lgan traktorlar, g‘alla o‘rish kombaynlari va boshqa qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirishga bundan keyin ham jiddiy e’tibor qaratamiz.

Xorijdagi boshqa mashhur firmalar bilan ham aloqalarni yo‘lga qo‘yish, birinchi navbatda, zamonaviy melioratsiya texnikasini ishlab

chiqarish va ta’mirlashni tashkil qilish masalalarida hamkorlik qilish bo‘yicha bugungi kunda oldimizda katta istiqbollar ochilmoqda.

Hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir muhim ustuvor yo‘nalish

– chet el investitsiyalarini keng jalb qilish, xorijiy investorlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga ulkan e’tibor qaratayotganimizni alohida qayd etmoqchiman.

O‘zbekistonda investorlar uchun, aytish mumkinki, ko‘p jihatdan beqiyos, o‘ta qulay investitsion muhit, imtiyoz va preferensiyalar tizimi yaratilgan, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Iqtisodiyotimizga jalb qilinayotgan xorijiy investitsiyalar hajmi yildan yilga ortib borayotgani ham buning yorqin dalilidir.

Xalqaro moliya institutlari va xorijiy kompaniyalar bilan tuzilgan shartnoma va bitimlar asosida 2011 yilda iqtisodiyotimizning real sektoriga

3 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritish ko‘zda tutilmoqda. Shuni ta’kidlash kerakki, bu mablag‘ning 2 milliard 200 million dollardan ortig‘i yoki 73 foizdan ziyodini to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari tashkil etadi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari hisobidan iqtisodiyotimizning ko‘plab tarmoqlarida 70 tadan ortiq investitsiya loyihasini amalga oshirish mo‘ljallanmoqda.

Bu, avvalambor, gazni qayta ishlaydigan zamonaviy zavod qurishni o‘z tarkibiga olgan Qandim guruhi konlarini, shuningdek, Xauzak va Shodi konlarini o‘zlashtirish, istiqbolli uglevodorod xomashyo konlarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish bo‘yicha yirik loyihalardir.

Ayni vaqtda Navoiy viloyatida ammiak va karbamid ishlab chiqarish kompleksi barpo etish, Qoraqalpog‘iston Respublikasida sement zavodi qurish, Toshkent viloyatida turli mato va tikuvchilik mahsulotlari, tayyor dori preparatlari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha loyihalar ham shular qatoriga kiradi. Bular – to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan barpo etiladigan istiqbolli obyektlarning bir qismi, xolos.

Shu bilan birga, ishonchim komilki, xorijiy sheriklarimiz bilan o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish, mamlakatimizda yanada qulay investitsiya muhitini shakllantirish uchun hali ishga solinmagan imkoniyatlarimiz yetarli. Sodda qilib aytganda, bu borada ishonchli kafolatlarni yaratish, xorijiy investorlarning ishonchini qozonish va mustahkamlash darkor.

Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor tuzilmalarga ikki oy

muddatda xorijiy investorlar faoliyati uchun yaratilgan amaldagi sharoitlarni chuqur va tanqidiy o‘rganib chiqish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirilsin.

Ushbu takliflarni tayyorlashda mavjud normativ bazani, investorlarni jalb etish va xorijiy investitsiyalar ishtirokida tashkil qilingan korxonalarni ro‘yxatga olishning tartib-qoidalarini, eng muhimi, ularni himoya qilish bo‘yicha ishonchli kafolatlarni yanada takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozim.

Ayni paytda biz mamlakatimizdagi o‘z ichki resurslarimizning ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha ham doimiy ish olib borishimiz darkor. Bu borada Tiklanish va taraqqiyot fondining rolini kuchaytirish g‘oyat muhim o‘rin tutadi. Hozirgi vaqtda 6 milliard dollardan ortiq mablag‘ jamlangan ushbu Fond, avvalo, strategik muhim investitsiya loyihalarini xorijiy investorlar bilan birgalikda moliyalashtirishda yetakchi sheriklardan biri sifatida faoliyat olib borishi kerak.

2011 yilda mazkur Fondning mablag‘lari hisobidan qiymati 780 million dollardan ortiq bo‘lgan 24 tadan ziyod loyihani moliyalashtirish ko‘zda tutilayotgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 2,1 barobar ko‘pdir.

Bu loyihalar sirasiga, eng avvalo, Surgil koni bazasida Ustyurt gaz- kimyo majmuasini barpo etish, Qalmoqqir konini kengaytirish va rekonstruksiya qilish, Navoiy issiqlik elektr stansiyasida bug‘-gaz moslamasini qurish, Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasining beshta energiya blokini yil davomida ko‘mir asosida ishlash tizimiga o‘tkazish, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining misni boyitish fabrikasini rekonstruksiya qilish va boshqa loyihalar kiradi.

Fondning xorijiy sheriklarimiz bilan birgalikda investitsiya loyihalarini moliyalashtirish borasidagi samarali hamkorligiga misol sifatida Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasida umumiy qiymati 1 milliard 280 million dollarlik ikkita bug‘-gaz moslamasini qurish loyihasini keltirish mumkin.

Ushbu loyihani amalga oshirishda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot fondidan tashqari Osiyo taraqqiyot banki va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi kabi xorijiy sheriklar investor sifatida ishtirok etmoqda.

Bizning 2011 yilgi va istiqbolga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturimizni amalga oshirishda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini

kompleks va jadal ravishda rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanishi darkor.

Bu muhim ustuvor vazifani izchil amalga oshirish uchun 2015 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan maxsus dastur ishlab chiqilgan bo‘lib, u iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakatimiz hududlarini istiqbolli rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan dastur bilan uzviy bog‘liqdir.

Ta’kidlash joizki, bu dasturni amalga oshirish maqsadida 85 ta investitsiya loyihasini joriy etish va bu ishlarga barcha manbalar hisobidan qariyb 7 milliard dollar yo‘naltirish mo‘ljallanmoqda. 2011 yilda bu mablag‘ning 1 milliard 200 million dollardan ortig‘ini o‘zlashtirish lozim.

Bu borada O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish, mamlakatimizning barcha hududlarini o‘zaro ishonchli bog‘laydigan yagona milliy avtomobil transport tizimini tashkil etish loyihalarini jadal amalga oshirishni ta’minlashga birinchi darajali ahamiyat qaratilishi lozim.

2011 yilda ushbu maqsadlar uchun 2010 yilga qaraganda 1,4 barobar ko‘p, ya’ni 547 million dollardan ortiq kapital qo‘yilmalarni yo‘naltirish, xalqaro talab va standartlarga javob beradigan 302 kilometrlik avtomobil yo‘llarini foydalanishga topshirish ko‘zda tutilmoqda.

Sizlarning e’tiboringizni yana bir dolzarb masalaga, ya’ni Toshkent – Andijon avtomobil yo‘lining «Qamchiq» dovoni orqali o‘tadigan tog‘li uchastkasini rekonstruksiya qilish, bu yerda 4 polosali, sement-beton qoplamali yo‘l qurilishi bo‘yicha ishlarni jadallashtirish zarurligiga qaratmoqchiman.

Biz Farg‘ona vodiysi mintaqalarini mamlakatimizning boshqa mintaqalari bilan yil davomida ishonchli va kafolatli bog‘lab turadigan transport aloqasini ta’minlashimiz zarur.

2011 yilda transport va kommunikatsiya qurilishiga Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Kuvayt arab iqtisodiy hamkorlik jamg‘armasi va OPEK jamg‘armasi tomonidan 152 million dollardan ortiq mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Joriy yilda temiryo‘lchilarimiz oldida ham ulkan vazifalar turibdi. Xususan, Jizzax – Yangiyer yo‘nalishi bo‘yicha elektrlashtirilgan ikki yo‘lli temiryo‘l tarmog‘i va Yangiyer – Farhod yo‘nalishi bo‘yicha elektrlashtirilgan bir yo‘lli temiryo‘l tarmog‘i qurilishini nihoyasiga yetkazish, Maroqand – Qarshi va Qarshi – Termiz yo‘nalishi bo‘yicha

strategik ahamiyatga ega bo‘lgan temiryo‘l tarmoqlarini elektrlashtirish loyihalarini amalga oshirishga kirishish zarur.

Bu, o‘z navbatida, sarf- xarajatlarni 20 foizga kamaytirish va yo‘lovchi hamda yuklarni manzilga yetkazish tezligini 1,3 barobar oshirish imkonini beradi.

Shu bilan birga, yo‘lovchi tashish lokomotivlari parkini yangilash, yuk tashish lokomotivlari hamda vagonlarini modernizatsiya qilish va qayta tiklash, temir yo‘llarni modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish lozim. Shular qatorida Ispaniyaning «Talgo» kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent – Samarqand temiryo‘l uchastkasida O‘rta Osiyoda birinchi bor bunyod etiladigan tezyurar temiryo‘l magistralini qurish va foydalanishga topshirish ishlarining belgilangan muddatlarda yakunlanishini ta’minlash darkor.

O‘zbekiston hududida yuklarning ichki va xalqaro tranzitini ishonchli ravishda ta’minlaydigan transport va logistika tizimlarini takomillashtirishga qaratilgan izchil ishlarni 2011 yilda davom ettirishimiz lozim.

2010 yilda tashkil etilgan “Angren” logistika markazini yanada rivojlantirishni ko‘zda tutish, joriy yilda “Qamchiq” dovoni orqali kamida

5 million tonna yuk tashishni ta’minlash zarur. Buning uchun Hukumat ushbu markazning konteyner bilan keladigan yuklarni qabul qilib olish, saqlash va jo‘natish quvvatini oshirish, uni Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilayotgan “MAN” avtotyagachlari bilan ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishi kerak.

Shuningdek, hozirgi vaqtda xalqaro transport logistikasining global tarmog‘ida barqaror o‘rin egallagan “Navoiy” aeroporti bazasidagi Xalqaro logistika markazini yanada rivojlantirishni ta’minlash darkor. Joriy yilda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi mazkur aeroport operatori bo‘lmish “Korean Eyr” kompaniyasi bilan hamkorlikda havo qatnovlari geografiyasini yanada kengaytirish, aeroport infratuzilmasini takomillashtirish va hajmi tobora ortib borayotgan yuklarni tashish uchun samolyotlar sonini ko‘paytirish ishlarini davom ettirishi zarur.

Ma’lumki, biz zamonaviy kompyuter va telekommunikatsiya tizimlari hamda texnologiyalarini yanada rivojlantirishga g‘oyat muhim e’tibor qaratmoqdamiz.

2011 yilda zamonaviy keng formatli va optik texnologiyalarni joriy etish asosida telekommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish va

modernizatsiya qilish, 950 kilometrdan ortiq optik tolali aloqa tarmog‘ini foydalanishga topshirish, viloyatlar markazlariga ma’lumotlar uzatishning transport tarmog‘ini kengaytirishni ta’minlash vazifasi qo‘yilmoqda.

Ko‘zda tutilgan ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish hisobidan internetning xalqaro tarmoqlariga chiqish imkoniyatlari tezligini 4 barobar oshirish, turg‘un statsionar aloqa orqali internetdan foydalanuvchilar sonini

3 milliondan 3,5 million nafarga ko‘paytirish, keng formatli telekommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanuvchilar sonini esa ikki barobar oshirib, 100 mingtaga yetkazish lozim.

O‘quv jarayoniga keng formatli kommunikatsiya tarmoqlari va internet texnologiyalarini joriy qilish maqsadida O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligiga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda “Elektron ta’lim” milliy tarmog‘ini barpo etishni nihoyasiga yetkazish hamda 2011 yilda mamlakatimizning barcha oliy o‘quv yurtlarini, keyinchalik esa akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini yagona kompyuter axborot tarmog‘iga ulashni ta’minlash vazifasi yuklatiladi.

2015 yilgacha mamlakatimizning barcha hududlarida raqamli televideniyega o‘tishni ta’minlash bo‘yicha kompleks dasturning amalga oshirilishi biz uchun alohida ahamiyatga egadir.

Ushbu loyiha doirasida O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligiga 2011 yilda Nukus, Urganch, Andijon va Qarshi shaharlari telemarkazlarida zamonaviy raqamli uzatish uskunalarini o‘rnatish, aholini raqamli formatdagi teledasturlar translatsiyasi bilan qamrab olishni 23 foizdan 37 foizga oshirish, shuningdek, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida raqamli televideniye uchun maxsus moslamalar ishlab chiqarish quvvatini 50 ming donaga yetkazish vazifasi topshiriladi.

2011 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining mediamarkazini Yaponiya va Germaniyaning yetakchi kompaniyalarida ishlab chiqarilgan eng zamonaviy multimedia texnikasi bilan jihozlab, foydalanishga topshirishni ta’minlash zarur.

Ijtimoiy rivojlanish, birinchi navbatda, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularni jihozlash masalalari, hech shubhasiz, joriy yilda ham diqqatimiz markazida bo‘ladi.

2011 yilda Davlat budjeti barcha xarajatlarining 60 foizi ijtimoiy maqsadlar uchun yo‘naltiriladi. Bu o‘tgan yilga qaraganda sezilarli darajada ko‘pdir. Jumladan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasi uchun ana

shu xarajatlarning 48 foizi yoki 2010 yilga nisbatan 1 trillion 800 milliard so‘m ko‘p mablag‘ sarflanadi.

Umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilari, shifokorlar va tibbiyot xodimlarining mehnatini rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish borasidagi ishlar davom ettiriladi.

2011 yilda ushbu toifalardagi xodimlarning ish haqi o‘rtacha kamida 25 foizga oshiriladi. Ta’lim va sog‘liqni saqlash xodimlarining ish haqini oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalash uchun budjetdan 420 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi.

Moliya vazirligi huzurida tashkil etilgan Ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasining

367 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘i hisobidan joriy yilda 336 ta ta’lim muassasasini, 65 ta bolalar musiqa va san’at maktabini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, qariyb 1500 ta kompyuter sinfini tashkil qilishni ta’minlash, shuningdek, 118 ta sport zalini qurish va jihozlash ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, Koreya Eksimbankining 30 million dollar miqdoridagi krediti hisobidan umumta’lim maktablarida yana qo‘shimcha ravishda 1,5 mingta kompyuter sinfi jihozlanadi.

Hozirgi kunda 2011-2015 yillarda Oliy o‘quv yurtlarini rivojlantirish dasturi tayyorlanmoqda va ushbu hujjat yaqin vaqt ichida qabul qilinadi. Dasturdan ko‘zlangan asosiy maqsad – oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, ularni zamonaviy o‘quv, laboratoriya va ilmiy uskunalar bilan jihozlash, pirovardida o‘quv dasturlarini takomillashtirish, tobora kuchayib borayotgan zamon talablariga javob beradigan kadrlarni tayyorlashda sifat jihatidan yangicha yondashuvlarni hayotga tatbiq etishdan iboratdir.

2011 yilda Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi, Respublika jarrohlik markazi huzuridagi kardioxirurgiya bo‘limi, Gematologiya va qon quyish institutining yangi bo‘limi kabi yirik sog‘liqni saqlash obyektlarini foydalanishga topshirish va eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash ishlari davom ettiriladi. Nukus, Andijon, Guliston va Termiz shaharlarida ko‘p tarmoqli viloyat bolalar markazlari, Qarshi, Namangan va Termiz shaharlarida ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarini, jami 6 ming

400 o‘ringa mo‘ljallangan 51 ta statsionar muassasa, bir kunda 6 ming kishini qabul qila oladigan 23 ta poliklinikani qurish va rekonstruksiya qilishni yakuniga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda budjet mablag‘laridan samarali foydalanish, ularni o‘z vaqtida o‘zlashtirish, qurilish va ta’mirlash ishlarining sifati ustidan qat’iy nazoratni ta’minlashi zarur.

Hukumat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi 2011 yilda uy- joy qurish ko‘lamini kengaytirish va qishloqlarni obodonlashtirish dasturini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratishi lozim. Bu borada 357 ta massivda kamida 7 ming 400 ta uy-joy, shuningdek, ijtimoiy va kommunal xo‘jalik obyektlarini qurish mo‘ljallanmoqda. Ushbu maqsadlar uchun 500 milliard so‘mdan ortiq mablag‘, jumladan, Davlat budjetidan

140 milliard so‘m ajratish va Osiyo taraqqiyot bankining 100 million dollardan kam bo‘lmagan imtiyozli kredit liniyalarini jalb qilish darkor.

Qadrli yurtdoshlar!

Mamlakatimizda 2011 yilning Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili, deb e’lon qilinishi barchamizning zimmamizga qanday ulkan mas’uliyat yuklashi, bu borada tayyorlanayotgan umumdavlat Dasturini hayotga tatbiq etish bizdan qancha kuch va mablag‘larni safarbar etishni talab qilishi haqida bugun gapirib o‘tirishning, o‘ylaymanki, zarurati bo‘lmasa kerak.

Biz hammamiz, mana shu zalda o‘tirganlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotning tez o‘zgarib turadigan bozor talablariga javob berishini ta’minlaydigan zamonaviy tuzilmalarini shakllantirishda, yangi ish o‘rinlarini tashkil qilishda va aholi daromadlarini oshirishda qanchalik o‘ta muhim rol o‘ynashini albatta chuqur anglaymiz.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasining mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilashning ishonchli tayanchi bo‘lgan mulkdorlar sinfini, ya’ni o‘rta sinfni shakllantirishdagi ulkan ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi.

Iqtisodiyotning ushbu sohasi yurtimizda qanday katta sur’atlar bilan rivojlanib borayotganini yuqorida qayd etib o‘tdik. Bu o‘rinda 2011 yilda mazkur sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 54 foizga yetkazish ko‘zda tutilayotganini aytishning o‘zi kifoya, deb o‘ylayman.

Shu bilan birga, erishgan muvaffaqiyatlarimizni dunyodagi taraqqiy topgan mamlakatlar tajribasi bilan taqqoslagan holda tanqidiy baholar ekanmiz, shuni tan olishimiz kerakki, O‘zbekistonda hali bu yo‘nalishda

qilinishi lozim bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Bu haqda gapirganda, quyidagilarni alohida ta’kidlashni istardim:

Birinchidan, mamlakatimizning barcha mintaqalarida biznesni rivojlantirish uchun yanada qulay ishchan muhit yaratish, tadbirkorlik, kichik va xususiy biznesga yanada keng erkinlik berish, byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim.

Shu munosabat bilan tadbirkorlik faoliyati muhitining qanday holatda ekani, buning uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish va bu faoliyatning amaldagi rivojlanish sur’atlari barcha darajadagi hokimlar faoliyatini baholashning asosiy mezoniga aylanishi darkor.

Bosh prokuraturaga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga har qanday noqonuniy aralashuvni iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha davlat siyosatiga qarshi qaratilgan harakat sifatida ko‘rib chiqish va huquqbuzarlarga nisbatan qonunchilikka muvofiq javobgarlik normalarini qo‘llash vazifasi topshiriladi.

Ikkinchidan, Vazirlar Mahkamasiga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tartibga soladigan qonun hujjatlarini tanqidiy tahlil qilish vazifasi topshiriladi.

Eskirgan, sun’iy ravishda o‘ylab chiqarilgan va ko‘pincha hech kimga keragi bo‘lmagan cheklov va taqiqlarni bartaraf etish, davlat va nazorat organlarining kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashuvini yanada keskin kamaytirish darkor.

Uchinchidan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning kreditlar, xomashyo resurslari, shuningdek, davlat xaridlari tizimidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish zarur.

2011 yilda Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligiga maxsus kvotalar ajratish orqali kichik biznesning davlat xaridlari tizimidan foydalanishini kengaytirish borasida alohida mexanizmni ishlab chiqish va amalda qo‘llash, kichik biznes korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni xarid qilish, ko‘rsatilayotgan ish va xizmatlarga doir davlat buyurtmalarini joylashtirish bo‘yicha ochiq elektron tizimni bosqichma- bosqich joriy etish vazifasi topshiriladi.

Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga kreditlar ajratish, birinchi navbatda, investitsiya maqsadlari uchun uzoq muddatli kreditlar ajratish

mexanizmlarini yanada takomillashtirish va ularning hajmini oshirish, boshlang‘ich kapitalni shakllantirish, mikrokreditlar berish ko‘lamini kengaytirish borasidagi ishlarni davom ettirishi lozim. 2011 yilda tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotning ushbu sektoriga ajratiladigan kreditlar hajmini kamida 1,3 barobar ko‘paytirish darkor.

O‘zbekiston banklar assotsiatsiyasi tijorat banklari bilan hamkorlikda Investitsiya loyihalari bo‘yicha loyiha hujjatlari tayyorlashni moliyalashtirish jamg‘armasini tashkil qilishi zarur. Bu esa kichik biznes subyektlarining biznes rejalarini tayyorlash sarf-xarajatlarini kamaytirish, ularning sifatini oshirish va kreditlar berish muddatlarini qisqartirish imkonini yaratadi.

To‘rtinchidan, biz kichik biznesning eksport salohiyatini rivojlantirish uchun zarur tashkiliy, huquqiy, moliyaviy mexanizm va sharoitlarni tug‘dirib berishimiz kerak.

Kichik korxonalar uchun tashqi savdo operatsiyalarini rasmiylashtirishdagi ortiqcha ichki protseduralarni bartaraf etish, kichik biznes sohasi mahsulotlarini eksport qilish borasida qo‘shimcha preferensiyalar berish zarur.

Shuni tan olish kerakki, har qanday kichik korxona ham o‘z mahsulotlari bilan tashqi bozorga mustaqil ravishda chiqa olmaydi. Chunki buning uchun katta sarf-xarajatlar kerak bo‘ladi, xorijiy mamlakatlar bozorining holati va qonunchiligining o‘ziga xos xususiyatlari haqida yetarlicha axborot va bilimlarga ega bo‘lish talab etiladi.

Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi “O‘zstandart” agentligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda uch oy muddatda kichik biznes korxonalariga tashqi bozorlarda o‘z mahsulotlarini sotishga ko‘maklashadigan, marketing o‘tkazish, sertifikat va ruxsatnomalar olishni ta’minlaydigan mexanizmni yaratish uchun barcha zarur ishlarni amalga oshirishi darkor.

Aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish muammosini hal etish 2011 yil va yaqin istiqbolda mamlakatimizni muvaffaqiyatli va barqaror rivojlantirishning alohida ustuvor yo‘nalishi va hech mubolag‘asiz eng muhim shartidir.

2011 yilga mo‘ljallab qabul qilingan va mamlakatimiz Parlamenti tomonidan ma’qullangan Respublika dasturida 950 mingdan ortiq yangi ish o‘rnini asosan qishloq joylarda yaratish ko‘zda tutilgan.

Bu ish joylarining 600 mingdan ziyodini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida ochish mo‘ljallanmoqda. 73 mingdan ortiq ish o‘rni transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish natijasida tashkil etiladi. Kasanachilikni, avvalo, mehnat shartnomalari bo‘yicha korxonalar bilan kooperatsiya asosidagi kasanachilikni, shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bandlikni ta’minlashning muhim yo‘nalishi bo‘lib qoladi va bu qariyb 220 ming kishini ish bilan ta’minlash imkonini beradi.

Hukumatimizdan, joylardagi davlat hokimiyati organlari va korxonalar rahbarlaridan belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarni so‘zsiz bajarish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashtirilgan ishlarni doimiy ravishda amalga oshirishni ta’minlash talab etiladi.

2011 yilda kasb-hunar kollejlarini tamomlaydigan 450 mingdan ortiq o‘quvchini ishga joylashtirish masalasi e’tiborimiz markazida bo‘lishi darkor. Shu fursatdan foydalanib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbariyati, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimlari e’tiborini ushbu mas’uliyatli vazifa bo‘yicha ularning shaxsan javobgar ekaniga yana bir bor qaratishni istardim.

Bu borada ko‘rilayotgan barcha chora-tadbirlarga qaramasdan, quyidagi masalalar kasb-hunar kollejlari faoliyatida eng zaif bo‘g‘in bo‘lib qolmoqda:

1) 9-sinf bitiruvchilari kasb-hunar ta’limi bilan to‘laqonli qamrab olinishini nazarda tutgan holda, ularni o‘qishga qabul qilishni tegishli ravishda tartibga solish.

2) O‘qituvchilar tarkibini tayyorlash sifati va ularning malakasini oshirish masalasiga alohida ahamiyat qaratish.

3) Kasb-hunar kollejlarini tamomlab chiqayotgan bitiruvchilarni ishga joylashtirish. Bu masala ko‘p jihatdan ularni tayyorlash sifati va mehnat bozorini qanchalik chuqur o‘rganishimizga bog‘liq ekanini unutmaslik zarur.

Yuqorida zikr etilgan masalalardan tegishli xulosalar chiqarish kerak. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi viloyatlar, tuman

va shaharlar hokimliklari bilan birgalikda har bir tuman va shahar bo‘yicha kollejlarning bitiruvchilarini o‘z mutaxassisligiga muvofiq ish bilan ta’minlash yuzasidan aniq maqsadli rejalarni tayyorlashi va ularni amalga oshirish masalasiga yanada mas’uliyat bilan yondashishi darkor.

Shu munosabat bilan muayyan korxona va ish beruvchilarni turdosh kollejlarga biriktirish tajribasini, doimiy amal qiladigan “korxona – kollej” hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish borasidagi ishlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash lozim.

Shu bugundan e’tiboran bo‘lajak har bir bitiruvchining ish joyini oldindan belgilashga kirishish, kollej o‘quvchilarining amaliyotni bo‘lg‘usi ish joyida o‘tashini tashkil etish, boshqacha aytganda, ularning aniq bir ish joyiga biriktirib qo‘yilishini ta’minlash zarur.

Aziz vatandoshlar!

Biz bugun o‘tgan davrda amalga oshirgan ishlarimizni sarhisob qildik va 2011 yilda mamlakatimizni iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldik.

Shu asosda iqtisodiyotimizni rivojlantirish va isloh qilishni chuqurlashtirishda yaqin kelgusida butun e’tiborimiz, resurs va imkoniyatlarimizni qaratishimiz lozim bo‘lgan hal qiluvchi strategik muhim yo‘nalishlarni aniqlab oldik.

2011 yilga mo‘ljallangan dasturiy vazifalarni amalga oshirish, birinchi navbatda, har birimiz o‘z ishimizni qanday tashkil etishimiz, oldimizga qo‘ygan ulkan maqsadlarga erishish uchun kuch va imkoniyatlarimizni, bilim va tajribamizni qanchalik samarali safarbar eta olishimizga bog‘liq ekani haqida bugun ortiqcha gapirishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman.

2011 yilda barchangizga chin dildan yangi yutuq va muvaffaqiyatlar, baxt va omadlar tilashga ruxsat bergaysiz.

Yüklə 0,6 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   ...   62




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin