8.4. Banklarda ochilgan maxsus hisobvaraqlarda bajariladigan pul muomalalarining hisobi
Korxonalarning maxsus hisobvaraqlaridagi pul muomalalarining hisobi 5500-«Banklardagi maxsus hisobvaraqlar» hisobvarag’ida yuritiladi. Mazkur hisobvaraq mamlatimiz hududida va undan tashqarida akkreditivlar, chek daftarchalari, boshqa to’lov hujjatlari ko’rinishida (veksellardan tashqari), joriy, alohida va boshqa maxsus hisobvaraqlarda turgan milliy hamda xorijiy valyutadagi pul mablag’lari va ularning harakati to’g’risidagi, shuningdek aniq maqsadlar uchun moliyalash mablag’lari (tushumlari)ning alohida saqlanadigan qismi harakati haqidagi ma’lumotlarni umumlashtirishga mo’ljallangan.
Banklardagi maxsus hisobvaraqlarni hisobga olish uchun quyidagi hisobvaraqlar ochilishi mumkin:
5510 - «Akkreditivlar»
5520 - «Chek daftarchalari»
5530 - «Boshqa maxsus schyotlar».
5510-«Akkreditivlar» hisobvarag’ida akkreditivlarda turgan mablag’lar harakati hisobga olinadi. Akkreditiv shaklida hisob-kitob qilish tartibi Markaziy bank qoidalarida belgilab qo’yilgan.
Akkreditiv bankning shartli pul majburiyatnomasi bo’lib, bank bu hujjatni mijozning topshirig’iga ko’ra shartnoma bo’yicha uning kontragentiga beradi. Bu shartnomaga ko’ra akkreditiv ochgan bank (emitent bank) mahsulot etkazib beruvchiga pul to’lashi yoxud shunday to’lovlar o’tkazish uchun boshqa bankka vakolat berishi mumkin. Bunda mijoz akkreditivda ko’zda tutilgan hujjatlarni taqdim etishi va akkreditivning boshqa talablarini bajarishi shart qilib qo’yiladi.
Akkreditivlarning quyidagi turlari ochilishi mumkin:
qoplangan (deponentlangan) yoki qoplanmagan (kafolatlangan);
qaytarib olinadigan yoki qaytarib olinmaydigan.
Agar akkreditiv ochilayotgan vaqtda emitent bank to’lovchining o’z mablag’larini yoki unga berilgan kreditni emitent bank majburiyatlari amal qiladigan butun muddatga «Akkreditivlar» degan alohida balans hisobvarag’iga qo’yish uchun mahsulot etkazib beruvchi banki (ijrochi bank) ixtiyoriga o’tkazsa, bu qoplangan (deponentlangan) akkreditiv hisoblanadi.
Banklar orasida korrespondentlik munosabatlari o’rnatilgan hollarda qoplanmagan (kafolatlangan) akkreditiv ijrochi bankda unga emitent bankning ijrochi bankdagi hisobvarag’idan butun akkreditiv summasini chiqarib olish huquqini berish yo’li bilan ochilishi mumkin.
Har bir akkreditivda u qaytarib olinadigan yoki qaytarib olinmaydigan shakldaligi aniq ko’rsatilishi kerak. Agar shunday ko’rsatma bo’lmasa, akkreditiv qaytarib olinadigan deb hisoblanadi.
Qaytarib olinmaydigan akkreditiv uning asosida pul oladigan mahsulot etkazib beruvchining roziligisiz o’zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin emas.
Akkreditiv faqat bitta mahsulot etkazib beruvchi bilan hisob-kitob qilish uchun ochilishi mumkin.
Akkreditiv amal qiladigan muddat va hisob-kitob qilish tartibi to’lovchi bilan mahsulot etkazib beruvchi o’rtasidagi shartnomada belgilab qo’yiladi. Shartnomada quyidagi ma’lumotlar ko’rsatilishi zarur:
akkreditiv ochilgani to’g’risida mahsulot etkazib beruvchiga xabar qilish usuli;
akkreditiv bo’yicha pul olish uchun mahsulot etkazib beruvchi taqdim etadigan hujjatlarning to’liq ro’yxati va aniq tavsifi;
tovar jo’natilgandan keyin hujjatlarni taqdim etish muddati hamda ularni rasmiylashtirishga doir talablar;
boshqa zarur hujjatlar va shartlar.
Emitent kafolatlangan akkreditivlarni xaridor bilan kelishuvga ko’ra va boshqa bank bilan o’rnatilgan korrespondentlik munosabatlari shartlariga muvofiq ochadi. Mahsulot etkazib beruvchining banki bunday akkreditivlarni belgilangan tartibda ijro etadi.
Akkreditiv ochmoqchi bo’lgan to’lovchi o’ziga xizmat ko’rsatuvchi bankka (emitent bankka) akkreditiv uchun elektron ariza beradi. Bu arizada to’lovchi quyidagilarni ko’rsatishi shart:
akkreditiv ochish uchun asos bo’lgan shartnoma raqami;
akkreditiv amal qiladigan muddat (akkreditiv yopiladigan kun va oy);
akkreditiv bo’yicha to’lovlar o’tkazilishiga asos bo’ladigan hujjatlarning to’liq va aniq nomi, ularni taqdim etish muddati va rasmiylashtirish tartibi (to’liq batafsil ro’yxat arizaga ilova qilinishi mumkin);
akkreditiv turi va unga doir zarur ma’lumotlar;
akkreditiv qanday tovarlar yuklab jo’natish (xizmatlar ko’rsatish) uchun ochilayotgani, tovarlar yuklab jo’natish (xizmatlar ko’rsatish) muddati;
akkreditiv summasi;
akkreditivni amalga oshirish usuli.
Elektron to’lov hujjatini to’g’ri rasmiylashtirish uchun to’lovchilar mahsulot etkazib beruvchidan akkreditiv bo’yicha uning nomiga ochilgan hisobvaraq raqamini aniqlab olishlari kerak.
Akkreditiv ochish to’g’risidagi ariza akkreditiv shartlarini bajarish uchun to’lovchi bankiga zarur miqdordagi nusxalarda taqdim etiladi.
Bank muassasasiga kelib tushgan akkreditivlar hisobini yuritish uchun to’lovchi bankida «puli to’lanadigan akkreditivlar» degan balansdan tashqari hisobvaraq ochiladi.
Ijroga qabul qilingan akkreditiv maxsus shakldagi daftarda ro’yxatga olinadi. Unda sana, tartib raqami, mahsulot etkazib beruvchining nomi, akkreditiv muddati va summa ko’rsatiladi. Akkreditivga o’tkazish daftarda ro’yxatga olingan tartib raqami beriladi.
Korxonalarda pul mablag’lari akkreditivga kiritilishi 5510-«Akkreditivlar» hisobvarag’i debetida hamda 5110-«Hisob-kitob schyoti», 5210-«Valyuta schyoti», 6810-«Qisqa muddatli kreditlar» hisobvaraqlari va shunga o’xshash boshqa hisobvaraqlarning kredit qismida aks ettiriladi.
5510-«Akkreditivlar» hisobvarag’i bo’yicha hisobga olingan akkreditivdagi mablag’lar ulardan foydalanilishiga qarab (bank bergan ko’chirmalarga muvofiq), odatda, 6010«Mahsulot etkazib beruvchilar va pudratchilarga to’lanadigan schyotlar» hisobvarag’i debetiga o’tkazib boriladi. Akkreditivlardagi foydalanilmagan mablag’larni bank ular olingan hisobvaraqda tiklagandan keyin bu summalar 5510-«Akkreditivlar» hisobvarag’i kreditida
5110-«Hisob-kitob schyoti» yoki 5210-«Valyuta schyoti» hisobvaraqlari bilan korrespondentsiyada aks ettiriladi.
5510-«Akkreditivlar» hisobvarag’iga doir tahliliy hisob korxona ochgan har bir akkreditiv bo’yicha yuritiladi.
5520-«Chek daftarchalari» hisobvarag’ida chek daftarchalarida turgan mablag’lar harakati hisobga olinadi.
Cheklar bilan hisob-kitob qilish tartibi Markaziy bank chiqargan qoidalarda belgilab qo’yilgan.
Hisob-kitob cheki - hisobvaraq egasi (chek beruvchi) ning hisobvarag’idan muayyan summani oluvchi (chek ushlovchi)ning hisobvarag’iga o’tkazish to’g’risida bankning maxsus blankida tuzilib, bankka yozma ravishda bergan topshiriqdir.
Hisob-kitob cheklari, nafaqat xo’jalik yurituvchi sub’ektlar, shuningdek xo’jalik yurituvchi sub’ektlar bilan jismoniy shaxslar o’rtasida naqd pulsiz hisob-kitob qilishda qo’llaniladi.
Hisob-kitob cheklari quyidagi turlarga bo’linadi:
egasining nomi yozilgan (hisob-kitob) cheklari – bir martalik;
limitlangan daftarchalar cheklari.
Chek blanklari Markaziy bank bilan kelishib belgilangan andozada, tijorat banklarining buyurtmalari bo’yicha tayyorlanadi. Chek daftarchalarining blanklari qat’iy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi.
Limitlangan chek daftarchalaridan berilgan cheklar ularni xizmat ko’rsatuvchi bankka taqdim etish uchun 10 kun mobaynida amal qiladi. Bunda ular yozib berilgan kun hisobiga kirmaydi.
Cheklar to’lov summasi belgilangan vaqtda yozib boriladi. Chek daftarchalarining egalari ularni mahsulot etkazib beruvchilar (chek bo’yicha pul oluvchilar) ga berishi, shuningdek to’ldirilmagan chek blanklariga imzo chekib qo’yishi taqiqlanadi.
Daftarchadan cheklar berilayotganda mablag’larning deponentga qo’yilishi 5520-«Chek daftarchalari» hisobvarag’i debetida hamda 5110-«Hisob-kitob schyoti», 5210-«Valyuta schyoti», 6810-«Qisqa muddatli kreditlar» hisobvaraqlari va shunga o’xshash boshqa hisobvaraqlarning kredit qismida aks ettiriladi. Bankdan olingan chek daftarchalari bo’yicha summalar korxona bergan cheklar puli to’lanishiga qarab, ya’ni bank o’ziga taqdim etilgan cheklar pulini to’lagan (bank bergan ko’chirmalarga muvofiq) summalarda 5520-«Chek daftarchalari» hisobvarag’i kreditidan hisob-kitoblar hisobi yuritiladigan hisobvaraqlar debetiga o’tkazib turiladi. Berilgan, lekin bank pulini to’lamagan cheklar bo’yicha summalar 5520-«Chek daftarchalari» hisobvarag’ida qoladi, 5520-«Chek daftarchalari» hisobvarag’i bo’yicha saldo bank bergan ko’chirmadagi saldoga mos kelishi lozim. Bankka qaytarilgan (foydalanilmagan) cheklar bo’yicha summalar 5520-«Chek daftarchalari» hisobvarag’ining kredit qismida 5110-«Hisob-kitob schyoti» yoki 5210-«Valyuta schyoti» hisobvaraqlari bilan korrespondentsiyada aks ettiriladi.
5520-«Chek daftarchalari» hisobvarag’i yuzasidan tahliliy hisob olingan har bir chek daftarchasi bo’yicha yuritiladi.
Korxonalarning alohida balans bilan ajratilgan va joriy xarajatlar qilish uchun mahalliy bank muassasalarida joriy hisobvaraqlar ochilgan filiallari, unga kiruvchi tarkibiy bo’linmalar yuqorida aytilgan mablag’lar harakatini 5500-«Banklardagi maxsus hisobvaraqlar» hisobvarag’ining alohida analitik hisobvarag’ida aks ettiradilar.
Xorijiy valyutada pul mablag’lari mavjudligi hamda harakati hisobi 5500-«Banklardagi maxsus hisobvaraqlar» hisobvarag’ida alohida yuritiladi. Mazkur hisobvaraqda tahliliy hisob yuritilishi mamlakat hududida va xorijda akkreditivlar, chek daftarchalari va shu kabilardagi pul mablag’lari mavjudligi hamda harakati to’g’risida ma’lumot olish imkoniyatini ta’minlashi lozim.