Moliyaviy natijalar to’g’risida konsolidatsiyalashgan hisobot yagona xo’jalik tashkiloti uchun bosh va sho’’ba korxonalar moliyaviy natijalari birlashtirish yo’li bilan to’ldiriladi, bunda firmaning ichki bitimlari hisobning qaytarilmasligi uchun tuzatiladi. Konsolidatsiyalashgan hisobotga firma ichidagi quyidagi muomalalar ta’sir qiladi:
bosh va sho’’ba korxonalar o’rtasida sodir bo’ladigan tovarlar va xizmatlar savdosotig’i;
bu kompaniyalar o’rtasidagi qarzlar, debitorlik qarzlari, obligatsiya qarzlari bo’yicha majburiyatlarga tegishli foyda va zararlar;
firmaning ichki bitimlari bo’yicha foyda va zararlar.
Faraz qilaylik, bosh korxona va unga 100% bog’liq sho’’ba korxona o’rtasida quyidagi bitimlar sodir bo’ldi: bosh korxona sho’’ba korxonaga 240000 AQSh dollari qiymatida tovar sotdi; sho’’ba korxona, o’z navbatida, hamma tovarlarini boshqa tomonga sotmoqda. Bundan tashqari, sho’’ba korxona firmaning ichki krediti bo’yicha bosh korxonaga foizlar bo’yicha 4000 AQSh dollari to’ladi.
Tuzatish yozuvlarining maqsadi ushbu ikki kompaniyani yagona bir tashkilot sifatida ko’rsatishdir. Shuning uchun «Sotish» moddasiga faqat tashqaridagi kompaniyalar bilan sodir etilgan bitimlar kiritilishi muhimdir va sotilgan tovarlar tannarxiga esa – faqat boshqa tomondan sotib olingan xom-ashyo, materiallar va yarim tayyor mahsulotlarga ketgan xarajatlar kiradi. Shunday qilib, firma ichidagi muomalalardan olingan 240000 AQSh dollari summani «Sotish» moddasi bo’yicha debetlab, «Sotilgan tovarlar tannarxi» moddasi bo’yicha kreditlab tuzatiladi. Buning natijasida Moliyaviy natijalar to’g’risidagi yig’ma hisobot ustuniga faqat boshqa kompaniyalar bilan amalga oshirilgan 1020000 AQSh dollari qiymatiga ega bo’lgan sotish hajmi va sotilgan mahsulotlar tannarxiga 480000 AQSh dollari ko’rsatiladi. Firma ichidagi berilgan kredit bo’yicha to’lovlar «Boshqa daromadlar» moddasini debetlash va «Boshqa xarajatlar» moddasini kreditlash orqali tuzatiladi.